Azon.uz ta’sischisi Mubashshir Ahmad Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilish uchun yillik shartnoma tuzgan migrantlarga soddalashtirilgan tartibda fuqarolik berilishi haqidagi xabarlardan so‘ng o‘zbek musulmonlarining rus qo‘shinlari safida jang qilishi nafaqat jinoyat, balki shar’an harom amal ekanini ta’kidlab, tushuntirish berdi.

Foto: Azon.uz

Bu urushda qatnashish shar’an harom! Kuni kecha Rossiya davlat dumasi urushda Rossiya qo‘shini safida bir yil urushgan chet el vatandoshlarini mamlakat vatandoshligiga qabul qilishi to‘g‘risida qonunni qabul qildi. Shundoq ham rus armiyasi saflariga yollanayotgan vatandoshlarimiz soni bu qonundan keyin yanada oshishi kutilmoqda.

Bu haqda huquqshunoslarimiz chet davlat armiyasiga vatandoshlarimizning yollanishi jinoyat ekanini aytishdi. Xo‘sh, islom shariati bu holatga qanday qaraydi? Qanday hukmlar beradi? Shuni qisqa ko‘rib chiqsak, — deya tushuntirish berdi u.

Mubashshir Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, agar musulmon bo‘lmagan mamlakat bilan g‘ayridin boshqa davlat o‘rtasida urush bo‘lsa, musulmon kishi bunday urushda qatnashishi joiz bo‘lmaydi. Bu hanafiy, molikiy, shofi’iy va hanbaliylardan iborat jumhur fuqahoning mazhabidir.

Imom Muhammad “As-sayrul-kabiyr”da aytadilar: “Musulmonlar shirk ahli bilan boshqa shirk ahliga qarshi urushmog‘i joiz emas. Chunki ikki toifa ham shayton hizbidandir. Shayton hizbi esa ziyonkorlardandir. Shunday ekan musulmon kishi ikki toifadan biriga qo‘shilib, ularning sanog‘ini ko‘paytirib, ular himoyasi uchun urushmaydi. Chunki shirkning hukmi aniq-zohirdir. Musulmon haq nusrati uchun urushadi, shirk hukmini g‘olib qilish uchun emas”. (“Sharhus sayril kabir”, 4/1515).

Musulmon kishi g‘ayridin boshchiligida urushga kirish aslo joiz emas. Alloh taolo aytadi: “Alloh hargiz kofirlarga mo‘minlar ustidan yo‘l bermas”. (“Niso” surasi, 141-oyat).

G‘ayridin qo‘mondon boshchiligida urushga kirish, mo‘minning ustida kofirga yo‘l berish bo‘lib qoladi, — deb yozadi u.

Ta’kidlanishicha, bu hukm musulmonning oddiy hollarda g‘ayridinlar safida urushga kirishi hukmi hisoblanadi. Ammo musulmon kishi zarurat yuzasidan bunday urushlarga qatnashishi kerak bo‘lsa, u holda hukm o‘zgaradi:

  • Musulmon g‘ayridinlar safida g‘ayridinga qarshi urushishga majbur bo‘lsa, agar urushdan bosh tortsa, o‘ldirilsa, u holda qatnashishi joiz.
  • Asirga tushish, tahqirlanish xavfi bo‘lganda bunday ishlardan omonda bo‘lish maqsadida bunday urushga kirish mumkin.
  • Musulmonlar qarshi g‘ayridinlarning zulmidan ozod bo‘lishi va bir safda bo‘lgan qo‘mondonlari ularning huquqlarini berib, hurmat qilishi aniq bo‘lsa, bu holda ham urishish joiz.

Aytilgan hukmlardan ma’lum bo‘lyaptiki, bizning o‘zbek musulmon vatandoshlarimiz rus qo‘shinlari safida jang qilishi nafaqat jinoyat, balki shar’an harom bo‘lgan amal hamdir. Chunki ular yuqorida zikr qilingan uch holatning birortasiga ham doxil emasdirlar, — deya fikriga yakun yasadi Mubashshir Ahmad.