Hozirda O‘zbekistondagi 32 ta bankdan faqat 25 tasi xorijiy valyutada omonatlar taklif etmoqda. Sentabr oyida 1 yilgacha va undan yuqori muddatga xorijiy valyutadagi barcha omonatlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalar 4,4 foizni tashkil etdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bugungi kunda O‘zagroeksportbank, “Savdogarbank”, “TBC Bank”, “Tenge bank”, “Davrbank”, “Ravnaq bank”, “Hi-tech bank” tomonidan xorijiy valyutada omonatlar taklif etilmayapti.

Jismoniy shaxslarga xorijiy valyutada taklif etilayotgan qulay, yuqori foizlar bilan oflayn omonatlar bo‘yicha Top banklar orasidan joy egallagan banklar:

  • “Turon bank” — foiz stavkasi 5,7 foiz, omonat muddati 12 oy, minimal miqdori 10 dollar;
  • “Qishloq qurilish bank” — foiz stavkasi 5 foiz, minimal miqdori 100 dollar, muddati 36 oy;
  • “Anor bank” — foiz stavkasi 5 foiz, minimal miqdori 100 dollar, muddati 24 oy.

Kategoriyalar bo‘yicha, keyingi Top banklar orasidan quyidagi banklar joy egallagan:

“Trast bank” — foiz stavkasi 5 foiz, minimal miqdori 100 dollar, muddati 24 oy;

“NBU” — foiz stavkasi 5 foiz, muddati 18 oy, minimal qiymati 50 dollar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 32 bankning 11 tasida omonatlar bo‘yicha foiz stavkasi 5 foizdan oshmaydi.

Foto: “Review.uz”

Banklar tomonidan xorijiy valyutada jismoniy shaxslarga qulay oflayn omonatlar bo‘yicha eng baland stavkalar:

  • “Turon bank” — 5,7 foiz;
  • “Ziraat bank — 5,5 foiz;
  • “Universal bank” — 5,5 foiz.

Eng past stavka taklif etayotgan banklar:

  • “Asaka bank” — 2,8 foiz;
  • “Poytaxt bank” — 3 foiz,
  • “Orient Finans Bank” — 3 foiz;
  • “Ipak yo‘li bank” — 3 foiz hisoblanadi.

Aniqlanishicha ba’zi banklarda omonatlarni qisman yechish yillik foiz stavkalarini o‘zgarishiga olib keladi.

Bundan tashqari, quyidagi banklar: “Turkiston bank”, “Eron Soderot bank”, “O‘zKDB bank” tomonidan omonatlar mijozlar bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslardan xorijiy valyutada jalb qilingan omonatlar 35,1 trln so‘mni tashkil etdi.

Ma’lumotlar banklarning veb saytlaridan olingan bo‘lib omonat shartlari o‘zgarishi mumkin.

Bundan tashqari, hozirda banklar onlayn omonat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etmoqda.

Boshqa bankka tegishli bank kartasiga omonat ochsa bo‘ladimi?

Bankning mobil ilovasi orqali boshqa bank kartasidan onlayn omonat ochish imkoniyati mavjudligi to‘g‘risida bevosita mobil ilova, bankning rasmiy veb sayti yoki bank xodimlaridan bilsa bo‘ladi.

Agar ma’lum bir bankda omonat ochish imkoniyati faqat mijozlarga taqdim etilsa, shunchaki bank kartasini ochib, unga pul mablag‘larini kiritish mumkin.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida banklar kartani masofaviy ochish xizmatini yo‘lga qo‘ygan.

Buning uchun bankning veb sayti yoki mobil ilovasi yordamida ariza to‘ldirib, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat (pasport/ identifikatsiya ID-kartasi/ yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi/ harbiy bilet) rasmi yuklanadi.

Onlayn omonatlar uchun foizlar qanday hisoblanadi va to‘lanadi?

Onlayn omonatlar uchun foizlar oddiy omonatlarga hisoblanganidek bo‘ladi hamda pul bank kartasiga yoki mobil ilovadagi elektron hamyonga o‘tkaziladi. Foizlarni hisob-kitob qilish uchun depozit kalkulyatoridan foydalanish kerak.

Bankdagi barcha omonatlarni onlayn ravishda ochish mumkinmi?

Bu borada banklar siyosati juda xilma-xildir — oflayn rejimda ochiladigan omonatlarni har doim ham onlayn tarzda ochish imkoniyati bo‘lmaydi.

Onlayn omonatlarni qaytarish qanchalik kafolatlangan?

Onlayn omonatlarni ochishda xotirjam bo‘lish mumkin, chunki ular omonatning har qanday turi singari, miqdori va valyutasidan qat’iy nazar, O‘zbekiston qonunlarga muvofiq kafolatlanadi.

Omonat bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda nima qilish kerak?

Onlayn omonatlar va mobil ilovalardan foydalanish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda, xizmat ko‘rsatuvchi bankning rasmiy veb saytida ko‘rsatilgan raqamlar orqali bog‘lanish mumkin bo‘ladi.

Maqolada Markaziy bankning “Finlit.uz” sayti va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlaridan foydalanildi.