28-sentabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Folklend orollarini qaytarib olgan Margaret Tetcher, “Estoniya” paromining sirli cho‘kishi hamda Moskvani eng uzoq boshqargan mer Yuriy Lujkov iste’fosiga oid faktlar o‘rin olgan.

Uyg‘ongan imperiya: Tetcher Folklend orollarini argentinaliklardan qanday tortib olgan edi?

1966-yilning 28-sentabrida bir guruh argentinalik millatchilar Aerolineas Argentinas kompaniyasiga tegishli Douglas DC-4 samolyotini egallab olgandi. Turli manbalarga ko‘ra, 18-40 kishidan iborat guruh Britaniya bilan baxsli arxipelag poytaxtidagi aeroportga bostirib kirib, Argentina bayrog‘ini o‘rnatgan va hududni o‘z mamlakatiga tegishli deb e’lon qilgan. Oradan 16 yil o‘tgach Margaret Tetcher Folklend orollarini egallagan argentinaliklarga to‘laqonli urush ochadi.

Argentina Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli Super Etendard qiruvchilari, 1982-yil

Foto: Wikimedia Commons

XX asrning ikkinchi yarmida qudratli Britaniya imperiyasi parchalanib, dengiz ortidagi ko‘plab hududlaridan ayrilgan. Argentinalik diktator Leopoldo Galtieri Buyuk Britaniyadan 12 ming kilometr uzoqlikda bo‘lgan bahsli Folklend orollarini egallashga uringan. U osonlikda g‘alaba qozonib, o‘z reytingini ko‘tarishga umid qilgan, biroq adashgan edi: Argentina armiyasi tor-mor keltirilgan, bir yildan keyin esa diktatura o‘rnini demokratik hukumat egallagan.

1982-yilning 2-aprelida Buyuk Britaniya va Argentina o‘rtasida Janubiy Atlantikadagi orollarga egalik huquqi bo‘yicha Folklend urushi boshlangan. Buyuk Britaniya Folklend arxipelagini 1883-yilda o‘z hududi deya e’lon qilgandi. Orolning janubiy qismidan 500 kilometr uzoqlikda joylashgan Argentina esa doim uni o‘ziniki hisoblab kelgan. Ushbu muammo Argentina uchun hayot-mamot masalasi emas edi, Folklend aholisining aksariyatini XX asr o‘rtalarida britaniyalik kolonistlarning avlodlari tashkil etar va ushbu hududiy bahs 1982-yilga qadar jiddiy mojaroga aylanmagan edi.

Argentinada hokimiyat tepasiga diktator Leopoldo Galtieri kelganidan keyin barchasi o‘zgargan. U g‘alabali urush — xalq mehrini qozonishning yaxshi usuli deb hisoblagan va “buyuk derjava” maqomidan ayrilgan Buyuk Britaniya bu qadar uzoqlikdagi hududini himoyalay olmaydi deb o‘ylagan. Bundan tashqari, Qirollik floti tarkibida Amerikaning Enterprise yoki Nimitz sinfiga kiruvchi og‘ir aviatashuvlar bo‘lmagan, shuning uchun urush oson kechishi kerak edi.

2-aprel yozida 600 ga yaqin argentinalik Sharqiy Folklend oroliga borib, Britaniya qo‘shinlariga hujum uyushtirgan. Orolni 100 nafarga yaqin dengiz piyodalari va 20 nafar atrofida ko‘ngilli himoya qilgan, uzoq davom etmagan otishmadan keyin garnizon taslim bo‘lgan.

1950—1960-yillarda Buyuk Britaniya Fransiyadan farqli o‘laroq koloniyalarni kuch bilan ushlab qolishni istamagan, ammo imperiyaning qulashi uzoq davom etgan inqirozni yuzaga keltirgan. Folklenddan ayrilish so‘nggi tomchiga aylanishi mumkin edi, shu sababli Margaret Tetcher juda keskin javob qaytargan. Hujumdan bir necha kun o‘tib, orolni qaytarib olish bo‘yicha tezkor flot guruhi shakllantirilgan va 5-aprel kuni Janubiy Atlantikaga yuborilgan.

Britaniya armiyasi okean ortidagi urushga tayyorgarlik ko‘rmagan. 160 ming askarning 55 mingi G‘arbiy Germaniyaga qaratilgan edi va armiya umuman olganda Sovet Ittifoqiga qarshi urushga tayyorlangan. Shu sababli Folklend orollaridagi urushga yo‘naltirilgan kuchlarning asosiy qismini mutlaqo yaroqsiz bo‘lgan tanklar tashkil etgan. Buning ustiga Britaniya aviatashuvchilari parli katapulta bilan jihozlanmagani uchun faqat Harrier kabi vertikal uchib qo‘nadigan samolyotlarga xizmat ko‘rsata olardi.

Folklend orollaridagi San-Karlos plyajiga yetib kelgan Britaniya qo‘shinlari, 1982-yil

Foto: IWM FKD

Argentinaning esa eski bo‘lsa-da, to‘laqonli Veinticinco de Mayo aviatashuvchisi bo‘lgan. Dengiz aviatsiyasining asosiy qismini Amerikaning eskirgan A-4 Skyhawk qiruvchi samolyotlari tashkil etgan. Bundan tashqari, Argentinada Fransiyaning Super Etendard qiruvchilari ham bo‘lgan.

Ammo Fransiya Buyuk Britaniyaning ittifoqdoshi edi va shu sababli mojaro boshlanishi bilan Argentinaga ehtiyot qismlar yetkazib berishni to‘xtatgan va mutaxassislarini chaqirib olgan. Natijada argentinaliklar Super Etendard tizimiga integratsiya qilinishi uchun o‘z kuchlari bilan qayta dasturlanishi kerak bo‘lgan beshta raketa bilan qolgan. Shu bilan birga, Argentina faqat muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan armiyasiga ishongan, Britaniya armiyasini esa SAS va SBS maxsus kuchlaridan iborat professional askarlar tashkil etgan.

12-apreldan boshlab Folklend orollarining atroflari Britaniya tomonidan qurshab olingan, ammo jangovar harakatlar 1-mayda boshlangan. Uzoq masofaga mo‘ljallangan Vulcan bombardimonchilari Folklend poytaxti yaqinidagi aerodromga zarbalar bergan. Shundan keyin dengizda havo urushi boshlangan, argentinalik uchuvchilar Britaniya kemalarini ishg‘ol eta boshlagan.

Oxir-oqibat britaniyaliklar torpedalar yordamida Ikkinchi jahon urushidan qolgan General Belgrano yengil kreyserini cho‘ktirishga muvaffaq bo‘lgan. Argentinaliklar bunga ancha jiddiy javob qaytargan — ular 1945-yildan beri biror kemasini yo‘qotmagan Buyuk Britaniyaning Sheffield zamonaviy esminetsini yo‘q qilgan.

Buyuk Britaniyaning HMS Sheffield kemasi, 1982-yil

Foto: IWM FKD

Ko‘plab to‘qnashuvlarga qaramay, britaniyaliklar 21-may kuni desantchilarni yuborgan. Argentina aviatsiyasi bunga xalaqit berishga uringan va bir nechta kemani, jumladan, Coventr, Sheffield’ni cho‘ktirib yuborgan. Ammo qandaydir sababga ko‘ra argentinaliklar ancha himoyasiz transportlarga hujum uyushtirgan va natijada orolga bir necha ming britaniyalik askar kelishga muvaffaq bo‘lgan.

Britaniya askarlari argentinaliklarni asirga olmoqda

Foto: Getty Images

Qattiq urush davomida Britaniya qo‘shinlari argentinaliklarni mag‘lubiyatga uchratgan. Yoz boshida orollar poytaxti Port-Stenli egallangan, Argentina garnizoni esa 14-iyunda tarqatib yuborilgan. Shu kunning o‘zida o‘t ochish to‘xtatilgani e’lon qilingan. Mojarolar davomida Buyuk Britaniya 258 nafar, Argentina esa 649 nafar harbiy xizmatchisidan ayrilgan. Urush yakuni Buyuk Britaniya va Margaret Tetcherning g‘alabasi sifatida qabul qilingan. Argentinada esa Galtieri diktaturasining qulashiga olib kelgan va 1983-yilda erkin saylovlar o‘tkazilgan.

“Estoniya” paromining sirli cho‘kishi va 853 kishining o‘limi. Nega hech kim rasmiy versiyaga ishonmagan edi?

1994-yilning 28-sentabr kuni Boltiq dengizida yirik fojia sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning yaqinlari “Estoniya” paromining halokatini hamon maxsus xizmatlarning harakati deb hisoblab keladi.

2000-yilning yozida amerikalik biznesmen Grek Bemes hamda Germaniya telekompaniyalaridan birining vakili olti yil oldin cho‘kib ketgan “Estoniya” paromini qidirish bo‘yicha ekspeditsiyaga otlangan. U Boltiq dengizida 83 metr chuqurlikda yotar edi. Halokat sodir bo‘lgan vaqtda “Estoniya” bortida 989 kishi bo‘lgan, ular orasidan faqat 94 nafar yo‘lovchi va 43 nafar ekipaj a’zosi omon qolgan. Halok bo‘lgan 95 kishi qirg‘oqqa olib chiqilib, ularning shaxsiga aniqlik kiritilgan. 757 kishi cho‘kib ketgan kema bortidan chiqa olmagan.

“Estoniya” paromi oldin Viking Sally nomi ostida harakatlangan

Foto: Wikipedia

Yevropa qonunchiligiga muvofiq, cho‘kib ketgan paromga yaqinlashgan har qanday inson jinoyatchi hisoblanadi. Biznesmen Bemes va nemis jurnalisti qanday qilib bunga ruxsat olgani noma’lum, ammo ular bu ishni uddalagan. Ularning sharofati bilan kemaning halokatiga nima sabab bo‘lgani barchaga ma’lum bo‘lgan.

“Estoniya” paromining oxirgi reysi 1994-yilning 27-sentabrida boshlangan, u Tallindan Stokgolm tomon soat 19:15 da harakatga tushgan. U portdan biroz kechikib chiqqan. Keyinroq jurnalistlarning aniqlashicha — kemaning o‘ng borti biroz qiyshaygan, ammo bu ekipajni tashvishga solmagan. Aftidan, parom shu kabi holatda bir nechta reysni amalga oshirib ulgurgan. O‘sha kecha Boltiq dengizida qattiq shamol esib, uning tezligi soniyasiga 10 metrga yetgan, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir quygan.

Yarim tungacha barchasi yaxshi bo‘lgan. Undan keyin silkinishlar kuchaygan, yo‘lovchilarning aksariyati kayutalardan chiqqan. Ko‘pchilik dengiz kasalligidan aziyat chekkan, soat 23:00 da “Estoniya” boshqa bir parom — “Marielloy”ning yonidan o‘tgan, keyinchalik ekipajning eslashicha, “Estoniya” yutqazilgan vaqtni qoplash uchun katta tezlikda harakatlangan. Ammo halokat vaqtida kema soatiga 28 kilometr tezlikda suzayotgan bo‘lgan.

Shundan keyin vaziyat tez rivojlangan: parom Fin ko‘rfazidan chiqib, Boltiq dengizi o‘rtasiga yetganda matroslardan biri reja bo‘yicha ko‘rikni o‘tkazib, hammasi joyida ekani to‘g‘risida hisobot bergan.

Foto: Wikipedia

Parom kapitani Avri Anderson dam olgani kayutasiga kirib ketgan. Ammo soat 00:55 da o‘sha matros avtomobil palubasining old qismida metallning shubhali qiyshayishi tovushini eshitgan. U zudlik bilan nima bo‘lganini ko‘rish uchun yugurgan, kapitan esa yuqoriga chaqirilgan. Matros yana avtomobil palubasini ko‘zdan kechirib, barchasi yaxshi ekanini aytgan. Shunga qaramay, shovqinni ekipajning ko‘plab a’zolari va kayutalardagi yo‘lovchilar eshitayotgandi.

Halokat soat 01:15 da sodir bo‘lgan, mexanik Margus Treu bir nechta baland metall zarbalari ovozini eshitgan, mashina bo‘lmasining nazorat monitori orqali tumshuq rampasining chetidan kemaga suv kirayotganini ko‘rgan.

Bortning o‘ng tomonga qiyshayishi tezlashgan — yarim soat ichida bu 40 darajaga yetgan (taxminan shu vaqtda birinchi SOS signali yuborilgan), yana 10 daqiqadan keyin kema 115 darajaga qiyshaygan va parom palubasi Boltiq dengizining muzli suvi ichida qolgan.

Ushbu daqiqalarda yo‘lovchilar orasida qanday vahima ko‘tarilganini tasavvur qilish qiyin. Ayrim guvohlarning ta’kidlashicha, erkaklar ayollarni qayiqlardan tushirib tashlab, ularning qutqaruv nimchalarini kiyib olgan, ayrimlar o‘zini mardlarcha tutib, kuchsizlarga yordam bergan. Shunga qaramay, omon qolgan 137 kishining 111 nafarini 25-45 yoshlar oralig‘idagi erkaklar tashkil etgan. Faqat eng kuchlilar omon qolgan. Suvning harorati -12 daraja bo‘lgani bois unga tushganlar tezda cho‘kib ketgan.

Kim aybdor?

Parom terakt oqibatida cho‘kib ketgani to‘g‘risida mish-mishlar tezda tarqalgan. Ayrim yo‘lovchilar zarba va portlash ovozini eshitganini ta’kidlagan. Boshqalar esa ikkita portlashni eshitganini aytgan. Ammo Estoniya hukumati kemaning nosozligidan boshqa versiyani ko‘rib chiqishni istamagan.

Shvetsiya, Finlyandiya va Estoniya tomonidan tuzilgan tergov komissiyasi bir zumda qaror chiqargan: halokatga parom zamonaviy xavfsizlik talablariga javob beradigan konstruksiyaning yetishmovchiligi sabab bo‘lgan. Yevropaliklar uni chiqarib olishni istamagan — juda qimmat. Halokat joyi umumiy qabriston deb e’lon qilingan. Jamoatchilikka isbot sifatida kemaning dengiz ostidagi kadrlari namoyish etilgan, biroq ular juda xira va g‘alati edi.

“Estoniya” paromining qutqaruv qayig‘i

Foto: Wikipedia

Turli tushunarsiz vaziyatlar yuzaga kelgan. “Estoniya”ning navbatchi kapitani Avo Pixta avvaliga omon qolganlar ro‘yxatida bo‘lgan, guvohlar hatto uni qutqarilganlar bilan bir qatorda avtobusda ko‘rgan, yangiliklar dasturining birida namoyish etilgan ham. Keyinroq ushbu kadrlar yo‘qolgan, Pixtaning o‘zi halok bo‘lganlar ro‘yxatida paydo bo‘lgan. Bu kabi holat qutqarilgan boshqa insonlar bilan ham sodir bo‘lgan.

Kema nima sababdan halokatga uchragani bo‘yicha turli versiyalar tarqalgan. Biroq ular orasida eng ishonarlisi “Estoniya” qurol-yarog‘ tashish bilan shug‘ullangan. Ko‘pchilik Estoniya davlati Shvetsiyaga SSSR tarqalganidan keyin mamlakatda qolgan qurol-yarog‘larni yetkazgan, degan versiyani ilgari surgan. Ayrim tadqiqotchilar bu hatto yadroviy kallakchalar yoki kobalt yuklari bo‘lishi mumkin deb hisoblagan.

Foto: Wikipedia

Yuk shvedlar qo‘liga tushishini istamagan g‘arb maxsus xizmatlari paromga bomba qo‘ygan degan versiya ham aytilgan. Ayrim guvohlar buni tasdiqlagan ham. Masalan, Ralf Sirman ismli omon qolgan shved kema korpusida ulkan teshik paydo bo‘lganini aytgan.

2004-yilda Stokgolm port bojxonasining sobiq boshlig‘i Frixamnen Xenriksson jurnalistlarga “Estoniya” paromi rostdan ham bir necha bor yuk tashigani, bojxonachilarga uni ko‘zdan kechirishga ruxsat berilmagani va katta ehtimol bilan uning bortida harbiy texnika bo‘lganini aytgan. Shundan keyin, yana komissiya tuzilib, bojxonachining so‘zlari rost ekanini tasdiqlagan. Ammo bu hech narsani o‘zgartirmagan.

Haqiqatni aniqlash bo‘yicha navbatdagi urinish 2016-yilda amalga oshirilgan. Halok bo‘lganlarning qarindoshlari tomonidan tuzilgan Stiftelsen Estoniaoffren och Anhöriga tashkiloti Estoniya bosh vaziri Taavi Riyvasuga paromning halokati bo‘yicha yangi tergov boshlashni talab qilib, so‘rov yuborgan.

Foto: Wikipedia

2019-yilning bahorida shvetsiyalik halok bo‘lganlarning qarindoshlari sudga murojaat qilib, yangi tergov boshlashni so‘ragan. Da’vo arizasini Estoniyadagilar ham qo‘llab-quvvatlagan, ammo ish joyidan qo‘zg‘almagan.

2020-yilning 28-sentabr kuni Discovery telekanali “Estoniya: barchasini o‘zgartirib yuboradigan topilma” nomli hujjatli filmni e’lon qilgan. Filmni yaratgan jamoa suv ostida suratga olish ishlarini amalga oshirib, kema korpusida tort metrli teshikni namoyish etgan. Topilma baxtsiz hodisa uyushtirilgan bo‘lishi mumkin degan versiyaga isbot bo‘la oladi.

Norvegiya flotining uchinchi darajali kapitani Frank Byorrsen portlovchi moddalarning kemalarga ta’sirini o‘rganib, suratga olish guruhi tasvirlarini ko‘zdan kechirgan va portlash ehtimolini juda kam deb baholagan. Mutaxassisning taxminicha, gap tashqi ta’sir haqida ketmoqda — “Estoniya” korpusi to‘qnashgan katta obyekt metall konstruksiyaga shikast yetkazgan.

Moskvani 20 yil boshqargan Lujkovning iste’fosi

2010-yilning 28-avgust sanasida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Moskva meri Yuriy Lujkovni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Yuriy Lujkov Rossiyaning eng yirik shahrini 18 yil, mer Gavril Petrov davrida shahar hokimiyatida uning o‘rinbosari bilan ishlagani inobatga olinsa, 20 yil boshqargan. U Boris Yelsin va Vladimir Putindan tashqari, o‘z davrida nomini qoldirgan yagona zamonaviy rus siyosatchisi edi. Shuningdek, sovet va postsovet davrini ko‘rgan shaharning asl moskvalik meri.

Foto: Getty Images

Moskva tarixida uningchalik ziddiyatli mer bo‘lmagan. Uning deyarli barcha fazilatlari va xatti-harakatlari mutlaqo qarama-qarshi baholarga sabab bo‘lgan. 1991-yilning 20-avgust tongida Moskva harbiy okrugi qo‘mondoni general Kalinin poytaxt hokimining o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilib, shaharning komendanti etib tayinlanganini aytganida, Lujkov uning gapini bo‘lgan: “Moskva komendantlarga muhtoj emas”. Shundan keyin u Oq uy himoyachilariga ovqat, ko‘chma hojatxona va barrikada qurish uchun beton bloklar olib kelinishi bo‘yicha topshiriq bergan.

1990-yillar o‘rtasidagi iqtisodiy inqiroz davrida Lujkov Boris Yelsinni qo‘llab-quvvatlagan. Marhum prezidentning tarafdorlari hamon 1996-yilning bahoridagi saylovoldi mitingini eslaydi, o‘shanda poytaxt meri mikrofon ko‘tarib olib, “Rossiya! Yelsin! G‘alaba!” deb baqirgandi.

Lujkov yangi iqtisodiyotning manbalari boshida turgan insonlardan biri bo‘lgan, 1988—1990-yillarda u Moskva shahar ijroiya qo‘mitasining kooperativ harakati komissiyasiga rahbarlik qilgan. Shu bilan birga, u liberal iqtisodiy modelga va “yosh islohotchilar”ga juda salbiy munosabatda bo‘lgan. 1992-yilda “o‘zining” shahrida qonunga xilof ravishda vaucherlarni xususiylashtirishni taqiqlagan.

Foto: “RIA Novosti”

Moskva “shok terapiya”dan Rossiyaning boshqa shaharlariga nisbatan yengil o‘tgan, poytaxtdagi hayot darajasi mamlakat bo‘yicha o‘rtachadan sezilarli darajada yuqori edi. Budjet tashkiloti xodimlari va pensionerlar mer tomonidan joriy etilgan yaxshigina ustamalarni olgan, buning evaziga uni qo‘llab-quvvatlashgan. Lujkov tarafdorlari uni postsovet Rossiyasidagi eng samarali boshqaruvchi deb atagan.

Lujkov davrida poytaxtda katta o‘zgarishlar bo‘lgan. Katta sa’y-harakatlar bilan Najotkor Masihning sobori qayta tiklangan, Moskva avtomobil halqa yo‘li modernizatsiya qilingan, yuzlab turar joy va ofis binolari qurilgan. Lujkovning raqiblari uni shahar arxitekturasini buzishda ayblagan.

Foto: “RIA Novosti”

Lujkov 1990-yillar o‘rtasida Moskvada “vertikal hokimiyat”ni qurib, sinovdan o‘tkazgan. 1999-yilda uning siyosiy ta’siri eng yuqori cho‘qqiga chiqqan, o‘shanda u Tatariston prezidenti Mintimer Shaymiyev va boshqa viloyatlarning merlari bilan “Otechestvo” partiyasini tuzgandi.

Rossiyalik katta siyosatchilar orasida aynan Yuriy Lujkov ommaviy ravishda “Qrim masalasi”ni ko‘tarib, Rossiyaga butun yarimorolni emas, balki faqat Sevastopolning topshirilishini talab qilgan. Bu kabi nutqlari uchun Ukraina hukumati 2008-yilning mayida uning mamlakatga kirishini taqiqlagan.

2010-yilning 28-sentabrida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning qarori bilan Lujkov “prezident ishonchini yo‘qotgani uchun” lavozimidan ozod etilgan. Uning ishonchni nima sababdan yo‘qotgani hozirga qadar oshkor etilmagan. Oradan bir yil o‘tgach, Lujkovning rafiqasi nomida bo‘lgan “Inteko” kompaniyasi rossiyalik investorlarga 1,2 milliard dollarga sotilgan.

Foto: “RIA Novosti”

Yuriy Lujkov qanchadir vaqt xorijda yashagan, 2013-yilning iyunida Kaliningrad viloyatida agrofirma sotib olib, yilqichilik bilan shug‘ullangan. 2015—2016-yilda sobiq mer siyosiy jihatdan faollashgan: Moskvadagi bozorlarning buzilishini qoralagan, Rossiya Davlat dumasida Vladimir Komoyedov nomidan ishonchli shaxs sifatida chiqish qilgan. 2016-yilning yanvarida 79 yoshli Lujkov va uning 52 yoshli rafiqasi Yelena Baturina o‘zlarining “kumush to‘yi”da nikohdan o‘tgan. U 2019-yilning 10-dekabr kuni 83 yoshida vafot etgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.