2022-yilning iyul oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya darajasi 12,3 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi esa 16,3 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi

Qayd etilishicha, iste’mol tovarlari narxlarining o‘zgarishi aholining turli daromadli guruhlarida sezilishi turlicha qiymatga ega bo‘ldi. 

Xususan, iyul oyida barcha daromad guruhlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi ro‘y berdi. 

Bu yoz mavsumida asosiy turdagi meva va sabzavotlarning mavsumiy arzonlashishi bilan izohlanadi. 

Daromadlar kesimida yillik inflyatsiya dinamikasi

Foto: Markaziy bank

Oylik daromadi 2 million so‘mgacha bo‘lgan aholi iyul oyida oziq-ovqat mahsulotlari 17,7 foizga qimmatlashganini sezgan. Ular uchun nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 9,6 foizga oshgan.  

Oyiga 5 million so‘mdan ko‘p daromad qiladigan aholi esa aksincha, oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishini 9,7 foizga, nooziq-ovqat mashulotlari narxining yuqorilashini esa 15,8 foizga sezgan. 

Daromadlari ko‘payib borgan aholining xarajatlarida oziq-ovqat narxlari nisbatan pasayib, aksincha, nooziq-ovqat tovarlari bo‘yicha narxlari oshib borganligi kuzatildi. 

Shuningdek, barcha daromad guruhlarida xizmatlar narxi o‘suvchi dinamikaga ega bo‘ldi. 

Joriy yil iyul oyiga kelib, ijtimoiy tovarlar narxlari o‘sishi (yillik hisobda) 18 foizga teng bo‘lib, umumiy inflyatsiya bilan oradagi farq 5,7 foizni tashkil etdi.

Ijtimoiy tovarlar narxlarining oshishi parranda go‘shti, piyoz, guruch, kungaboqar yog‘i, shakar va bug‘doy uni narxlarining yillik hisobda qimmatlashishi bilan izohlanadi.

Sabzi va olma narxlarining mavsumiy arzonlagani, shuningdek, mol va qo‘y go‘shti narxlari o‘sishining sekinlashgani ijtimoiy tovarlar narxiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi.