Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Agzamova ta’lim jarayonidagi muammolari haqida o‘zining Facebook sahifasida post qoldirdi. Unda maktablarda o‘qitish tizimini takomillashtirishdan ko‘ra, o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishiga ko‘proq e’tibor qaratilganiga urg‘u bergan. Hatto ba’zi hollarda “vakolatli mutasaddilarning” qaltis harakatlari natijasida ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘layotganiga to‘xtalgan.

Gulruh Agzamova

Foto: Facebook

So‘nggi vaqtlarda har ikki kunning birida ta’lim bilan bog‘liq u yoki bu muammoga yo ko‘zing tushib qoladi, yoki o‘z ko‘zing bilan ko‘rib qolasan, yo eshitib qolasan. Biriga ajablansang, biriga “yoqa tishlaysan”. Biridan quvonsang, boshqa xabar dilingni xufton qiladi. “Biriga qarab fikr qil, biriga qarab – shukr” deganlari shu bo‘lsa kerak.

Yil boshidan buyon davlat rahbari tomonidan o‘tkazilayotgan qator videoselektorlarning mavzusi va mazmuni ta’lim-tarbiya, yoshlar masalasi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Prezident ta’kidlaganlaridek, ta’lim sohasidagi kamchiliklar xalq ta’limi tizimida barcha yondoshuvlarimizni tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularni mutlaqo takomillashtirishni talab qiladi. Shu bois, maktablarning ham ichki, ham tashqi qiyofasini yangilash, ta’lim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha katta islohotlarni boshlash zarur.

Shu yerda qiyofa tushunchasiga alohida to‘xtalmoqchiman. Mazkur tushuncha fors va arab tillarida tashqi ko‘rinish, yuz, aft, qaddi-qomat, o‘zini tutish, shakl-u shamoil, ro‘y, chehra, simo, surat kabi ma’nolarni bildiradi.

Shu o‘rinda, o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishi, qiyofasi bugun ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan, ba’zi hollarda “vakolatli mutasaddilarning” qaltis harakatlari natijasida ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘layotgan mavzu kun tartibidan o‘rin olayotgani ham bejiz emas.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi “Davlat ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-son qarori bilan nizom tasdiqlangan bo‘lib, unga asosan umumta’lim maskanlarida o‘g‘il va qiz bolalarning tashqi ko‘rinishlari bo‘yicha qator talablar qo‘yilgan.

Jumladan, o‘g‘il bolalarning sochi 2-3 sm uzunlikda bo‘lishi kerakligi, pirsing, tatuirovka, soqol va sochni yorqin ranglarga bo‘yash mumkin emasligi belgilangan. Qizlar uchun pirsing, tatuirovka, makiyaj, uzun tirnoqlar, tirnoqlar bo‘yog‘i, uzuklar, 3 smdan ortiq poshnali oyoq kiyimlari, bir quloqqa bir nechta sirg‘a taqish taqiqlangan va yubka uzunligi tizzadan 5-15 sm pastda bo‘lishi ko‘rsatilgan.

O‘rinli savol tug‘iladi. Bu hujjatdan kimning xabari bor? Agar maktab ma’muriyati aynan shu Nizomning 4-bobiga e’tibor qaratganida o‘quvchilar tomonidan ichki tartib-qoidalari buzilganida ogohlantirish; kundalik daftariga qayd etish; tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish; fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ta’lim muassasasidagi yig‘ilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish kabi choralarni qo‘llagan, o‘zini obro‘sini to‘kmagan bo‘lar edi.

Ushbu Nizomda huquq-tartibot organlariga hech qanday vakolat berilmagan bo‘lsa, qo‘llariga qaychini olib sochni qirtishlash vakolatini qaydan o‘zlashtirib oldilar? Yo sochni kaltalashga qaychi, pirsingni olishga ombir, tatuirovkani kuydirishga zajigalka, makiyajni o‘chirishga vlajnaya salfetka, tirnoq bo‘yog‘ini ketkazishga atseton, tuflining poshnasi 3 smdan oshganini arralashga arra kabi arsenallar jamlanmasi bo‘yicha aniq ko‘rsatma bormi?

Agar shu kabi “qurol-aslaha” bilan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlasak, bilimini oshirib, chin inson qilib voyaga yetkaza olsak, o‘zgalar qo‘lida “qo‘g‘irchoq” emas, o‘zimning yurtimda odam bo‘lishiga hissa qo‘sholsak, safingizda bo‘lishga tayyorman.

Hamma gap o‘z joyimizda emasligimizda. “Sallani olib kel”, degan joyda kallani ham qo‘shib olib kelishimizda. Axir Prezident aytib turibdilar, umuman, o‘qitish metodikasi, darsliklari, partadan tortib binosigacha, sifatidan boshlab saviyasigacha, o‘qituvchining ma’naviy qiyofasidan tortib o‘quvchining maqsadigacha, har ikkisining xohish-irodasidan tortib, ota-onalarning javobgarligigacha to‘liq qayta ko‘rib chiqamiz. Chunki bular o‘zgarmasa jamiyat o‘zgarmaydi.

Demak, yana o‘qituvchi darsni bilim berishdan emas davomatdan boshlaydi, direktor o‘quvchining ko‘ziga qarab emas, ongini sochi yoki oyog‘idagi poshnani smlar bilan o‘lchaydi. Yanada ishonch hosil qilish uchun badanidagi suratlardan ma’no izlaydi.

Albatta bu kabi “o‘z kasbiga fidoiylik” o‘quvchilar tomonidan tan olinmaydi. Chunki ularning o‘zligi, o‘ziga xosligi, ichidagi g‘ururli “men”i kamsitildi. Shaxsiyatiga tegildi. Ularning tilida “tillashadigan” tilmoch, surati va siyratini birlashtiradigan “sirdosh” topilmadi.

Lekin aybdor topiladi. Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan shaxs tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilishiga olib kelgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (300 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha - Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi).

Achinarlisi, yuqorida qayd etilgan holatlarni oldini olishga qaratilgan qator mexanizmlarning qog‘ozda joriy qilinib hayotga tadbiq etilmagani kishini o‘ylantiradi.

Xususan, tuman, viloyat va respublika darajasida maktab ta’limini isloh qilish kengashlari qani? Axir kengashlar sohaga oid ishlarni xalq bilan kengashib, o‘qituvchilar, ota-onalar va mutaxassislarning fikrlari asosida tashkil qilinishi, har bir yangilikni ular bilan bamaslahat kiritishi lozim edi-ku?

Maktablarda ma’naviy muhitni tubdan yaxshilash bo‘yicha yangi konsepsiya ishlab chiqish vazifasi qo‘yilganiga ham sezilarli vaqt o‘tdi.

Ko‘pgina tashabbuslar yarim yo‘lda qolib ketayotgani uchun ham ovozimiz farzandlarimizga yetib bormayapti. Ota-onalar ojizligini o‘qituvchidan qidirsa, o‘qituvchi javobgarlikni qonundan axtaradi. Huquq-tartibot organlari o‘quvchilarni tartibga chaqirib kuch ishlatsa, bu kabi holatlarni elga ovoza qilish istagidagilar tandir oldida hoziru nozirlar.

Bir haqiqatni unutmasligimiz kerak. Gap har birimizning farzandimiz haqida. Uning insoniyligida.

Chunki hayvoniylikdan insoniylik qiyofasigacha bir bahya. Faqat o‘lchovda adashmasligimiz kerak.

Yana bir gap. Hammaning o‘z o‘lchovi va o‘z qarichi bor. Bu esa boshqa mavzu.

Gulruh Agzamova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati