Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasiga murabbiylik qilgan Ivan Sokolov “Chess.com”ga intervyu berdi.

Foto: FIDE

Sokolovga O‘zbekiston terma jamoasini boshqarish taklifi 2022-yilning may oyida berilgan. Grossmeyster Olimpiadaga sharhlovchi sifatida borishni mo‘ljal qilgan, biroq iyun oyida o‘z rejalarini o‘zgartirgan va Toshkentga yetib borgan. Unga tarkibi shakllantirilgan terma jamoani boshqarish vazifasi yuklatilgan.

Terma jamoani o‘rganish va tanishish haqida

Ularning so‘nggi 12 oydagi partiyalarini debyutga e’tibor bermagan holda o‘rganib chiqdim. Yigitlarning qanday ishlashini shaxmatchi sifatida bilishga urindim.

Taklifni qabul qilganimdan keyin yigitlar bilan uchrashdim. Ularga keliboq kompyuter dasturini ishga solmasligimni, bunday ishlar menga begona ekanini aytdim. Yigitlarga to‘g‘ri qaror chiqarishda, debyutni to‘g‘ri tanlashda va kamchiliklar ustida ishlashda yordam berishimni aytdim.

Shaxmatdagi faoliyati murabbiylikda asqatayotgani haqida

O‘ylashimcha, murabbiy shogirdlariga bir vaqtlar ularning o‘rnida bo‘lgan bo‘lsa ko‘proq foyda keltira oladi. Shaxmatchi sifatida Olimpiada oltin medaliga ega chiqmaganman, biroq kumushni qo‘lga kiritganman (1994-yil Bosniya va Gersegovina safida); Yevropa chempioni bo‘lganman (2005-yil), individual musobaqalarda ko‘plab jahon chempionlarini yutganman.

Bulardan kelib chiqib aytish mumkinki, murabbiy sifatida foydali bo‘la olaman, menimcha. Futbol tilida aytganda: Zidan yoki Mourinyo? Kroyf yoki van Gal? Shaxsan men uchun Kroyf va Zidan ma’qul.

Foto: Shaxmat federatsiyasi

Terma jamoaga qanday foyda keltirgani borasida

Qo‘shgan hissam foiz miqdorida qancha? Bilmadim. Biroq bir narsani aytaman: Salim Solih, shuningdek, Eron va O‘zbekiston terma jamoasining muvaffaqiyatlari tasodif emas.

Musobaqa favoritlarining ortda qoldirilgani borasida

AQSHning birinchi o‘rinni qo‘lga kirita olmasligini tasavvur qilish juda qiyin edi. Shu sabab meni ko‘proq qolgan terma jamoalardan qanday qilib ustun bo‘lishimiz qiziqtirardi.

Hindiston g‘alaba uchun bitta kuchli jamoa emas, uchta jamoa tuzgani ham omadimiz. Bitta terma jamoa tuzilganda unda Gukeshning o‘ynashi aniq edi. Shunday bo‘ldiki, Hindiston kuchlarni teng taqsimlagan holda uchta kuchli jamoa tuzdi, biroq ularni yutish mumkin edi, xuddi Niderlandiya, Germaniya, Fransiya yoki Ispaniya kabi.

Yigitlarga bayram kechasiga borishni taqiqlagani haqida

Ularga Olimpiadaning 6-turidan keyingi tanaffus vaqtida o‘tkaziladigan an’anaviy Bermuda Party’ga borishni taqiqladim. “Agar bu sizlarni yupata olsa, shuni aytaman, bayramni 1988-yildan keyin ilk bor o‘tkazib yuboryapman”, — dedim shogirdlarimga. Ular avvaliga qarorimni qabul qila olmadi va bayramda oz muddat bo‘lsa-da ishtirok etish uchun ruxsat so‘radi.

Ularga shunday dedim: “Yigitlar, kichik bir muammo bor: men kecha tug‘ilmaganman. Qachonlardir sizlarning yoshingizda bo‘lganman, shu bois bunday iltimoslarga uchmayman. Hech kim hech qayerga bormaydi”.

O‘sha kechada AQSH yaqqol favorit emasligi va ularni ortda qoldirish imkoniyatiga ega ekanimizni aytdim.

Foto: “Chess.com”

Hindiston-2 ga qarshi irodali o‘yin haqida

Gukesh (Abdusattorovning raqibi) yutuqli vaziyatni boy bergan holatda aqlbovar qilmas darajada omadimiz chopdi. O‘sha vaqt 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib bo‘lgandim, biroq bir lahzada omad biz tomonga o‘girildi.

Gukesh g‘alaba qo‘ldan ketganini tan olmay, yutish uchun harakat qilgani bizning foydamizga ishladi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga qisqacha ta’rif

  • Nodirbek Abdusattorov: “Salkam Magnus”
  • Nodirbek Yaqubboyev: “Barqaror shaxmatchi”
  • Javohir Sindorov: “Toza taktik”
  • Jahongir Vohidov: “Ajoyib nazariyachi”
  • Shamsiddin Vohidov: “Asosiy kuch — taktika”

Ivan Sokolov, O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi murabbiyi

54 yoshli Sokolov Yugoslaviyada (Bosniya va Gersegovina) tug‘ilgan. O‘z vaqtida katta yutuqlarga erishgan grossmeyster Yugoslaviya, Bosniya va Gersegovina hamda Niderlandiya terma jamoalarida dona surgan.

Sokolov 2008-yildan beri shaxmat murabbiyi sifatida faoliyat olib boradi va ayni vaqtda Niderlandiyaning Amsterdam shahrida istiqomat qilmoqda.

Chennai Olimpiadasidagi muvaffaqiyatdan keyin Sokolov O‘zbekiston prezidenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, murabbiyga 300 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilgan.

Eslatib o‘tamiz, shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Butunjahon shaxmat Olimpiadasida birorta ham mag‘lubiyatga uchramay, chempionga aylandi.

Mavzuga doir: