Nukus voqealari sabab O‘zbekistonning barcha hududlarida jangovar otryadlar tashkil etilib, osoyishtalikni ta’minlash maqsadida avtonom respublikaga jo‘natilgan edi. Mamlakat osoyishtaligiga hissa qo‘shgan bir guruh harbiy xizmatchilar yaqinda Buxoroga qaytdi. “Daryo” muxbiri Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasida bo‘lib, harbiy xizmatchilarni suhbatga tortdi.

Shu yilning 1-iyul kuni kechki soat 23:00 larda harbiy qo‘mondon tomonidan jangovar farmoyish kelib tushdi. Topshiriqqa ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning Nukus shahriga yetib bordik. Ertalabki soat 06:00 lar atrofida 10 ga yaqin safdoshlarim bilan Xo‘jayli tumaniga bordik va jangovar vazifani bajarishga kirishdik. Tushlikkacha norozi kayfiyatdagi odamlarni uchratsak-da, xizmat tinch o‘tdi. Taxminan soat 15:00 larda esa vaziyat o‘zgara boshladi. Bizdan chamasi, 500 metrlar uzoqlikda katta bir quyun, tutun chiqayotganini ko‘rdik. Aniqlasak, odamlar yo‘llarni yopib, ballonlarni yoqib yuborishgan ekan. Kutilmaganda shovqin-suron kuchayib, olomon biz tomonga qarab yura boshlashdi. Batalyon komandiriga fuqarolarning bizga qarshi harakatlanib kelayotganini telefon orqali ma’lum qildim. Zudlik bilan Jizzax harbiy batalyoniga qarashli 80 nafarga yaqin harbiy xizmatchilarni yordamga jo‘natishdi. Oradan chamasi, 20 daqiqalar o‘tgach, bizga yordamga kelgan Jizzax harbiy batalyonini boshqa hududda yuzaga kelgan notinchlik tufayli chaqirib olishdi. Bu paytda odamlar biz tomonga yopirilib kelayotgan edi. Jizzax harbiy batalyoni xizmatchilari esa bizdan oldinda boshqa hududga yugurib ketishardi. Afsuski, ular oldinda odamlar irg‘itayotgan tosh va turli sovuq qurollarga duch kelishdi. Bu paytda odamlar 2000 nafardan oshib ketgan edi”, — deydi leytenant, guruh komandiri Aziz Sharipov.

Aziz Sharipov.

Foto: “Daryo”

Guruh komandirining so‘ziga ko‘ra, ularni aholi o‘rab olgan. Harbiy xizmatchilar esa odamlar bilan muzokara qilishga uringan.

Safimizdagi qoraqalpog‘istonlik harbiy xizmatchilardan biri dadillik bilan oldinga chiqib “Men ham shu yurtning fuqarosiman, nega ko‘tarildingizlar, maqsad nima?”, — deb so‘raganda, odamlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutitsiyasining turli moddalariga kiritilgan o‘zgartishlardan norozi ekanligini bildirishdi. Harbiy xizmatchi esa odamlarning taklifini yuqori tashkilotlarga yetkazishini, buning uchun qo‘zg‘alish noo‘rin ekanini tushuntirdi, ulardan tarqalishini so‘radi. Odamlar esa bu manzildan bizning ketishimizni talab qilishdi, — deya so‘zida davom etdi Aziz Sharipov.

Ayni shu paytda qo‘shni batalyon harbiy xizmatchilari 30-40 nafarga yaqin yarador va og‘ir tan jarohati olgan xizmatchilarni olib, ular tomonga qarab yugurgan. Bu paytda ularning ortlaridan 4000 dan ortiq odamlar vajohat bilan bostirib kelayotgan bo‘lgan. Zudlik bilan yaradorlar maxsus avtobuslarga joylashtirilgan. Bir necha daqiqa o‘tmay, ikkinchi tarafdagi harbiy batalyonchilar ham og‘ir jarohatlanganlarni himoyalab, ular to‘plangan tomonga yugurgan.

Ishonsangiz, atrofimizni minglab odamlar o‘rab olgan paytda ikki tomondan kelgan ko‘p sonli yaralangan harbiy xizmatchilarni avtobuslarga joylashtirish ham juda qaltis vaziyat bo‘ldi. Bu onlarda yigitlardan o‘ta hushyorlikni, sergaklikni talab qilyapman. Ovozim qaltirayapti, ko‘zlarimda yosh. Birgina ehtiyotsiz harakat og‘ir aziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo ayni shu kezda vajohatdagi odamlar orasidan ham bizga ko‘mak berganlar topildi. Shu bizga juda katta dalda berdi, kuch berdi. Angladikki, bu odamlar uchinchi buzg‘unchi shaxslar ta’sirida qolgan. Ular bilan muzokarada bo‘lib, Amudaryo ko‘li tomon harakatlandik. Odamlar ham bizlar bilan birga atrofimizni o‘rab harakatlanishardi. Ular bilan kelishuvga bordik, maqsadlarni mushtarakladik. Amudaryo ko‘liga yetib borishimiz hamono qarshimizdan yana minglab odamlar bizga tomon bostirib kelishdi. Yonimizdagi odamlar bilan muzokarada bo‘lganimizdan xabarsiz bu odamlar bizga qarata tosh ota boshlashdi, ayovsiz toshbo‘ron qilishdi, — dedi Aziz Sharipov.

Amudaryo ko‘prigiga yetib kelganda, to‘plangan odamlar soni 10 mingdan oshgan. Avtobuslarga joylashtirilgan yarador xizmatchilarni ham toshbo‘ron qilib, yanada og‘ir ahvolga solgan. Shundan so‘ng ular maxsus vositalar qo‘llab, jangovar tartibda saflanishga majbur bo‘lgan va odamlarni to‘xtatishga erishgan.

Jangovar safda bo‘lgan kichik serjant Feruz Ismatov ko‘p ming sonli odamlar qurshovida qolgani haqida gapirdi.

Feruz Ismatov.

Foto: “Daryo”

Qo‘limizda shit va dubinkadan boshqa hech qanday himoya qurolimiz yo‘q. Ular esa qo‘llariga benzin olib kelishgandi. Biri ‘bularni yoqib yuboramiz’ desa, boshqasi ‘so‘yamiz’ deydi. Shunday paytda ko‘z oldimdan bolalarim, oilam o‘tdi. Allohga shukur, ularning qurshovidan eson-omon chiqdik. Buxoroga qaytganimda esa yashirmayman, go‘yo onamdan qayta tug‘ilgandek bo‘ldim, — deydi Feruz Ismatov.

Qanliko‘l tumanidagi notinchlikni bartaraf etishga jalb etilgan Feruz Seitmuratov ham yovuz kuchlar ta’siriga tushib qolgan odamlar bilan muzokaralar olib borish ancha qiyinchilik, talofatlar keltirib chiqargani haqida gapirdi.

Odamlarga tushuntirish qiyin, juda qiyin kechdi. Biroq Biz ham shu yurtning farzandlarimiz, bizning ham sizningdek ota-onamiz, farzandlarimiz, yaqinlarimiz bor. Hammamizning maqsadimiz bitta – vatan tinchligini saqlash’, dedik. So‘zning qudrati, quvvati bor, degan gapga iymon keltirdim. Va amin bo‘ldikki, ularning ham qalbida vatan bor, yurt tushunchasi bor. To‘g‘ri qaror qabul qilishdi va tarqalishdi, — dedi Feruz Seitmuratov.

Aholi tarqatilgach, ko‘p o‘tmay, harbiy batalyonga odamlarning Qanliko‘l tumani hokimiyatini yoqib yuborishgani haqida xabar kelgan. Harbiy xizmatchilar zudlik bilan manzilga jalb etilgan.

Feruz Seitmuratov.

Foto: “Daryo”

Yarim soatlar atrofida bu odamlar ham tinchlantirildi va holat to‘xtatildi. Oradan bir hafta, o‘n kun o‘tgach, ular xatolarini tushunib yetib, tinchlik tarafdori ekanini bildirishdi. Vatanga sadoqat bilan harbiy burchimizni to‘liq bajarganimizdan xursandman. Bu holatni qaytib takrorlashmasa kerak, deb o‘ylayman, — deydi Feruz Seitmuratov.

Milliy gvardiya kinologi Jalolliddin Qodirov ularni qurshab olgan o‘n minglab aholini ko‘rib, o‘zini yo‘qotib qo‘yganini yashirmadi.

Jalolliddin Qodirov.

Foto: “Daryo”

Biz o‘quv mashg‘ulotlarga borganmiz, ammo bu holatning o‘quv mashg‘uloti emasligini his qildim. Yosh bo‘lishimga qaramay, hayotim ko‘z oldimdan o‘tdi. Shunda orqadan kimdir “Davay, gvardiya!” dedi. Shunda bu ovoz meni birdaniga to‘lqinlantirib yubordi. Shu ovozga qo‘shilib, men va boshqalar ham “Gvardiya”, “Gvardiya” deya harbiy ohangda jo‘r bo‘la boshladik. Barchamiz shu so‘zni takrorlab, shitni urib, harakatlana boshladik. Qo‘zg‘algan odamlar esa shu topda bizning xatti-harakatlarimiz qudratga ega, jangovar ruhda ekanimizni his qilishdi va orqaga chekina boshlashdi. Tinchlik qanchalik ulug‘ ne’mat ekanini tushunib yetdim. Hech qachon urush bo‘lmasin, hamma sog‘-salomat bo‘lsin. Tinchlikni, sog‘likni yaqinlarning davrasida bo‘lib yashashga, hech bir narsa yetmaydi. Uni hech qanday boylik, mansab, unvon bilan sotib olib bo‘lmas ekan. Shu narsaga ishonchim komil bo‘ldi, — deydi Jaloliddin Qodirov.