Andijon mashinasozlik institutining bir guruh talabalari “Daryo”ga murojaat qilib, 2018-yilda to‘lov-kontrakt asosida “O‘zbekiston+Xitoy 2+2” qo‘shma ta’lim dasturi asosida talabalikka qabul qilinganini, uch yil davomida belgilangan shartnoma pullari to‘langan bo‘lsa-da, institut 3—4-bosqichda o‘qitish majburiyatini olmagani bois o‘qishni yakunlay olmayotganini bildirmoqda.

Institutning 3-bosqich talabasi Rustambek Abaqulovning aytishicha, institut rahbariyati ikki yildan buyon Xitoydan javob kelishini kutayotganligini aytmoqda.

Foto: “Daryo” / Fazliddin Muqaddasov

Andijon mashinasozlik institutining Shimoliy Xitoy texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda ochgan Mexatronika va robotatexnika fakultetida o‘qiymiz. Aslida Andijonda 2-bosqichni tamomlagach 3—4-kursni o‘qish uchun Xitoyga ketishimiz kerak edi. Pandemiya sababli 3-kursni ham shu yerda o‘qib tamomladik. Bu yil 4-kurs talabasi bo‘lishimiz kerak edi. Lekin negadir Xitoyga ketishimiz muammo bo‘lyapti. Bu bo‘yicha institut Xitoydan javob kelishini kutayotganligini aytyapti. Biz bu yil sentabr oyidan Xitoyga ketamiz, deb o‘ylagandik, hal bo‘lmadi. Keyin yanvarda ketasizlar deyishdi. Undan keyin ham muammo hal bo‘lmadi.

Biz shartnomaga asosan birinchi yili 2500 ming dollar, ikkinchi kurs uchun 20 million so‘m va uchinchi kurs uchun 16 million so‘m miqdordagi to‘lovlarni amalga oshirganmiz. Shu kunga qadar umidvor qilishmaganda, balki bir yil kutib o‘tirmay o‘qishni boshqa OTMga ko‘chirgan bo‘lardik. To‘g‘risi, tengdoshlarimiz hozir 4-kursni tamomladi. Biz esa bir yilni zoye ketkazdik. O‘qishni boshqa OTMga ko‘chirmoqchi bo‘lgandik. Afsuski, faqatgina mana shunday chet davlatlari bilan hamkorlikda ochilgan fakultetlarga ko‘chira olarkanmiz. Ustiga ustak ko‘chirgandan keyin 3-kursni ham yana qaytadan o‘qishimizga to‘g‘ri kelarkan, — deydi Rustambek Abaqulov.

Yana bir talaba Jahongir Rahimovning ta’kidlashicha, o‘qishga kirishdan avval 3500 dollar bo‘lishi belgilangan kontrakt miqdori to‘rtinch bosqichga o‘tganda 4800 dollar etib belgilangan. Shuningdek, o‘qishni masofadan turib yakunlash taklif etilgan. Onlayn o‘qish esa talabalarni qoniqtirmagan.

Jahongir Rahimov.

Foto: “Daryo” / Fazliddin Muqaddasov

Institutning innovatsion ta’lim texnologiyalari fakulteti talabasiman. 2018-yilda imtihon asosida o‘qishga qabul qilinganmiz. Fakultet Xitoy bilan hamkorlikda tashkil etilganligi bois darslarimiz to‘liq ingliz tilida olib borilgan. Biz ta’lim dasturimizga ko‘ra, “2+2” yoki “3+1” dasturi bo‘yicha o‘qishimiz kerak bo‘lgan. Pandemiya sababli o‘z ixtiyorimiz bilan “3+1” tizimida o‘qiganmiz. Shunga asosan uchinchi bosqichni Andijon mashinasozlik institutida o‘qib tugatdik. To‘rtinchi bosqichga kelganda Xitoy davlatiga borib o‘qishimiz kerak edi. Ammo dunyoviy muammo koronavirus tarqalganligi sababli Xitoy o‘z chegaralarini berkitdi.

Shundan keyin bizga Shimoliy Xitoy Texnologiyalar instituti tomonidan 4800 dollar hisobida kontrakt to‘lab, masofadan turib onlayn o‘qish taklifi berildi. Bu narsa bizni qoniqtirmadi. Chunki o‘qishga kirgan paytimizda kontrakt miqdori maksimum 3500 dollar bo‘lishi kerak edi. To‘rtinchi bosqichga o‘tganimizda shartnoma puli 4800 dollar etib belgilandi. Bu mablag‘ni kimlarningdir sharoiti ko‘tardi, kimlarnikidir ko‘tarmadi. Bundan tashqari onlay o‘qish bizni qoniqtirmadi. Biz ushbu masalani hal etishda yordam so‘rab, juda ko‘p joylarga ariza berdik. Misol uchun Oliy ta’lim vazirligiga ariza bilan chiqdik. Afsuski arizalarimiz qanoatlantirilmadi.

Aslida o‘tgan o‘quv yilida 4-bosqichda o‘qishimiz kerak edi. Ammo Xitoyga ketmaganligimiz sababli muzlatilib qo‘yildi. Bekordan bir yil umrimiz o‘tib ketdi. Ishga kiraylik desak diplomsiz hech kim ishga qabul qilmaydi. Bo‘lsa ham yarim stavkali ishlar chiqadi. Bizga 4-bosqichni Xitoyda emas shu o‘zimiz o‘qigan Andijon mashinasozlik institutida o‘qishga ruxsat berishsa yaxshi bo‘lardi. Bo‘lmasa nodavlatmi yoki qo‘shma ta’lim dasturida ochilgan davlat institutlarimi bizni 4-bosqichdan qabul qilsa bizga ham foydali bo‘lardi. Chunki 3-bosqichni 16 million so‘m kontrakt to‘lab o‘qidik. Ham puldan, ham vaqtdan yutqazishimiz to‘g‘ri kelmaydi. Hozir boshqa institutlarga boradigan bo‘lsak qaytadan yana uchinchi bosqichda o‘qishimiz kerak bo‘lyapti. Bu yerda to‘rtinchi kursda o‘qishga ruxsat berishmayapti. Hisoblab chiqadigan bo‘lsak 6 yil o‘qishimizga to‘g‘ri kelayapti, — deydi Jahongir Rahimov.

Andijon mashinasozlik instituti rektori Umidjon Turdialiyevning aytishicha, pandemiya sababli qo‘shma ta’lim dasturidagi fakultetlarda muammolar yuzaga kelgan.

Umidjon Turdialiyev.

Foto: “Daryo” / Fazliddin Muqaddasov

Institutimizda 2018-yilda qo‘shma ta’lim dasturi ishga tushirilgan. Dastlab Xitoy va Koreya davlatlarining tegishli oliygohlari bilan shartnoma qilingan. Shundan buyon talabalar imtihon asosida o‘qishga qabul qilinmoqda. Ularning talabi bilan o‘zlarining bitta xodimi ishtirokida talabalar saralanardi. Ma’lumki, pandemiya davrida barcha oliy ta’lim muassasalarida ta’lim tizimi onlayn shaklga o‘tkazildi. Ayniqsa, bu qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil olayotgan talabalarning o‘qishiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Nimagaki, bizda bakalaviaturada “2+2”, “3+1”, magistraturada esa “1+1” degan dasturlar bor. Talabalarimiz bizda ikki yillikni bitirib, uchinchi kursda xorijga chiqadigan vaqtida pandemiya bo‘lib qoldi. Chegaralar yopilgach talabalarda u yerga ketolmaydigan bo‘lib qoldi.

Shundan so‘ng talabalarga Shimoliy Xitoy texnologiyalar universiteti tomonidan grant e’lon qilindi. Koreya esa onlayn ta’limni tan olmadi. Shunga ko‘ra, ular yana bir yil, ya’ni 3-kursni ham Andijonda o‘qib tamomlashdi. Vaholanki, yil davomida pandemiya sal pasaydi, hamma sharoitlar bo‘lib, oldingi turmush tarziga o‘tganimizdan so‘ng biz bilan hamkorlik qilayotgan universitet talabalar uchun kursdan kursga o‘tish imtihonlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 100 balli sistemada 80 balldan yuqori natija ko‘rsatganlar 4-kursni ham grant asosida o‘qishiga imkon berilishi kerak edi. Lekin hech bir talaba 80 ball to‘play olmadi. Imtihonlarda taxminan eng yuqori ko‘rsatkich 74 bo‘lgan. Bir yillik shartnoma puli esa 4800 dollar dan 5200 dollargacha bo‘lgani uchun talabalar bu miqdordagi mablag‘ni to‘lay olmasliklarini aytdi. Shundan keyin e’tiroz bilan hamkorlarga aloqaga chiqdik. Ular esa 80 balldan yuqori to‘plagan bo‘lsa o‘qitib berishga tayyorligini aytishdi. Aytishlaricha, ularning tizimi shunday ekan, — deydi Umidjon Turdialiyev.

Turdialiyevning ta’kidlashicha, institut talabalar oldida turgan muammoni hal qilish uchun zimmasidagi barcha majburiyatlarni bajargan. Xitoy universiteti esa talabalarni shartnoma asosida o‘qitishga tayyor. Muammoning qolgan qismi talabalarning o‘ziga bog‘liq.

Vazirlikka rahmat, mana shunday muammoli vaziyat vujudga kelgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida boshqa oliygohlarga, ya’ni nodavlat, xorijiy filiallarga, qo‘shma ta’lim dasturlariga ko‘chirishga ruxsat berishdi. Ayrimlari o‘zimizdagi Belorusiya bilan tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturiga o‘tkazishdi. Bu muammolarning yechimi bo‘yicha ko‘p chora-tadbirlar ko‘rdik. Afsuski, barchasi talabalarimizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Institut o‘zining majburiyatini bajargan, ikki yil o‘qitgan. Xitoy o‘qitmayman deyayotgani yo‘q, diplomini beradi. Ularning talabi bo‘yicha kontrakt summasi o‘rtacha 5000 dollarga to‘g‘ri kelyapti. Tushunaman, buni to‘lash qiyin. Ularni ham o‘zimni farzandimni o‘rnida qo‘yib ko‘rib gaplashaman. Shuning uchun imkon qadar muammoni hal qilishga harakat qilyapmiz. Xitoy bilan bo‘lmasa boshqa qo‘shma dasturlarida o‘qishlari mumkin. Menimcha, yomon yechim emas.

Hukumat qarori bilan barchasi tartibga solinib qo‘yilgan. Bunda qo‘shma ta’lim dasturlaridan milliy dasturlarga ko‘chirish taqiqlab qo‘yilgan. Bo‘lmasa bu bolalarni jon-jon deb o‘zimda olib qolgan bo‘lardim. Chunki, bularga avvalo xorijiy domlalar kelib, ingliz tilida dars o‘tishgan. Bu guruhlarga xorijiy salohiyat kirib kelgan. Agar imkoniyati bo‘lganida yaxshi edi, afsus. Talabalarning maqsadi to‘g‘ridan to‘g‘ri milliy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirib olish. Lekin buning iloji yo‘q, negaki o‘qishni ko‘chirishning o‘z tartiblari bor. Ular boshqa nodavlat oliy ta’lim muassasalariga yoki qo‘shma ta’lim dasturi asosida ochilgan oliy ta’lim muassasalari fakultetlariga o‘qishni ko‘chirish imkoniyatiga ega. Ayrim talabalar bu imkoniyatdan unumli foydalandi.

Biz talabalar oldida turgan muammoni hal qilish uchun zimmamizdagi barcha majburiyatlarini bajardik. Xitoy universiteti esa talabalarni shartnoma asosida o‘qitishga tayyor. Muammoning qolgan qismi talabalarning o‘zida, — deydi rektor.

Rektorning aytishicha, Xitoy instituti memorandum imzolangan paytdagi rahbarlar o‘zgargani sabab shartlar ham o‘zgarganini bildirgan. Talabalar xitoy tilini bilish darajasi va belgilangan kontrakt summasining to‘langanlik holatini ko‘rsatishgach 4-bosqichda tahsil olishlari mumkin.

Xitoy bilan shartnoma shartlari o‘zgargani bo‘yicha men hamkorlar bilan muzokaralar olib bordim. Ular nega kontrakt summasi ko‘tarilgani bo‘yicha hech qanday izoh bermadi. Faqatgina memorandum imzolangan paytdagi rahbarlar o‘zgarganini sabab qilib ko‘rsatishmoqda. Aslida memorandum oliygoh nomidan tuziladi. Rahbarlar o‘zgarishining bunga dahli yo‘q. Lekin baribir ham ular mana shu shartlarga rozi bo‘lsagina talabalarni 4-kursda o‘qitib berishga tayyorligini bildirmoqda. Shartlar esa xitoy tilini bilish, belgilangan kontrakt summasi to‘lash. Talabalarga vaqt ketkazmasdan boshqa qo‘shma ta’lim dasturlarida o‘qishni taklif qilayapmiz. O‘zim ham ushbu masalani tezroq yechim topishini tarafdoriman, — deydi rektor Umidjon Turdialiyev.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.