26-sentabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan yadroviy urushning oldini olib, mukofotlanish o‘rniga hayfsan olgan SSSR zobiti, xotinidan qasos olish uchun samolyotni uning uyiga urgan uchuvchi va “Karavan”dagi qotillikka oid faktlar o‘rin olgan.

Yadroviy urushning oldini olgan inson

Podpolkovnik Stanislav Petrov 1983-yilning 26-sentabr kechasi Moskva viloyatidagi “Serpuxov-15” maxfiy raketa qismidagi qo‘mondonlik punktida navbatchi bo‘lgan. Soat 00:15 da kompyuter sovet harbiylari doim qo‘rqib kelgan signal jaranglagan: AQSH hududidan ballistik raketa uchirilgan, uning nishoni — SSSR. Yo‘riqnomaga muvofiq, Petrov zudlik bilan rahbariyatga dalolat qilib, javob o‘t ochishini amalga oshirishi kerak edi, ammo u bunday yo‘l tutmagan.

Foto: “Russkaya semyorka”

Mashina ma’lumot yuqori aniqlikda ekanini ko‘rsatdi. Devorda ulkan qizil harflar yonardi: START. Demak, raketa aniq uchgan. O‘zimning jangovar hisobimga qaradim. Kimdir hatto o‘rnidan sakrab turdi. Ovozimni ko‘tarib, hammaga o‘z postlarini egallashni buyurdim. Hammasini tekshirib chiqish kerak edi. Bu jangovar kallakchaga ega raketa bo‘lishi mumkin emasdi”, — deya eslaydi Petrov.

Dushman taraf tomonidan raketa uchirilsa, Sovet Ittifoqi rahbariyatida qaror qabul qilish uchun 28 daqiqa vaqt bo‘lardi. Shaxsan Petrovning o‘zida to‘g‘ri qarorni qabul qilish uchun 15 daqiqa vaqt bor edi. U AQSH Sovet Ittifoqiga yadroviy zarba berishidan shubhalangan — Petrov va boshqa ofitserlarga haqiqiy raketa hujumi bir nechta bazadan amalga oshiriladi deb o‘rgatishgan. U hukumat aloqasi yordamida kompyuterda nosozlik yuzaga kelganini ma’lum qilgan. O‘rganishlar davomida sovet datchiklari quyosh nurlarining bulutdan qaytgan aksini Amerika raketalari uchirildi, deya qabul qilgani aniqlangan.

Petrovning eslashicha, unga mukofot, hatto orden va’da qilishgan, ammo buning o‘rniga hayfsan berilgan — jangovar jurnalni to‘ldirmagani uchun. 1984-yilda u iste’foga chiqib, oilasi bilan Moskva viloyatiga ko‘chib ketgan. “Serpuxova-15”dagi voqealar 1993-yilga qadar davlat siri sifatida saqlangan, o‘sha kungi navbatchilik haqida hatto Petrovning rafiqasi ham bilmagan.

Foto: Getty Images

1998-yilning sentabrida germaniyalik siyosiy faol Karl Shumaxer Bild gazetasida Petrov ismi tilga olingan qaydni o‘qib qolgan. “U yerda yadroviy urushning oldini olgan inson kvartirasida nochor hayot kechirayotgani, pensiyasi hatto yashashi uchun yetmasligi, ayoli esa saratondan vafot etgani haqida yozilgandi”, — deydi Shumaxer. U Stanislav Petrovni o‘z uyiga mehmonga chaqiradi. Shumaxer Petrov mahalliy aholiga “sovuq urush”ning epizodlari haqida gapirib berishini istagan. Petrovga bu ma’qul kelib, mahalliy telekanalga intervyu bergan. Uning tashrifi haqida bir nechta mahalliy gazetalar yozib chiqqan.

Shunday qilib, Stanislav Petrovning tarixi butun dunyoga ma’lum bo‘ldi. Germaniyaga tashrifidan keyin u haqida jahon OAVlari, xususan, Spiegel, Die Welt, Die Zeit, CBS, Radio1, Washington Post, Daily Mail yozgan. Hozirda uning navbatchiligi “sovuq urush”ning asosiy va ramziy epizodlaridan biri hisoblanadi.

2006-yilning 19-yanvarida BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Stansilav Petrovga qo‘lida Yer sharini ushlab turgan billur haykalcha topshirilgan. Unga “Yadroviy urushning oldini olgan inson” yozuvi tushirilgan. 2013-yilning 17-fevralida u qurolli mojaroning oldini olgani uchun Drezden mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Rossiya fuqarolari orasida ushbu mufokotni faqat Mixail Gorbachyov qo‘lga kiritgan.

Stanislav Petrov 2017-yilning 19-mayida vafot etgan. Uning o‘limi haqida na Rossiya va na dunyodagi yirik OAVlar yozgan. Petrovning o‘limi matni elektron versiyasi yo‘q “Rodina” jurnalida chiqqan. Petrovning tanishi Karl Shumaxer uning o‘limi haqida tasodifan xabar topgan. U har yili 7-sentabr kuni Petrovga qo‘ng‘iroq qilib, tug‘ilgan kuni bilan tabriklab kelgan, bu safar esa go‘shakni uning o‘g‘li ko‘tarib, otasi o‘tgan may oyida vafot etganini bildirgan.

Foto: Getty Images

Shumaxer o‘zining blogida nekrolog e’lon qilgan, 14-sentabr esa uning maqolasini WAZ gazetasi — Germaniyadagi eng yirik diniy nashrlardan biri bosib chiqargan. Shundan keyin Shumaxer Petrovning Wikipedia’dagi sahifasiga kirib, uning o‘limi sanasini qo‘shib qo‘ygan.

Ushbu voqea menga juda qattiq ta’sir qilgan. Men G‘arbiy Germaniyada yashaganman va 35 yil sovuq urushning haqiqiy xavfini his qilganman. SSSR raketalarni uchirishi va ulardan biri uyimga kelib tushishiga ishonardim. Stanislav boshqalardan ko‘ra ko‘proq tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq edi. Bir safar buni tashkillashtirmoqchi ham bo‘lganman (nomzodini qo‘yish — tahr.), ammo Stanislav shunday degandi: Nobelni qo‘lga kiritsam, bir daqiqa ham tinchlik bo‘lmaydi”.

Xotinidan qasos olish uchun samolyotni uning uyiga urgan uchuvchi

Bundan 46 yil oldin, 26-sentabr kuni uchuvchi rafiqasidan qasos olish maqsadida “Kukuruznik”da uning uyiga kelib urilgandi. Halokatda uning xotiniga hech narsa qilmagan, ammo olti kishi, jumladan, yosh bolalar halok bo‘lgan. Bu haqdagi ma’lumot 20 yil davomida sir saqlangan, turar joy binosi qayta tiklangan va unda hozir ham odamlar yashaydi.

Foto: Wikimedia Commons

1976-yilning 26-sentabr tongida Novosibirsk shahrining Stepnaya ko‘chasi 43/1 manzilida yashagan oilaviy juftlik dala hovlidan uyiga qaytgan. Uyiga qaytib, bir guruh odamlar to‘planib turganini ko‘rgan va qandaydir namoyish bo‘lyapti deb o‘ylagan, ammo tez orada barchasi ma’lum bo‘lgan. Binoni militsiya qurshab olgan, podyezdda yong‘in chiqqan, devorda esa teshik, yerda samolyotning qoldiqlari sochilib yotgan.

Fuqarolik aviatsiyasining G‘arbiy Sibir boshqarmasining 23 yoshli uchuvchisi Vladimir Serkov xotinidan shunday yo‘l bilan qasos olmoqchi bo‘lgan va olti kishi hamda o‘zini halok etgan.

U aeroportga tungi soat 03:00 da kelgan, ertalab 06:00 da parvozga chiqishi bo‘yicha oldindan ariza tayyorlagan. Vladimir Serkov malakali mutaxassis bo‘lib, “An-2” komandiri hisoblangan. Rejalashtirilgan parvozdan 2 soat-u 45 daqiqa oldin u tibbiy ko‘rikdan o‘tib, feldsherga parvoz vaqti ko‘rsatilmagan soxta tezkor topshiriq varaqasini ko‘rsatgan.

Shundan keyin u sud hujjatlarini va turargohdagi navbatchidan kalitni olgan. Navbatchi Serkovni tanigani uchun ortiqcha savol bermagan. Uchuvchi samolyotga o‘tirib, soat 04:00 larda havoga ko‘tarilgan. Dispetcherlar rejalashtirilmagan parvozdan sarosimaga tushgan va ikki daqiqa o‘tib Serkovni aloqaga chaqira boshlashgan. Dispetcherlar bir necha daqiqa davomida uning qayerga yo‘nalganini aniqlamoqchi bo‘lgan, oxir-oqibat Serkovning o‘zi javob qaytargan: “Meni Stepnaya ko‘chasi 43/1 uydan qidiringlar, familiyam Serkov”.

Panel uyning aholisi o‘zlari uzra parvoz qilayotgan samolyot ovozidan uyg‘onib ketgan. Gap shundaki, Vladimir Serkovni bilganlar uning bu kabi xatti-harakatini darrov tushungan bo‘lardi: rashk va ishsiz qolish qo‘rquvi. Uchuvchi faqat oilalilar uchun mo‘ljallangan shimolga xizmat safariga ketmoqchi bo‘lgan (qoidaga muvofiq uch yilga). Serkovning xotini va o‘g‘li bo‘lgan, ammo rafiqasi bilan munosabatlari darz ketgan edi. Er-xotin ajrashishga ariza bergan, ammo erkak bunga qarshi bo‘lgan: “ketgunimcha sabr qil, keyin 20 marta ajrashsang ham mayli”. Shuningdek, fojiadan oldin u rafiqasini xiyonatda gumonlagan, mahalliy aholiga ko‘ra, bunga yetarlicha asos bo‘lgan.

Foto: Wikimedia Commons

Serkovning rafiqasi Tatyananing aytishicha, oxirgi parvozdan oldin uni ota-onasining uyi oldida tanishi bilan gaplashib turganini eri ko‘rib qolgan. Uchuvchi ular tarqalishini kutib turgan, shundan keyin xotinining oldiga kelib, uni kaltaklay boshlagan. Mojaro Tatyananing ota-onasi uyida ham davom etgan.

Soat 08:16 da samolyot uyga urilib, devorda ikki metrli teshikni hosil qilgan. Samolyotning dum qismi uzilib tushgan va podyezd qarshisida yona boshlagan, bakdan 800 litrga yaqin yonilg‘i to‘kilgan.

Foto: Wikimedia Commons

Samolyot dvigateli kvartiralardan biriga — ikki nafar bola yotgan karavot ustiga uchib kirgan. Xonadonda bo‘lgan buvi oynadan sakrab tushgan, oyoq va qo‘llari singan. Mazkur kvartirada yashagan odamlardan faqat u omon qolgan — mehmonga kirgan 25 yoshli qo‘shni ayol esa portlashning markazida bo‘lgan.

Uchuvchining xotini va uning oilasiga hech qanday shikast yetmagan. O‘t o‘chiruvchilar holatdan besh daqiqa o‘tib yetib kelgan. Ertalabdan bir nechta yong‘inni o‘chirgani uchun ularning yonida suv bo‘lmagan, gidrantga ulanib, olovni o‘chirgunga qadar bir soat vaqt ketgan.

Halokatdan keyin mazkur voqea haqida birorta gazeta yozmagan va u qariyb 20 yil sir saqlangan. Rasmiy hisobotda keltirilishicha, favqulodda holatga Vladimir Serkovning ruhiy muammolari sabab bo‘lgan. Uy qanchadir vaqtdan keyin qayta tiklangan.

“Karavan” savdo-ko‘ngilochar markazidagi qotillik

2012-yilning 26-sentabr kuni Kiyevdagi “Karavan” savdo-ko‘ngilochar markazida Yaroslav Mazurok ismli erkak sodir etgan o‘g‘irligini payqab qolgan qo‘riqchilarga qarata o‘q uzgandi. Ularning uch nafari voqea joyida vafot etgan, bittasi og‘ir yaralangan. 7-noyabr kuni Ukraina Ichki ishlar vazirligi poytaxtda Mazurokning jasadi topilganini e’lon qilgan.

Foto: “Kommersant”

Ichki ishlar vazirligining Kiyevdagi bosh boshqarmasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergov boshqarmasi katta tergovchisi Ruslan Mogilnoning so‘zlariga ko‘ra, asli lvovlik bo‘lgan Yaroslav Mazurok Kiyevga 1990-yillarda kelgan. Poytaxtda u rafiqasi Lyudmilaga tegishli kvartirada yashagan. Bir necha bor ish joyini o‘zgartirgan: xususiy korxonalardan birining o‘tkazish punktida ishlagan, kuryer bo‘lgan, 2008-yildan 2010-yilga qadar “Kvazar” zavodida quyosh batareyalarini yig‘gan, biroq sog‘lig‘i sababli ishdan bo‘shagan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u avtomobillar va kvartiralarda o‘g‘irlik sodir etib, kun kechirgan. Uyini tintuv qilish jarayonida u yerdan 2012-yilda o‘g‘irlangan avtomobillar ichida bo‘lgan buyumlar va qurilish anjomlari topilgan. Umuman olganda, er-xotin ayolning oyligiga yashagan. Shu bilan birga, oilada tez-tez janjallar bo‘lib turgan. “Ayolning aytishicha, u juda rashkchi bo‘lgan, janjal vaqtida jinniligi qo‘zib, mobil telefonini tashlagan holda uydan chiqib ketavergan”, — deydi Mogilniy.

Tergov yakuniga ko‘ra, Yaroslav Mazurok “Karavan”dagi qotillikdan tashqari, sakkiz kishini o‘ldirish va yana ikkita suiqasdda gumonlangan. Birinchi jinoyatini u 2004-yilda Oblonskiy tumanida sodir etgan — o‘g‘irlikka tushgan kvartirada ishlab ketgan signalizatsiyani tekshirgan Davlat qo‘riqlash xizmatining ikki xodimini otib tashlagan. Militsiya xodimlaridan biri vafot etgan, ikkinchisi yaralangan. 2008-yilning fevralida Pusha-Voditsa tarixiy qadamjosida ikki arxeolog otib ketilgan. 2009-yilda Mazurok seriyali qotilliklarni amalga oshirgan — Svyatoshinskiy tumanida boshpanasiz odamni otib tashlagan, Moskva prospekti yaqinida esa ikkita lo‘liga o‘q uzgan. 2010-yilning yanvarida u kiyevlik fuqaroga tashlanib qolgan, ammo u omon qolgan.

2012-yilning iyulida Solomenskiy tumanida Mazurok harbiy xizmatchi va uning sevgan qizini o‘ldirgan. Ushbu qotilliklar sodir etilgan jinoyat quroli topilmagan. “Qotilliklar qasddan amalga oshirilmagan, qurbonlar tasodifiy insonlar bo‘lgan”, — deydi Mogilniy. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi holatlarning barchasida qo‘rg‘oshindan qo‘lbola usulda yasalgan o‘qlardan foydalanilgan. Bunday o‘qlar keyinchalik Mazurokning kvartirasidan topilgan. Shuningdek, o‘q quyish uchun moslama va turli qurollar turiga oid disklar aniqlangan.

Foto: “Kommersant”

Bundan tashqari, tergov davomida Yaroslav Mazurokning 2006—2007-yillarda sodir etilgan yana oltita qotillikka aloqasi tekshirilgan, biroq ekspertiza u vaqtlarda foydalanilgan qo‘rg‘oshin o‘qlarining farqini ko‘rsatgan. Hujum uchun Mazurok qo‘lbola “IJ-79” (“Makarov” to‘pponchasining nusxasi) gaz to‘pponchasidan foydalangan. Erkak qurolni 2004-yilda sotib olgan bo‘lib, xariddan ko‘p o‘tmay, uni yo‘qotib qo‘ygani haqida ariza yozgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, aslida u to‘pponchani jangovar o‘qlar otishga moslashtirgan.

“Karavan”dagi qotillikdan ikki kun oldin Yaroslav rafiqasi bilan janjallashib qolib, uyidan chiqib ketgan. 26-sentabr kuni u savdo markazidan kepka, sut, non olgan va ularning pulini to‘lagan. Shuningdek, u paypoq va akkumulyator batareyasi uchun quvvatlantirgich olgan bo‘lib, kassada uning pulini bermagan.

Supermarket videooperatori uning harakatlarini payqab qolib, kassa yonidagi qo‘riqchi Pavel Fedenkovga xabar bergan. U Mazurokning oldiga kelib, hamma tovar uchun pul to‘ladingmi deya so‘ragan va ijobiy javob olgan. O‘shanda u tekshiruv uchun qo‘riqchilar xonasiga borishni maslahat bergan. U yerda Yaroslav Mazurok avvaliga faqat quvvatlantirish qurilmasini chiqargan, keyin esa qo‘riqchilar talabi bilan paypoqlarni olgan. “Bularning haqini to‘lash uchun uning yonida pul bor edi”, — deydi tergovchi. Tergov versiyasiga ko‘ra, Mazurok olgan tovarlarining pulini to‘lashini talab qilib, aks holda militsiya chaqirishlarini aytishganidan so‘ng o‘t ochgan.

Mazurok jami to‘qqizta o‘q uzgan. Ikkitasi Pavel Fedenkovga, ikkitasi Dmitriy Marchekoga, Vladimir Burchak va Aleksandr Zavadskoyga esa bittadan o‘q teggan. Faqat Fedenkov tirik qolgan. Yana uchta o‘q xato ketgan. “Karavan”dan qochib chiqqan Mazurok uyiga qaytib, kiyimlarini almashtirgan va chiqib ketgan. Bu vaqt kvartirada hech kim bo‘lmagan. U qayerga yashiringanini tergov aniqlamagan. 7-noyabr kuni Yaroslav Mazurokning jasadi topilgan. U o‘z joniga qasd qilgan edi.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.