Turizm va madaniy meros vazirligi Taniqli mehmonxona brendlaridan foydalanish bo‘yicha franchayzing to‘g‘risida shartnoma tuzish va bu xarajatlar davlat tomonidan qisman moliyalashtirilishi haqida ma’lumot berdi.

Foto: Wikimedia

Franchayzing

Franchayzing — bu tovar belgisini va texnologiyalarni boshqa shaxs (tadbirkor)ga sotish yoki vaqtinchalik foydalanishga berishdir.

O‘zbekistonda taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish va mazkur brendlar tomonidan mehmonxonalarni boshqarish bo‘yicha franchayzing shartnoma tuzilgan taqdirda, mazkur xarajatlar davlat tomonidan qisman moliyalashtiriladi.

Tashkilotlarni qisman moliyalashtirish franchayzing to‘g‘risidagi shartnomani Brand Finance kompaniyasining top-50 reytingiga yoki top-5 mehmonxona tarmoqlariga kiruvchi mehmonxonalar bilan tuzganida amalga oshiriladi.

Tashkilotlarni qisman moliyalashtirish quyidagi hajmda amalga oshiriladi:

  • 3 yulduzli dastlabki 50 ta mehmonxona — har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 200 AQSH dollari ekvivalentida;
  • 4 yulduzli dastlabki 30 ta mehmonxona — har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 400 AQSH dollari ekvivalentida.

2021-yilda Brand Finance kompaniyasining top-50 reytingiga kiruvchi mehmonxona brendlari:

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

2021-yilda Brand Finance kompaniyasining top-5 mehmonxona tarmoqlari:

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Mehmonxona tarmoqlariga kiruvchi quyidagi mehmonxona brendlari bilan ham franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma tuzilganda tashkilotlar qisman moliyalashtiriladi.

  • Hilton tarmog‘iga kiruvchi mehmonxonalar;
  • Marriott International tarmog‘iga kiruvchi mehmonxonalar;
  • InterContinental Hotels & Resorts tarmog‘iga kiruvchi mehmonxonalar;
  • Hyatt tarmog‘iga kiruvchi mehmonxonalar;
  • Wyndham tarmog‘iga kiruvchi mehmonxonalar.

Franchayzing bo‘yicha arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

  • Ariza beruvchining — yuridik shaxs bo‘lgan O‘zbekiston rezidentining nomi, joylashgan joyi va STIR raqami hamda tijorat bankidagi hisobraqami rekvizitlari;
  • Franchayzing to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;
  • “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” tomonidan taqdim etilgan 3 yoki 4 yulduzli mehmonxona toifasi ko‘rsatilgan muvofiqlik sertifikatining nusxasi.

Vazirlik franchayzing bo‘yicha ariza kelib tushgan kundan boshlab, o‘n ish kuni ichida uning mazkur nizomda belgilangan talablarga mosligini o‘rganib chiqadi.

Vazirlik tomonidan mavjud hujjat to‘liq taqdim etilganligi, brendlarning reytingga kirganligi kabi talablar o‘rganib chiqilib, qisman moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va nusxasini franchayzing bo‘yicha ariza beruvchiga yuboradi.