O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Behzod Fazliddin Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan, deb yozadi “Hudud 24”.

Foto: “Hudud 24”

Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev hech qanday ruxsat olmasdan shoirga tegishli “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” to‘plamidagi “Balosiz – go‘yoki g‘amimni yeysiz” deb boshlanuvchi “Ayyor do‘stlarim” she’ridan foydalanib qo‘shiq ijro qilgan. Va bu ijod namunasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, to‘ylarda faol ijro qilingan. Shoir Behzod Fazliddin Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasidan buzilgan mualliflik huquqlarini tiklab berishni, xonandaga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Murojaat tegishli tartibda o‘rganildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudining qaroriga asosan, xonanda mualliflik huquqbuzarligi sodir etilganlik fakti tasdiqlandi. Unga nisbatan ma’muriy jarima jazosi tayinlandi. Shundan so‘ng shoir Behzod Fazliddin foydasiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining hal qiluv qarori e’lon qilindi. Unga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 80 barobari, ya’ni 24 million so‘m tovon puli, 2 million so‘m ma’naviy zarar, jami 26 million so‘m undirib berildi. Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev tomonidan ijro etilgan “Ayyor do‘stlarim” nomli qo‘shiqni ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlash majburiyati yuklatildi.

Mavzuga doir: SanJay mualliflik huquqini buzgani uchun shoir Usmon Azimga salkam 100 mln so‘m to‘lab beradi