IT Park xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik IT-mutaxassisi Farrux Habibullayevning muvaffaqiyat tarixi haqida hikoya qiladi. Farrux 29 yoshda. 2012—2016-yillarda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining Biznes-axborot tizimlari fakultetida tahsil olgan.

Foto: IT Park

2017-yildan 2019-yilgacha AQSHning Ayova shtati Maharishi menejment universitetida matematika va informatika yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan.

Farrux hozirda Google kompaniyasining Android Automotive OS jamoasida dasturiy ta’minot muhandisi bo‘lib ishlaydi. U o‘z jamoasi bilan birgalikda avtomobillarni haydovchilar va yo‘lovchilar uchun xavfsizroq va qiziqarliroq qilish uchun operatsion tizimlarni ishlab chiqadi.

Chet eldagi faoliyatining boshlanishi haqida

Farruxning eslashicha, u mehnat faoliyatini Tune Consulting kompaniyasida katta dasturiy ta’minot muhandisi sifatida boshlagan.

Men sohaga ilk qadamimni Tune Consulting kompaniyasida qo‘ydim. 2014-yildan 2016-yilgacha ishladim. “O‘zbekiston temir yo‘llari” uchun chiptalarni onlayn sotish uchun dasturiy ta’minot va Android ilovasi yaratildi — deb eslaydi Farrux.

O‘qishni tamomlagandan so‘ng o‘z rezyumesini AQSHning bir nechta kompaniyalariga yuborishga qaror qiladi va 15 dan ortiq kompaniyalar suhbatidan o‘tadi. So‘ng ulardan 10 nafari uni ishga taklif qiladi.

Ko‘p sonli takliflar orasidan Farrux tibbiyot sohasidagi bioinjeneriya tadqiqotlariga ixtisoslashgan San-Fransiskodagi Neopeutics kompaniyasini tanlaydi.

Menga olimlar, bioinjenerlar bilan ishlash va ajoyib tadqiqotlar olib borish uchun shunday qiziqarli lavozim taklif qilindi. Bu haqiqatda hayotimdagi eng ajoyib tajriba, — deydi u.

Neopeutics turli kasalliklarga davo izlaydi. Kompaniyaning olimlari va tadqiqotchilari juda katta miqyosda, petabayt ko‘lamida algoritmlar va ma’lumotlar bilan ishlaydi.

U yerda dasturiy ta’minot muhandisi sifatida ishlab, yirik ma’lumotlar to‘plamini saqlaydigan va qayta ishlaydigan analitik va intellektual dasturiy ta’minotni yaratadi.

Jamoasi bilan birgalikda katta ma’lumotlarni samarali, xavfsiz va ishonchli saqlaydigan va qayta ishlovchi dasturiy yechimlar va algoritmlarni ishlab chiqadi.

Farrux va uning hamkasblari tomonidan yaratilgan dasturiy ta’minot olimlar va tadqiqotchilarga tadqiqotni oson, tez va aniqroq amalga oshirishda yordam berdi.

Nima uchun aynan AQSHni tanlagani haqida

Unda hujjatlarni rasmiylashtirish va ko‘chish bilan hech qanday muammoga bo‘lmagan, hamma narsa oson va tez kechdi.

Viza bilan muammo bo‘lmadi. Ammo AQSHda dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha ishga joylashish oson bo‘lmadi. Suhbat jarayoni juda qiyin va uzoq kechdi, negaki men AQSHdagi boshqa nomzodlar bilan raqobatlashishga majbur bo‘ldim, — deb yodga oladi Farrux.

Xarajatlar bilan bog‘liq masalalarni kompaniya o‘z zimmasiga olgan. Qiyin bo‘lgan yagona jihat – yurt sog‘inchi.

Boshida qiyin bo‘lgan. Vatanni tark etdim, qarindosh-urug‘lardan, do‘stlardan uzoqlarga ketdim. Chet elda men doim qarindoshlarimni, shahrimdagi qishloqni, mazali o‘zbek taomlarini va yana ko‘p narsalarni sog‘inaman. Ammo boshqa tomondan, boshqa dunyoga sho‘ng‘ish va o‘zingdan farqli madaniyat bilan tanishish qiziq edi, — deydi u.

Farrux nima uchun AQSHni tanladingiz, degan savolga, “eng avvalo imkoniyatlar haqida o‘yladim”, deb javob berdi.

Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar uzoq vaqtdan beri "imkoniyat" so‘zining sinonimiga aylangan, ayniqsa, martaba haqida gap ketganda. Haqiqatan ham professional o‘sish uchun sharoitlar mavjud.

Shuningdek, u AQSHda malakali IT-mutaxassislar uchun millionlab ish o‘rinlari mavjudligini va eng muhimi, mamlakatda dasturiy ta’minot muhandislarining maoshi eng yuqori ekanini ta’kidlaydi.

Masalan, Nyu-Yorkda 5 yillik tajribaga ega bo‘lgan dasturiy ta’minot muhandislariga yiliga million dollardan ortiq pul to‘laydigan kompaniyalar bor. Bundan tashqari, ish muhiti juda qulay va jadval moslashuvchan.

Kompaniyalar sog‘liq sug‘urtasi, kunning istalgan vaqtida bepul ovqatlanish, AQSHning istalgan joyidan ishlash imkoniyati va boshqalar kabi ko‘plab imtiyozlarni taqdim etadi.

Farruxning so‘zlariga ko‘ra, San-Fransisko, Kaliforniya eng zo‘r tanlov edi, chunki IT muhiti va madaniyati boshqa shaharlarga qaraganda yaxshiroq.

Ammo yana bir fakt shaharni tanlashga ta’sir qildi: u San-Fransiskoning iqlimini juda yaxshi ko‘radi, chunki u yer issiq va bu, o‘z navbatida, Farruxning uning quyoshli yurtini eslatadi.

Muvaffaqiyat sari yo‘l

Neopeutics kompaniyasida bir yildan ortiq dasturiy ta’minot muhandisi sifatida ishlagan Farrux Zume startapiga o‘tib ketdi va u yerda robotlar va kobotlar uchun dasturiy ta’minot yaratdi.

Shundan so‘ng u bir muddat Amazon’da ishladi. Amazon’da u Prime Video jamoasida 100 dan ortiq muhandis va menejerlar bilan ishlagan.

Yuz millionlab Amazon Prime Video obunachilari va mijozlarini qo‘llab-quvvatlash uchun kengaytiriladigan va ishonchli veb-striming xizmatlarini ishlab chiqqan. Bundan tashqari, Fire OS va Fire TV qurilmalaridagi ilovalarni ishlab chiqishda ishtirok etgan.

Hozir Farrux muvaffaqiyatli ravishda Google’da ishlab kelmoqda.

Bu yerda men 200 ga yaqin muhandislar bilan ishlayman. O‘z Android Automotive OS jamoamda 20 nafar muhandis faoliyat olib boradi. Men 500 dan ortiq avtomobil turlari, jumladan BMW, Fords, Chrysler va boshqalar uchun aqlli dasturiy ta’minot va Android operatsion tizimini ishlab chiqaman, — deydi Farruh.

U jamoasi bilan birgalikda Android operatsion tizimining avtomobil uchun versiyasini ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, Farrux qisman avtonom avtomobillar uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqadigan jamoa bilan ishlaydi.

Farruxning xotirlashicha, ushbu kompaniyalarga ishga kirish uchun u butun bo‘sh vaqtini o‘qishga bag‘ishlagan, universitetda va mustaqil ravishda matematika va informatika fanlarini o‘qib-o‘rgangan. U barchasiga faqat bilim va o‘z ustidagi mehnat evaziga erishganini ta’kidlaydi.

O‘zbekistonning IT-sohasini qanday baholaysiz?

Farruxning so‘zlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda IT sohasi juda jadal rivojlanmoqda va bu yo‘nalishda karyera qurishga qiziqayotgan yoshlar soni ortib bormoqda.

Davlat talabalar, IT mutaxassislari va biznes uchun cheksiz imkoniyatlarni taqdim etadi. Har yili yangi IT universitetlari va bootcamplar ochiladi va IT-biznes ayrim soliqlardan ozod qilingan.

Farruxga ko‘ra, buni boshqa hech bir davlatda topish mumkin emas. Agar shunday davom etsa, bir necha yildan so‘ng O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi texnologik markazga aylanadi.

Mutaxassis ta’kidlaganidek, O‘zbekistonning IT sohasi Amerikanikidan biroz farq qiladi.

Uning fikricha, Markaziy Osiyoning ko‘pgina mamlakatlarida axborot texnologiyalari asosan tijorat maqsadlarida (masalan, mahsulotlarni sotish platformasi, to‘lov tizimlari va boshqalar) yoki jarayonlarni avtomatlashtirish maqsadida qo‘llaniladi.

AQSHda texnologiya nafaqat biznes va hukumatga, balki ilm-fanning ko‘plab sohalariga ham mustahkam ravishda integratsiyalashgan.

Masalan, astrofizikada ular steroidlarni aniqlash va koinotni, molekular biologiyada hujayralarni kuzatish uchun ishlatiladi. Men ishni oson va samaraliroq qilish uchun axborot texnologiyalari imkoniyatlarini iloji boricha ilmiy sohalarda qo‘llashni juda istayman, — deb tushintiradi u.

O‘zbekistonga qaytishni xohlaysizmi, degan savolga Farrux bunday imkoniyatni istisno qilmasligini aytdi.

Foto: IT Park

Endilikda uni hisoblash biologiyasi/amaliy matematika bo‘yicha doktor darajasiga ega bo‘lish rejasi bor. Shundan so‘ng O‘zbekistonga doimiy yashash uchun qaytishi mumkin.

Yosh IT-mutaxassislarga maslahatlar

Farruxning ta’kidlashicha, bu hayotda eng muhimi o‘zingni va hayotdagi maqsadingni topishdir.

Men inson o‘z qalbiga quloq tutishi kerakligiga ishonaman. Google’ga qo‘shilishdan oldin meni Instagram jamoasida ishlash uchun Facebook’ga taklif qilishdi, lekin men rad etdim, chunki mening qiziqishlarim boshqa. Ushbu ijtimoiy tarmoqqa qiziqmaydigan avloddanman deb o‘ylayman. Men qalbimga quloq solganimdan va ko‘nglim bo‘lgan ishni topa olganimdan xursandman, — deydi u.

Shuningdek, Farrux yoshlarga informatikadan tashqari matematika, fizika, kimyo, biologiya yoki ulardan birini yaxshi o‘rganishni tavsiya qiladi.

Unga ko‘ra, sun’iy intellekt asrida yaxshi dasturiy ta’minot muhandisi bo‘lish uchun kompyuter fanidan tashqari hech bo‘lmaganda matematika va fizikani bilish kerak bo‘ladi.