Ukraina iyul oyida qariyb 2,7 million tonna turli don va moyli o‘simliklar, shuningdek, ularni qayta ishlash mahsulotlarini eksport qildi. Bu haqda mamlakat Agrar siyosat va oziq-ovqat vazirligi saytida tarqatilgan xabarga tayanib “TASS” xabar bermoqda.

Foto: Reuters

2022-yil iyul oyida Ukraina 2,66 million tonna don, dukkakli, yog‘li o‘simliklar va ularni qayta ishlash mahsulotlarini eksport qildi, bu o‘tgan oyga nisbatan 492,7 ming tonnaga (22,7 foiz) ko‘pdir, — deyiladi xabarda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bug‘doy eksporti iyul oyida uch barobardan ko‘proqqa oshib, iyun oyida eksport qilingan 138,4 ming tonnaga nisbatan 412 ming tonnaga yetdi. 

Departament ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2021-yil iyul oyida Ukraina tomonidan eksport qilingan 960 ming tonna bug‘doydan sezilarli darajada kamdir.

Bundan tashqari, iyul oyida Ukraina 183 ming tonna arpa va 1,1 million tonna makkajo‘xori eksport qildi. 

Ukraina eksportchilari kungaboqar yetkazib berishni qisqartirishni boshladi. Iyul oyida uning haqiqiy eksporti 362,1 ming tonnaga yetdi, bu joriy yilning iyun oyiga nisbatan deyarli 33 foizga kamdir, — deyiladi vazirlik xabarida.

Iyul oyida soya yetkazib berish 141,55 ming tonnani tashkil etdi, 2022-yil iyun oyida deyarli 71,3 ming tonna va o‘tgan yilning iyul oyida eksportga 31 ming tonna soya jo‘natilgan edi. 

Soya yog‘i eksporti iyun oyida 18 ming tonnadan 15,7 ming tonnagacha kamaydi. Oy davomida kungaboqar yog‘i eksporti 307 ming tonnani tashkil etdi – iyun oyiga nisbatan ko‘p, lekin o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga kam.