“Daryo” “Oilakredit.uz” platformasi orqali ajratiladigan kreditlar bo‘yicha o‘zgarishlarga to‘xtaldi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Kredit miqdori va foiz stavkasi qancha?

Kreditlar yillik 14 foiz stavkada jismoniy shaxslarga 33 mln so‘mgacha, kichik tadbirkorlik subyektlariga 225 mln so‘mgacha, tadbirkorlik subyektlarining investitsiyaviy loyihalarini kreditlashda 225 mln so‘mdan ortiq miqdorda ajratiladi.

Kredit qancha muddatga beriladi?

  • 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga – oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan ma’lum mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish maqsadida;
  • 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga – chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik uchun;
  • 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga – oilaviy mehmon uylari, xostellar, ekouylar majmuasi, o‘tov lagerlari majmuasi, avtokempinglar, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlar tashkil etish va ularni ta’mirlash uchun;
  • 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga – bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun;
  • 3 yilgacha muddatga – «Hunarmand» uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari va boshqalar uchun ajratiladi.

Kredit uchun ta’minot kerakmi?

Ta’minot sifatida:

  • 33 mln so‘mgacha – jismoniy shaxslarga hokim yordamchisining tavsiyasi;
  • 225 mln so‘mgacha – hokim yordamchisining tavsiyalari asosida uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, mol-mulklar garovi va boshqalar;
  • 225 mln so‘mdan ortiq miqdorda — hokim yordamchisining tavsiyalariga muvofiq tadbirkorlik subektlarining investisiyaviy loyihalarini kreditlashda qonun hujjatlari doirasida belgilangan ta’minot turlariga asosan ajratiladi.

Hokim yordamchisi qarz oluvchining arizasiga asosan uning obektiga chiqqan holda faoliyat turi bo‘yicha shart-sharoitlar, imkoniyat hamda yetarli ko‘nikma mavjudligini o‘rganadi.

Shundan so‘ng kredit ajratish uchun tavsiyanoma yoki uni rad etish to‘g‘risidagi xulosani besh ish kuni mobaynida Yagona elektron platformaga joylashtiradi.

Kreditlar qaysi banklar tomonidan ajratiladi?

Kreditlar Agrobank, Xalq banki va Mikrokreditbank tomonidan ajratiladi.

Kreditni uydan chiqmasdan turib qanday olish mumkin?

Oilakredit.uz platformasi orqali kreditni quyidagi tartibda masofadan turib olish mumkin:

Kredit ajratish to‘g‘risidagi onlayn ariza to‘ldiriladi va masofadan imzolanadi. Kiritilgan ma’lumotlar va axborotlar bazasiga asoslanib, skoring jarayoni o‘tkaziladi.

Ijobiy skoring natijalaridan so‘ng, mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining ijobiy tavsiyanomasi yoki kredit ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosasi elektron tarzda taqdim etiladi.

Marketpleys (elektron do‘kon) orqali ta’minotchi bilan qarz oluvchi tomonidan erkin va mustaqil ravishda elektron shartnoma tuziladi.

Marketpleys tizimi orqali ta’minotchi tomonidan mahsulot yetkazib berilgani to‘g‘risidagi elektron hisob-faktura shakllantiriladi.

Xizmat ko‘rsatuvchi bank bilan arizachi o‘rtasidagi kredit ajratish to‘g‘risidagi shartnoma elektron shaklda tuziladi va imzolanadi.

Mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining mahsulot yetkazib berilganligi to‘g‘risidagi monitoring dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.

Har bir bosqichdagi tegishli hujjatlar qarz oluvchi, bank, ta’minotchi, va hokim yordamchisi tomonidan Elektron raqamli imzo kaliti bilan imzolanadi.

Tasdiqlanganidan so‘ng kredit mablag‘lari hisobidan pullar ta’minotchining hisobvarag‘iga ko‘chirib beriladi.

Elektron raqamli imzo kalitini e-imzo.uz dan olish mumkin.

Quyidagi hollarda tavsiyanomalar berilmaydi:

  • loyihani amalga oshirish uchun qarz oluvchida shart-sharoit bo‘lmaganda;
  • yetakchi tadbirkorlik subektlari va “Tomorqa xizmati” bilan kooperatsiya asosida ishlayotgan fuqarolarga;
  • mavsumga xos bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga;
  • ariza beruvchi nomidan boshqa fuqaro kredit olishni maqsad qilgani aniqlanganda;
  • qonunchilikka zid bo‘lgan faoliyat amalga oshirilishi aniqlanganda.

Yagona elektron platforma orqali ariza yuborilgandan so‘ng u bir kun muddatda skoring baholash jarayonidan o‘tkaziladi.

Quyidagi hollarda ariza tizim tomonidan skoring ma’lumotlari asosida avtomatik ravishda rad etiladi:

  • qarz oluvchining oldin yuborgan arizasi ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lganda;
  • 18 yoshga to‘lmagan fuqaro nomidan ariza berilganda;
  • O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslarga;
  • muomala layoqati cheklangan yoki mehnatga layoqatsiz fuqaro nomidan ariza berilganda;
  • dastur doirasida to‘liq qaytarilmagan kredit mavjud bo‘lganda;
  • bank kreditlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lganda;
  • avval ajratilgan kreditlardan maqsadsiz foydalanilganda;
  • salbiy kredit tarixiga ega bo‘lganda;
  • soliq organlari, majburiy ijro byurosi organlari va boshqa to‘lovlardan qarzdorligi mavjud bo‘lganda.

Maqolada “Bank xizmati.uz” saytining ma’lumotidan foydalanilgan