AQSH Mehnat vazirligi o‘zining TDA Report hisobotida 2011-yildan beri birinchi marta O‘zbekistonni bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligi bo‘yicha “sezilarli taraqqiyot”ning eng yaxshi toifasiga kiritdi.

Telegram’dagi “Nigoh” kanalining ma’lum qilishicha, hisobotda bu majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan samarali davlat siyosati, shuningdek, ushbu sohada jinoiy javobgarlikning xalqaro standartlarga to‘liq mos ravishda kuchaytirilgani tufayli erishilgani alohida ta’kidlandi.

“O‘zbekiston haqiqatan ham qisqa vaqt ichida ta’sirchan taraqqiyotga erisha oladigan namunali davlatga aylanmoqda”, — degan AQSH Mehnat vazirligining Bolalar va majburiy mehnat bo‘yicha boshqarmasi rahbari Marsia Yeugenio.

Bundan tashqari, O‘zbekiston erishgan yutuqlarni inobatga olgan holda, AQSH Mehnat vazirligi mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtani “Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxati”dan chiqarilishini e’lon qilgan.

Xabarda aytilishicha, ushbu qaror O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta va undan tayyorlangan mahsulotlarni AQSHga olib kirishga qo‘yilgan rasmiy cheklovlarni bekor qiladi va shu orqali to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.