Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Denov tumani “Dahana” mahallasida joylashgan 57-maktabning 3-sinf o‘quvchisi qotillik qurboni bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, Denov tumani “Buyuk ipak yo‘li” mahallasida yashovchi M.Q. (ayol) 27-sentabr kuni soat 17:25 da o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, 2013-yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan Z.Q.ni Sariosiyo tumaniga olib borgan. Keyin uyiga qaytib kelgan vaqtida voyaga yetmagan Z.Q.ning sog‘ligi yomonlashganini ko‘rib, bila turib, hayoti xavf ostida qolgani va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lganini anglagan holda unga yordam ko‘rsatmagan.

So‘ng shu mahallada joylashgan, Denov tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 15-maktabning hovlisiga olib borib tashlab ketishi oqibatida voyaga yetmagan Z.Q. maktab hovlisida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 28-sentabr kuni tuman prokuraturasi tomonidan M.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tuman IIB TB tomonidan olib borilmoqda. Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olindi.