Ba’zi so‘zlarning asl ma’nosi boshqa, lekin biz yanglish ma’noda qo‘llashga o‘rganib qolganmiz. To‘g‘ri ma’nosi ishlatilsa, hayron qolamiz. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday so‘zlarning ba’zilarini izohlaydi.

“Dilgir”likdan yiroq ma’no

Dilgir so‘zini harakatchan, epchil va hatto xursand degan ma’noda tushunadiganlar bor. Ba’zi joylarda uni tiyrak, harakatchan, g‘ayrati ichiga sig‘maydigan degan ma’noda yosh bolalarga nisbatan ishlatishadi. Aslida bu so‘zning ma’nosi boshqa.

Dilgir fors tilidan olingan, o‘zbek tilida ko‘ngli g‘ash, ko‘ngli olingan, yuragi siqilgan yoki yuragini oldirib qo‘ygan, qo‘rqib qolgan ma’nolarini bildiradi.

Lekin mezbonning dilgir kayfiyati ularning ochilib-sochilib o‘tirishiga monelik qilardi.

N. Aminov, “Qahqaha”.

O‘sha dahshatli voqeadan keyin u juda dilgir bo‘lib qolgan.

“Pisanda qildi”: pisanda nima?

Pisanda so‘zini ko‘pincha kinoya ma’nosida tushunamiz. Aslida-chi? Bu so‘zning asl ma’nosi nima?

Izohli lug‘atga ko‘ra, pisanda fors tilidan kirgan. O‘zbek tilida oldindan qo‘yilgan talab, shart; talab yoki shart tarzida aytiladigan bahona ma’nolarida ishlatiladi.

Pisanda qilmoq iborasi esa ikki xil ma’noga ega:

1. Oldindan biror talab yoki shart qo‘ymoq.

Shu asnoda Davronga pasportni uzatarkan, pisanda qildi:

– Endi sizga gap shu, aka: bundan keyin ichgan paytingizda ko‘cha-ko‘yda sanqib yurmang.

N. Qilichev, “Chig‘iriq”.

2. Ta’kidlamoq; luqma tashlamoq.

– Kori xayr ishi davlatga qaramaydi, og‘ayni, – pisanda qildi mulla Berdiyor, – himmatga qaraydi, himmatga.

“Mushtum”.

“Ismi sharif”ning “sharif”i

Ismi sharif – izofali birikma. Dardi bedavo, nuqtayi nazar, tarjimayi hol, adoyi tamom, shahri azim kabilar izofali birikmalardir. Forsiy izofalarda oldin ot, keyin sifat keladi, o‘zbekchada buning teskarisi. Solishtiring: shahri azim – azim shahar, dardi bedavo – davosiz dard.

Ismi sharif birikmasi tarkibidigi ism shaxsiy nomni bildiradi. Sharif so‘zi arab tilidan kirgan, o‘zbekchada muqaddas, aziz; tabarruk ma’nolarida qo‘llanadi. Ismi sharifaziz ism, tabarruk ism degani:

Menkim, Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegi, o‘z hukmimni xoqon ibn xoqon janobi oliy Xudoyorxon ismi shariflaridan eshittiraman.

A. Qodiriy, “O‘tkan kunlar”.

Bu birikma ko‘pincha ism-familiya, ismi va familiyasi yoki ismi va otaismi ma’nosida qo‘llanadi. Lekin bu – xato. Chunki sharif so‘zining familiya yoki otaism degan ma’nosi yo‘q. Bu xato shunchalik ommalashib ketganidan hatto qonunlar tiliga ham ko‘chib o‘tgan. Ruscha otchestvo so‘zini o‘zbek tilida otaism so‘zi ifodalaydi. Ayni shakldagi so‘z lug‘atlarimizga endi kirdi. Oldin ota ismi, otasining ismi, ota oti, otasining oti kabi birikmalardan foydalanilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqsak, FIO qisqartmasi o‘rnida FISH qisqartmasini ishlatish ham xato.

“Baholi qudrat”ning qudrati kam

Baholi qudrat birikmasini bor kuchi bilan, azmu shijoat bilan, g‘ayrat qilib kabi ma’nolarda tushunish va qo‘llash uchraydi. Lekin iborada bu ma’nolar yo‘q. Qaytaga kamtarlik mazmuni yashirin. Bu ibora qudrati, qurbi yetgancha, qo‘ldan kelgancha, imkoniyat darajasida ma’nolarini anglatadi.

Baholi qudrat dasturxon yozilgan.

A. Suyun, “Olis tonglar”.

U adolat va haqiqat uchun baholi qudrat kurashadi.

“Yoshlik”.

Tang qolmoq: “tang” nima degani?

Ba’zi so‘zlar iboralar tarkibida o‘z ma’nosidan uzoqlashadi yoki umuman lug‘aviy ma’nosini ifodalamasligi mumkin. Tang ana shunday so‘zlardan. U fors tilidan o‘tgan. O‘zbekchada oralig‘i, eni, hajmi yetarlicha katta bo‘lmagan; tor, chog‘; qutulish, hal qilish yoki iloji, davosini topish juda qiyin bo‘lgan, g‘oyat og‘ir, mushkul, nochor ma’nolarida qo‘llanadi.

Tang qolmoq (yoki qotmoq) iborasida tang so‘zi yuqorida sanalgan ma’nolarni anglatmaydi. Ibora butun holatda hayratda qolmoq degan ma’noga ega:

Zulayxoning osoyishta yuziga qarab tang qoldim.

P. Qodirov, “Qadrim”.

“Har qalay, uyg‘otay”, dedi yana ona va o‘g‘lining boshiga egildi, egildi-yu, tang qotdi.

I. Rahim, “Chin muhabbat”.

“Xilqat”ning haqiqiy ma’nosi

Xilqat so‘zini go‘zal, chiroyli; fazilat, yaxshi xislat kabi mazmunda tushunish uchrab turadi. Lekin bu – xato. So‘zning ma’nosini to‘liq bilmay yoki taxminiy ma’noda qo‘llash kulgili va qo‘pol ma’nolar chiqib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Xilqat arab tilidan kirgan. O‘zbek tilida yaratilgan, bunyodga kelgan narsa yoki kimsani anglatadi. Bu so‘z asosan kitobiy tilda qo‘llanadi:

Bemor menga uzoq tikilib turdi. Xuddi meni birinchi ko‘rayotganday, ajib xilqatga tikilayotganday tomosha qildi.

A. Nurmurodov, “Urush bevalari”.

Etimologik lug‘atda yozilishicha, bu arabcha so‘z xilqat(un) shakliga ega, xaluqa fe’lidan yasalgan va asliyatda ko‘rinish, shakl-shamoyil ma’nosini anglatadi.

Dilovarlik go‘zallik emas

Dilovar so‘zini go‘zallik, dilbarlik ma’nosida tushunish uchrab turadi. Bir paytlar “dilovar oqshomlar” degan ibora juda mashhur bo‘lgan edi.

Fors tilidan olingan dilovar so‘zi yurakli, qo‘rqmas, jasur, botir degan ma’noni anglatadi:

Zaminu zamonda o‘zingsan g‘olib,

Ey mening dilovar, olovqalb ukam.

A. Oripov, “Yillar armoni”.

Dilovar so‘zi erkak va ayollarga ism sifatida ham qo‘yiladi. Lekin bu ismdagi erkaklar hozir kam uchraydi. Katta ehtimol bilan, bunga so‘zning ma’nosini yanglish tushunish sabab bo‘lgan.