Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning Angor tumani prokurorini haqorat qilgani aytilgan audioyozuv tarqaldi. Hokimlik voqeani izohladi.

Ta’kidlanishicha, audiomaterial 2022-yilning fevral oyida hokimlik soatidagi muhokamadan kesib olingan.

“Yig‘ilishda kun tartibiga qo‘yilgan masalalar muhokamasi jarayonida viloyat rahbari Angor tumanidagi sektor rahbarlarini tumanning investitsiya, eksport va soliq tushumlari bo‘yicha yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun tanqid qilib, ularga tanbeh bergan. Shu jumladan, tuman prokuroriga ham. Mazkur yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tganligi sababli viloyat hokimi asabiy holatda gapirishga majbur bo‘lgan”, — deyiladi viloyat hokimligi munosabatida.

Hokimlik muhokama bo‘layotgan holat o‘z tasdig‘ini topsa va hokim nohaq bo‘lib, uning harakati qonunga xilof deb topilsa, belgilangan tartibda javobgarlikka tayyorligini ma’lum qilgan.

Bosh prokuratura ham holatga munosabat bildirgan.

“Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga tegishliligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda”, — deyiladi rasmiy bayonotda.