Markaziy bank iyul oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Unga ko‘ra, sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichida pasayuvchi dinamika kuzatildi va 16,8 foizni tashkil etdi. 

Shu bilan birga, umumiy javob beruvchilar tarkibida sezilgan inflyatsiyani 9-12 foiz atrofida his qilgan aholi soni ko‘proqni tashkil qildi. 

Aholining katta qismi iyul oyida shakar, qandolat, non va un mahsulotlari hamda yoqilg‘i narxlarining nisbatan ko‘proq oshgani sezgan. 

Bundan tashqari dukkakli mahsulotlar, maishiy xizmatlar hamda aloqa va internet narxining yuqorilashi biroz sekinroq sezilgan. 

Faoliyat sohalari bo‘yicha maishiy xizmat va savdo sohasida faoliyat yuritayotganlar, shuningdek, talabalarda sezilgan inflyatsiya darajasi boshqalarga nisbatan pastroq shakllandi.

Sezilgan inflyatsiyaning nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent viloyati va Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyatida kuzatilgan. Nisbatan past ko‘rsatkichlar Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi. 

Ma’lumot uchun, iyul oyida O‘zbekiston bo‘yicha narxlar darajasi 0,1 foizga pasaygan bo‘lib, hududlar kesimida iste’mol narxlarida o‘sish ko‘rsatkichi faqatgina Toshkent shahrida (0,1 foiz) kuzatildi.