Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 22 yoshli yigit unashtirilgan qizining sinfdoshlari tomonidan urib o‘ldirildi. Bu haqda “Milliy” telekanalining “Millar” dasturida ma’lum qilindi.

Viloyat IIBning aniqlik kiritishicha, voqea 2022-yilning 12-avgust kuni kech soat 01:30 da tumanning Galabek qishlog‘ida sodir bo‘lgan.

Voqea guvohlaridan biri Zohid O‘rolovning ma’lumot berishicha, qizning sinfdoshlari uchrashuvga chiqqan yigit va uning do‘stlariga ziyofat qilib berish majburiyatini qo‘ygan.

“Haq berasizlar deb bizning ortimizdan quvib kelishdi. Nexia’ni oldimizda to‘xtatib, yonimizga keldi. Sarvar aka mashinamning farasi tepib sindirilgani uchun ulardan buni kim tepdi, deb so‘radi. Shundan so‘ng Mirkomil degan bola bilan tortishib qoldi. Keyin Shahzod degan bola mashinadan sakrab tushdi. Va Olim akaga sen zo‘rmisan, dedi. Birozdan so‘ng ikki bola qochib ketdi. Qarasak, Olim aka yerda yotgan ekan. Keyin unga birinchi yordam ko‘rsatdik. Shundan so‘ng esa tez yordam mashinasi kelib, uni olib ketdi”, — deydi voqea guvohlaridan biri Zohid O‘rolov.

Viloyat IIBning ma’lumot berishicha, uchrashuvga chiqqan yigit o‘limiga sababchi deya gumonlanayotgan ikki nafar yigit — A.M. va Q.M.lar Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan ayblanib, ushlangan.

“Bola hushdan ketib yiqilganidan keyin ham ko‘pchilik — 15-20 kishi bo‘lib tepkilashgan. Jigar, yurak, o‘pkagacha ezib tashlagan. Hech narsa qolmagan. Ikki kishini qamab o‘tiribdi. Qolganlar-chi?”, — deydi jurnalist bilan suhbatlashgan mahalla faollaridan biri.

Marhum yigitning onasi ham o‘g‘li ko‘pchilik tomonidan urib o‘ldirilgan, degan gumonda.

“O‘g‘lim uydan chiqib ketganidan so‘ng, kechasi soat 12 ekan, telefonim jiringladi. Bolam ‘otam telefon qilyapti’, dedi. Keyin otasi tez soydagi balnitsaga bor, dedi. Borsam, o‘g‘lim o‘lib yotibdi. Uni ko‘pchilik bo‘lib urishgan”, — deydi marhumning onasi.

Marhum yigitning otasi o‘g‘li qattiq urilganidan bosh miyasi ezilib ketganini aytmoqda.

“O‘g‘limni ko‘rib, bo‘larim bo‘ldi. Bosh miyasini ezib tashlashgan. O‘g‘limni ko‘pchilik urgan, ammo ikki kishi ushlangan. Aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilishini xohlayman”, — deydi marhumning otasi.

Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Shuhrat Yo‘ldoshevning ma’lumot berishicha, operatsiya qilinib, tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay bemorning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun 12-avgust kuni 18:00 da vafot etgan.