Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Ijevsk shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Vladimir Putinga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatda shifo topishini tiladi.

Ijevskda nima bo‘ldi?

Rossiyaning Ijevsk shahridagi maktabda otishma sodir etildi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yaralanganlar borligi, o‘quvchilar va o‘qituvchilar evakuatsiya qilinayotgaui bildirilgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, maktabda sodir etilgan otishma qurbonlari soni 13 kishiga yetdi. Jumladan 8–15 yosh oralig‘idagi besh nafar bola halok bo‘lgan. Yana 9 kishi jarohatlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dars paytida qora kiyimdagi noma’lum erkak sinfga bostirib kirib, bolalarga qarata o‘q uza boshlagan. Maktab direktori yaralangan o‘quvchi bilan birga kabinetga kirib, yashirinib olishga ulgurgan.

Maktab binosi atrofiga tez yordam, politsiya va qutqaruvchilar mashinalari to‘plangan. Bolalar evakuatsiya qilingan.