Marhum ijodkor Ravshan Namozov boshqa hamkasblariga o‘xshamasdi. Uning o‘z olami va boshqalarda uchramaydigan o‘ziga xos ijod yo‘li bor edi. Afsuski, unga sahnada erkin ijod qilish, yakkaxon konsert dasturini o‘tkazish nasib etmadi. U uzoq yillar davom etgan og‘ir xastalik — qon saratoni sabab 61 yoshida bu yorug‘ olamni tark etdi. “Daryo” muxbiri Nargizaxon Murodova ijodkor oilasidan ko‘ngil so‘rash maqsadida ayoli Muhabbat Namozova bilan bog‘landi. Nazarimizda, 36 yil davomida birga yashab, Ravshan Namozovning boshidan o‘tganlarni undan-da, yaxshiroq biladigan inson bo‘lmasa kerak.

“Kasallikka kuchli stress sabab deyishdi...”

Foto: Instagram / @ravshannamozov

— 2014-yili turmush o‘rtog‘imning qon saratoniga chalinganligi ma’lum bo‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida muntazam Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida davolandi. Afsuski, so‘nggi paytlarda kasallik zo‘rayib, eng og‘ir formasiga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Shifokorlarning fikricha, kasallikning asosi kuchli stress bilan bog‘liq. Turmush o‘rtog‘im hayotlik chog‘ida juda qiynaldi. Ba’zan bizga bildirmasdi, ammo ichidan ezilayotganini yaxshi bilardim. U 1996-yildan to 2017-yilga qadar taqiq ichida yashadi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ijodkorlarga cheklov qo‘yib bo‘ladimi?! Bu qushning ikki qanotidan ayirgandek gap-ku.

21 yil davomida biror konsertda chiqish uchun borsa, “Aka, uzr sizga mumkin emas ekan”, deb sahnaga chiqarishmasdi.

Dugonam radioda ishlardi. Bir-ikki marta uning qo‘shig‘ini efirga bermoqchi bo‘lganida “Ravshan Nomozov qo‘shig‘ini olib tashlang”, deyishgan. Dugonam “Nega uning qo‘shig‘ini berish mumkin emas, uning ‘zapretda’ ekanligini isbotlaydigan biror qog‘oz bormi?” deb so‘raganda “Tepadan shunday topshiriq kelgan. Ravshan Namozovning ashulasini qo‘ymanglar”, deb tayinlashgan. Afsuski, turmush o‘rtog‘imning hayotida bunday voqealar ko‘p takrorlanardi.

Ravshan aka umrining so‘nggi ikki yarim oyini kasalxonada o‘tkazdi. Jonlantirish bo‘limidan chiqqanidan keyin ikki oy uning yonida bo‘ldim. Kasallik insonni batamom yengib qo‘yar ekan. Nimalardir degisi kelardi, ammo holsizligidan shiftga tikilib yotaverardi. O‘limidan bir kun avval “Uyga qaytaylik” deb qo‘ymadi. Keyin bilsam uyda o‘lim topishni istagan ekan. Joni chiqayotgan paytda yonida men, qaynsinglim va o‘g‘lim bor edi. Rus tilida “Sahnada Ravshan Namozov kuylaydi”, deb joni uzildi. O‘limiga qadar katta sahnaga chiqishni va yakkaxon konsert berish orzusi bilan yashadi.

Soch-choqoli tufayli “zapret”ga tushgan

Foto: Instagram / @ravshannamozov

— 1996-yili Ravshan aka Mustaqillik bayramida chiqishi kerak edi. Uning imidji boshqalarga o‘xshamasligi, sochi va soqolini o‘stirib yurishini yaxshi bilishardi. U mana shu imidji bilan o‘zbek folklor rok san’atini 156 ta davlatga tanitib kelgan edi.

Xullas, Mustaqillik bayramiga chiqishdan avval “Soch-soqolingni olasan”, deyishgan. “Uzr, men ololmayman, chunki uni bir necha oydan beri o‘stiryapman. Uni Xivada olinadigan “Sevgi qo‘shig‘i” musiqiy filmi uchun maxsus o‘stirganman”, deb tushuntirishga harakat qilgan. Oxiri “Mayli, bayramda chiqmayman”, degan. Ana shunday keyin bunday muammoli vaziyatlar bir-biriga ulanib ketaverdi. Eng katta zarbani o‘sha paytdagi “O‘zbeknavo”ning rahbarlaridan biri (ismi yodimda yo‘q) berdi. Shu kishi turmush o‘rtog‘imga to‘sqinlik qilib, ko‘p stresslarga sabab bo‘ldi.

Ravshan Namozov sahnada tug‘ilgan

Foto: Instagram / @ravshannamozov

— Ravshan Namozov sahnada tug‘ilgan va hamisha unga intiladigan ijodkor edi. Sizga hech qayerda yozilmagan ma’lumotni aytaman. Qaynonam va qaynotam ham san’atkor bo‘lishgan va Termizdagi Mannon Uyg‘ur nomidagi musiqali teatrida ishlashgan. Oila qurib, qaynonam homilador bo‘lganida ham spektakllarda ishtirok etib yurgan. Ikkisi “Ravshan va Zulxumor” spektaklida rol ijro etishayotganida birdan qaynonamni to‘lg‘oq tutib, sahnada turmush o‘rtog‘im dunyoga kelgan ekan. Shu uchunmi bilmadim, sahna u uchun hamisha qadrli edi.

“Sahnada o‘lsam qaniydi”, deb yurgan inson edi... Oxirgi paytlarda “Mening birgina armonim bor. Meni sahnaga yo‘latishmadi. Men ijodimni o‘zim bilan olib ketyapman”, degan gapni ko‘p aytardi.

Agar gaplarimga ishonmasangiz, borib surishtiring. 1993-yildan buyon O‘zbekiston davlat Konservatoriyasida talabalar Ravshan Namozov yaratgan musiqalarni o‘rganib kelishyapti. Uning musiqalarini oddiy odam tushunmasligi mumkin, ammo ijodkorlar uning qadrini yaxshi bilishadi.

“O‘zbekistondan ketishni istamadi”

— Ravshan Namozovning ijodini xorijda qadrlaydiganlar ko‘p edi. Unga cheklov qo‘yishganini eshitib Germaniya va AQSHdagi hamkasblari bir necha marta “Bu yerga kelib ijod qiling, siz yurtingizga kerak emassiz, bu yerda sizga hamma shart-sharoitlarni yaratib beramiz”, deb taklif qilishdi. Ravshan aka taklifga bir xil javob qaytarardi. “Yo‘q, men xorijda yashamayman, bir kun emas bir kun o‘z yurtimga kerak bo‘laman”, degan umid bilan yashadi.

“Konservatoriyaga kirishi uchun pora so‘rashgan”

Foto: Instagram / @ravshannamozov

— “Zapret”lar to‘xtamaganidan keyin oilaviy yig‘ilib “Balki oliy ma’lumotli bo‘lmaganingiz uchun shunday qilishayotgandir, o‘qishga kirsangiz qanday bo‘larkin?” deb maslahat soldik. 2008-yili O‘zbekiston davlat Konservatoriyasining rektori xursand bo‘lib “Aslida o‘qituvchilarimiz sizdan dars olishi kerak, ammo vaziyat aksi bo‘lyapti. Siz tayyorlov kursiga keling, imtihondan o‘tsangiz bira to‘la ikkinchi kursga qabul qilamiz”, dedi. Ravshan aka xursand bo‘lib, pulini to‘lab 6 oy tayyorlov kursiga qatnashdi.

O‘qituvchilar darsga kirganida Ravshan akadan uyalib “Sizga qanday dars o‘taman, ustozsiz-ku”, deyishardi. Ammo turmush o‘rtog‘im sochi oqargan holida ham hamma talabalar qatori tayyorlov kursiga qatnadi. Imtihon paytida esa kimdir ustozlarga pul berish kerakligini aytibdi. U “shok”ka tushib qolgan. “Men san’atimni sotib olmayman”, deb uyga qaytib kelgan. Hech yodimdan chiqmaydi, o‘sha kuni qilgan ishlarining barchasini yirtib tashladi. Hatto, ta’lim olmoqchi bo‘lganida ham uning oyog‘iga bolta urishdi, shundan keyin o‘qish haqida o‘ylab ham ko‘rmadi.

“U pul yig‘ib musiqiy asbob sotib olardi”

Foto: Instagram / @ravshannamozov

— Odamlar pul yig‘ib, qimmatbaho narsa olsam yoki sayohat qilsam deydi. Ravshan aka hech qachon bunday narsalarga intilmasdi. U ro‘zg‘ordan ortgan pullarini yig‘ib, musiqiy asboblar sotib olardi. Uning yoniga bir bonka suv va to‘rttagina qotirilgan non qo‘ysa bo‘ldi edi. U gitarasini olib, juda chiroyli musiqalarni chalardi. Eski mashina haydab, oddiy kiyinib yursa ham qimmat musiqiy asboblar sotib olganidan jahlim chiqardi. “Shuni o‘rniga yaxshiroq kiyim olsangiz bo‘lmaydimi?” deb koyib berardim. O‘limidan avval ikki yarim oy kasalxonada davolandi. “Gitaramni sog‘indim”, deb xuddi uni quchoqlagandek yotardi. Ammo uni qo‘liga olib chalolmasdi.

“Nasiba Abdullayeva haqiqiy hamkasbi ekan”

Foto: Instagram / @ravshannamozov

— Turmush o‘rtog‘im oilasining to‘ng‘ich farzandi edi, uning 11 ta uka-singillari bor. Ular hamisha bizni moddiy-ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Yanvar oyida o‘g‘limning do‘stlari kasalxonaga kelishdi. “Nima yordam?” deyishgan edi ozgina qon kerakligini aytdik. Xullas, ular bir-biriga tarqatish uchun post yasashgan va u internetda tarqab ketgan.

Turmush o‘rtog‘imni hurmat qilgan do‘stlariga ham ming rahmat. Ular bizni yolg‘iz tashlab qo‘yishgani yo‘q. O‘zbek san’atkorlaridan Nasiba Abdullayevaga alohida minnatdorlik bildiraman. U haqiqiy hamkasb, do‘st ekan. Munisa Rizayeva va sozandalari xabar olib turishdi.

“Farzandlarimga ham taqiq bo‘lishidan qo‘rqaman”

— Shukrki, ikki o‘g‘limiz bor, ular ham otasi kasbini davom ettirishyapti. Ularni uylantirdik, hozirda uchta nabiramiz bor. Shuncha gapni gapirdim, endi o‘g‘illarimga ham qandaydir taqiqlar bo‘lmasa edi, deb qo‘rqib ketaman. Chunki kimdan nimani kutishni bilmaydigan zamonda yashayapmiz.

Foto: Instagram / @ravshannamozov

Yana bir ma’lumotni aytib o‘tmoqchiman. Ko‘pchilik Ravshan Namozov ijodni “Qars” guruhida boshlagan deb biladi. Aslida turmush o‘rtog‘im ijodini 1989-yili emas, 1978-yili boshlagan. U Rossiyaning Sarotov viloyatiga harbiy xizmatga yuborilganida o‘sha yerda 4 yigitdan iborat guruh tashkil etishgan.

O‘sha yerdagi komandirlar ularning iqtidorini ko‘rib, zalda mashg‘ulot o‘tishiga ruxsat bergan. Xizmat vaqtida SOYuZ bo‘yicha ko‘plab gastrol konsertlariga yuborishgan. Harbiy xizmatni yakunlagach, ular Termizga qaytib “Behruz” nomli ansamblni tashkil etishgan.

O‘sha vaqtlarda bu ansambl Termizda katta mashhurlikka erishgan. 1985-yili Moskvada o‘tkazilgan yoshlar festivalida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritgan, undan keyin Germaniya va Toshkentda o‘tkazilgan festivallarda ishtirok etishgan. Toshkentdagi festivalda “Qars” guruhidagi yigitlar Ravshan akaga birga ijod qilishni taklif etishgan.

Ammo Ravshan Namozov “Qars”ga kelgunga qadar anchagina ijod qilib qo‘ygan va yutuqlarga erishib bo‘lgandi. Keyinchalik to‘ng‘ich o‘g‘limiz tug‘ilgan unga omad keltirgan ansambl nomini o‘g‘limga ism sifatida qo‘ydi.

Mavzuga doir: Xonanda Ravshan Namozov uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etdi