Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi “Quyi obron” mahallasida yashovchi 38 yoshli ayol va “Yuqori obron” mahallasida istiqomat qiluvchi 19 yoshli qiz o‘zini poyezd tagiga tashlab, joniga qasd qildi. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Murodjon Amirov xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 38 yoshli ayol bilan bog‘liq voqea 27-sentabr kuni, 19 yoshli qiz voqeasi esa 25-sentabr kuni sodir bo‘lgan.

Mahalla xotin-qizlar faoli Ziyoda Botirova hamda o‘z joniga qasd qilgan 38 yoshli ayol.

Foto: “Daryo”

Jurnalist bilan muloqot qilgan “Quyi obron” mahallasi raisi Oliya Boltayevaning aytishicha, 38 yoshli ayol voqeasi 27-sentabr kuni tong sahar, quyosh chiqishi arafasida ro‘y bergan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Aniqlanishicha, marhuma Qarshi davlat universitetida tahsil olgan va shu kungacha ishsiz yurgan. Yaqinda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bankdan 30 million so‘mlik chorva krediti olib, ta’minotchi orqali bir necha bosh qo‘chqor sotib olgan. 23-sentabr kuni esa mahalla xotin-qizlar faoli Ziyoda Botirova ta’minotchi bilan birgalikda marhumaning uyiga borib u bilan suhbat o‘tkazgan.

38 yoshli ayol bilan bog‘liq voqea sodir bo‘lgan joy.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

38 yoshli ayol bilan bog‘liq voqea sodir bo‘lgan joy.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Bu oilani avvaldan yaxshi bilaman. Oilada shu paytgacha hech qanday mojaroli vaziyat kuzatilmagan. Mahalladagi namunali oilalardan biri edi. Voqeadan keyin qizi bilan bog‘langanimda, ertalab turganimizda onam joyida yo‘q ekan. Keyin mana shu xabarni eshitdik deb javob berdi”, — deydi MFY raisi Oliya Boltayeva.

Oliya Boltayeva.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Koson tumanining “Yuqori obron” mahallasida yashovchi 19 yoshli qiz ham poyezd tagiga tashlab, o‘z joniga qasd qilgan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

2003-yilda tug‘ilgan G.U. bilan bog‘liq voqea 2022-yilning 25-sentabr kuni sodir bo‘lgan.

Voqea tafsilotlarini o‘rganishni maqsad qilgan jurnalist Murodjon Amirov 26-sentabr kuni kechki payt soat 20:00 da “Yuqori obron” mahallasi raisi Yaxshimurod Xudoyberdiyev bilan telefon orqali muloqot qilgan. Muloqot davomida rais ayni paytda shifoxonada ekanini, voqeadan xabari yo‘qligini aytgan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Jurnalist bilan muloqot qilgan mahalladagi yoshlar yetakchisi Shahlo Karimova esa voqea haqida jurnalistga axborot bergan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Mahalladagi xotin-qizlar faoli Klara Ro‘ziyeva qizning oilasi va o‘zi haqida shunday deydi: “Oilasi yaxshi edi. Biron bir janjal kuzatilmagan. Qizning o‘zi ham yaxshi qiz edi. Onasi bilan suhbatlashdim hech narsa bo‘lgani yo‘q ekan. Balki yashirayotgan bo‘lishi mumkin. Qo‘shni mahalla “O‘rta obron”da unashtirilgan yigiti bor ekan. U bilan suhbatlashdim. U ham yaxshi edi gaplashib turgandim, yaqinda fotiha to‘y qilmoqchi edik deb javob berdi”.

Jurnalist marhuma G.U.ning oilasidagi qayg‘uli ahvolni inobatga olib, qizning unashtirilgan yigiti bilan ham suhbat qilish uchun “O‘rta obron” mahallasida bo‘lgan. Mahalla raisi Qahramon Abdullayev bu haqda surishtirgan jurnalistga “men senga ma’lumot bermayman”, deya qo‘pol muomalada bo‘lgan. Shuningdek, jurnalistga do‘q qilib, xonasidan chiqib ketishini talab qilgan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

“Bizning vaqtimizni olyapsan, sen kimsan o‘zi, chiqib ket xonamdan”, — deya jurnalistga hurmatsizlik qilgan.

“Daryo” mahalla raisiga qo‘ng‘iroq qilib, jurnalistga qilingan qo‘pol muomala sababini so‘radi.

Men to‘g‘ri kelgan odamga axborot bermayman. Bu mahalla siri hisoblanadi. Mening oldimga kelib, axborot olmoqchi bo‘lgan jurnalist buyrug‘ini ham olib kelishi kerak. Men shundagina unga axborot beraman” — deydi “O‘rta obron” MFY raisi Qahramon Abdullayev.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Qahramon Abdullayevning “Daryo”ga tushuntirishicha, davlat sirlarini oshkor etmaslik taqiqlanganidek, u ham mahalla sirini oshkor etmaydi.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Mazkur holatlar bo‘yicha Transport prokuraturasi hozircha rasmiy axborot bermagan.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.