Iyun oyi oxirida Farg‘onada Qirg‘izistonga olib o‘tuvchi yana bir noqonuniy tunnel aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Kadr: Videodan skrin

Qirg‘iziston janubida joylashgan Qorasuvdagi keng bozorda savdogar bo‘lgan 57 yoshli Raziya Hamdamova 1990-yillardan beri o‘z savdo rastasida mehnat qilib keladi, deb yozmoqda Eurasianet.

O‘ylab ko‘ring, men bozorda shuncha yildan beri ishlayman, lekin hech qachon boyib keta olmaganman. Lekin bir necha yildan beri savdo bilan shug‘ullanayotgan yangi savdogarlar allaqachon badavlat. Tovarlarimiz bir xil, qanday qilib ular buncha foyda olishyapti?, — deydi u.

Hamdamova ba’zi tengdoshlarining bir kechada erishgan muvaffaqiyati kontrabanda bilan izohlanadi, deb o‘ylaydi. Shu bozordagi savdogar O‘g‘iloyning ham bu boradagi fikrlari o‘xshash.

Biz ilgari yerosti tunnellari haqida eshitgan edik, lekin har doim ularni ertak deb o‘ylardik”, — deydi u tabassum bilan.

Lekin kontrabanda tunnellari ertak bo‘lib chiqmadi. Yil boshidan beri Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasida ikki davlatni bog‘lovchi 4 ta shunday tunnel topildi.

Aniqlangan xalqaro tunnellardan uchtasi Qorasuv bozoridan uncha uzoq bo‘lmagan joyda joylashgan. Bu kontrabanda operatsiyalari uchun juda qulay joy hisoblanadi.

Bozor Xitoydan kelayotgan tovarlar uchun keng savdo maydonchasi bo‘lib, Farg‘ona vodiysining O‘zbekistonning 9 milliondan ortiq aholisi yashaydigan qismiga to‘g‘ri keladi.

Bu tunnellar qazish uchun juda ko‘p vaqt talab qilingan dahshatli inshootlardir.

Ulardan biri may oyi oxirida Qorasuv tumanidagi Telman qishlog‘idan topilgan. Uning uzunligi 270 metr. O‘tish joyi katta yoshli erkak cho‘kkalab o‘tishi mumkin bo‘lgan darajada sig‘imli.

Qiziq tafsilotga ko‘ra, Qirg‘iziston xavfsizlik xizmatlari ushbu topilma vaqtida tunnel qurilgan uchastkaning egasi ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanayotganini aniqlagan.

Uning aqli rasoligini aniqlash uchun takroriy ekspertiza rejalashtirilgan, — deyiladi ularning bayonotida.

Iyun oyi boshida topilgan ikkinchi tunnel 18 metr chuqurlikda qazilgan. O‘tish joyi Qirg‘iziston tomonidagi turar joydan boshlanib, O‘zbekiston tomon 155 metr masofani egallagan.

Qorasuv tumanidan topilgan uchinchi tunnel xalqaro hamkorlik mahsuli, deb hisoblanmoqda. 2014-yildan beri do‘st bo‘lib kelgan chegaradagi ikkita tutashgan uy egalari sentabr oyidayoq loyiha bo‘yicha kelishuvga erishgan.

13 metr chuqurlikda joylashgan ushbu tunneldan 2x1,7 metr o‘lchamdagi yo‘lak orqali o‘tiladi. Umumiy masofasi — 177 metr.

Eng qulay hisoblangan to‘rtinchi o‘tish joyi Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida joylashgan. 130 metrli tunnel, elektr va kameralar bilan jihozlangan.

Unda qo‘lga olingan yuk mashinasida umumiy qiymati taxminan 1,4 mln dollar bo‘lgan minglab mobil telefonlar borligi aniqlangan.

Umumiy sakkiz kishi – ikki nafari O‘zbekistondan, olti nafari Qirg‘izistondan – naqd pul va tovarlar kontrabandasida ayblanib, olti yildan sakkiz yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingani haqida bayonot berildi.

Shu bayonotda o‘z faoliyati davomida 1 mln 641 ming 106 dollarni Qirg‘izistonga noqonuniy chiqarish rejasini oldi olingani ta’kidlangan.

Hozirda tunnel quruvchilar juda qat’iyatli va yaxshi resurslarga ega ekanidan xavotirlar ko‘paymoqda.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston xavfsizlik xizmatlari ushbu tuzilmalar kontrabandada tovar va pul olib o‘tishda foydalanilayotgani haqida axborot bergan.

Ammo siyosiy tahlilchi Iqbol Mirsaitovning fikricha, bu o‘tish joylari yer osti savdosi uchungina mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin.

Mirsaitovning aytishicha, tunnellar aynan qanday maqsadlar uchun qurilganini bilish uchun ko‘proq tergov kuchini sarflash kerak. Bu aysbergning faqat uchi bo‘lishi mumkin.

Qirg‘iziston chegara xizmati rasmiylaridan biri Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasida jami 18 ta tunnel bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. U bu taxmin nimaga asoslanganini oshkor qilmadi.

Chegara qo‘shinidagi manbaning aytishicha, bu hodisaga qarshi kurashishga to‘sqinlik qilayotgan muammolardan biri ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma kelishuv bilan umumiy chegaraning ayrim uchastkalari haligacha belgilanmaganligidir.