30-sentabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Ganja shahrini vayron qilgan 11 ballik zilzila, Gutenberg tomonidan ilk kitobning chop etilishi hamda Suriyada harbiy operatsiya boshlagan Rossiya qo‘shinlariga oid faktlar o‘rin olgan.

Butun shahar vayron qilgan zilzila

Ganja — kattaligi bo‘yicha Bokudan keyingi Ozarbayjonning yirik shahri. U turli vaqtlar davomida hokimiyat rahbarlarining qarorgohi, muhim savdo tuguni va egallab bo‘lmas qal’a vazifalarini o‘tgan. Ammo Ganja tarixida eng muhim voqea 1139-yilning 30-sentabr kuni sodir bo‘lgan.

Foto: Morethan Travel

Ushbu sanadan bir yil oldin — 1138-yilning oktabrida Vizantiya qaramligida bo‘lgan qadimiy Halab shahrida dahshatli zilzila sodir bo‘lgan. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 230 mingga yaqin odam halok bo‘lgan. Bu yirik shaharlarida 50 ming aholi yashaydigan Yevropa uchun misli ko‘rilmagan halokat edi. Zilzilalarni hosil qilgan litosfera plitalarining muntazam qimirlab turishi Ganjaga yetib kelgunga qadar uzoq vaqt davom etgan.

U vaqtlarda Ganja yirik savdo va hunarmandchilik markazi bo‘lgan. Shahar Buyuk ipak yo‘lida joylashgan va mahalliy to‘quvchilar sharqdan olib kelingan materiallardan ajoyib ipak kiyimlar, ko‘rpa-to‘shaklar, sharflar va boshqa hashamatli buyumlar tikkan. Shahar bir necha asrlar davomida kengaygan, yangi dahalar va ko‘priklar qurilgan, aholini himoya qilish maqsadida qal’a ko‘tarilgan. Ganjaning eronlik aholisi uzoq vaqt forslar himoyasida bo‘lgan, ammo Saljuqiylarning hokimiyat tepasiga kelishi bulan ularning qo‘l ostiga o‘tgan. Oxirgi bir necha yilda shahar uni oltin tuxum qo‘yadigan o‘z tovug‘iga aylantirmoqchi bo‘lgan mashhur Tamaraning bobosi, Gruziya shohi Demetrening “tomog‘idagi suyakka” aylangan.

Ganjadagi zilzila Merkalli shkalasi bo‘yicha 11 ballga baholanadi — to‘liq vayronagarchilikdan oldingi bosqich. Yer osti silkinishlari shanbaga o‘tar kechasi, butun shahar uxlayotganida boshlangan. Arman shoiri Mxitar Gosh, o‘sha vaqtda yosh bo‘lgan tarixchi Kirakos Gandzaketsining guvohlarga tayanib yozishicha, zilzila kutilmaganda va hamma aholi uyqudaligida sodir bo‘lgan. Aynan shu sababli qurbonlar soni juda ko‘p — odamlar nima bo‘layotganini tushunmasdan tashqariga yugurib chiqqan.

Foto: Morethan Travel

Mashhur arab tarixchisi Ibn-al-Asirning ta’kidlashicha, o‘sha kuni 230 ming odam halok bo‘lgan, minglab uylar vayronaga aylangan. Bunda shahar atrofidagi hududlar, ayniqsa, ko‘chkilar sabab butunlay yakson bo‘lgan tog‘li qishloqlar ham inobatga olingan. Biroq shaharga kelgan ofat bu bilan tugamagan.

Ganjadagi tabiiy ofatdan Demetre ham xabar topadi. Uning qo‘shinlari zudlik bilan yo‘lga chiqqan, ammo ular jabrlangan aholiga yordam berish uchun emas, balki talonchilik va qotillikni maqsad qilgandi. Demetre boy savdogar shahar hozir zaif ekanini tushungan, buning ustiga shahar qal’asi yakson bo‘lgan edi. Qulagan devorlar ortida necha yillar davomida muvaffaqiyatli savdo ortidan to‘plangan bitmas-tuganmas boyliklar bor edi.

Mxitar Gosh nasroniy ritsarlarning yurishini qisqacha ta’riflagan: “omon qolganlarga hujum uyushtirishdi, ularni qilichdan o‘tkazib, qullikka mahkum etdi. Muhim ahamiyatga ega shahar kutilmaganda do‘zaxga aylanganini, insonlar jasadlari tog‘ kabi uyilgan bo‘lsa-da, ular oqko‘ngil bo‘lish o‘rniga vayronalarni kovlab, oltin va kumush boyliklarni olib ketardi. Ular o‘z bosqinlari va qiynoqlari bilan xalqni zilziladan ham yomonroq qiynar edi”.

Foto: Morethan Travel

Gruzinlar Ganjaning mashhur darvozasini ham olib ketgan bo‘lib, uning qanotlardan birini hozirda Gelatidagi ibodatxonada ko‘rish mumkin — u yerda gruzin shohlariga toj kiydirilgan. Demetrening bosqinchilari saljuqiy askarlar yetib kelguniga qadar shaharni tark etishga ulgurgan. Aynan shu askarlar shaharni tozalash, yaradorlarga yordam ko‘rsatish, omon qolganlarga vaqtincha boshpana qurish bilan shug‘ullangan.

Zilzila oqibatida Kepaz tog‘ining cho‘qqisi Axsu daryosining suvi yo‘liga qulab, uni to‘sib qo‘ygan va natijada Goygo‘l (“Ko‘k ko‘l”) hosil bo‘lgan — bu hozirga qadar mashhur kurort hisoblanadi.

Foto: Morethan Travel

Shahar qaytadan qurilgan. Eski Ganjaning vayronalarini tiklashdan ko‘ra, ularni tekislash oson bo‘lgan, shu sababli yangi Ganja eski shahardan bir necha kilometr uzoqlikda tiklangan. Tez orada u yana savdo va hunarmandchilik, shuningdek, madaniyat markaziga aylangan.

Gutenberg tomonidan chop etilgan birinchi kitob

Bundan 570 yil oldin 30-sentabr kuni Mayns shahrida Iogann Gutenberg tomonidan birinchi kitob chop etilgandi. Aslida kitob bosishga mo‘ljallangan uskuna 1445-yilda ixtiro qilingan edi — bu tipografiya tarixidagi birinchi qadam hisoblanadi.

Foto: Wikipedia

Iogann Gutenber Mayns patritsiyalari Fril Gensfleysh va Elza Virix oilasida dunyoga kelgan. O‘rta asrlarda Germaniyada patritsiya deya yuqori qatlamga mansub shaharliklar nazarda tutilgan. Onasi mato savdogarlari oilasiga mansub edi, shuning uchun 1386-yilda tuzilgan Ioganning ota-onasining nikohi “tengsiz nikoh” edi. Mayns german cherkovining arxiyepiskopi aynan shu shahardan saylangani bois u muhim shahar hisoblangan.

Ioganning bolaligi haqida hech narsa ma’lum emas. Tadqiqotchilarning mavjud ma’lumotlariga ko‘ra, u maktabda o‘qigan, keyinchalik hunarmandchilik asoslarini o‘rgangan. Gutenberg Strasburgda zargarlik ishi bo‘yicha ta’lim olgan, buning uchun undan o‘sha vaqtda professional bilim darajasi talab etilgan master maqomida bo‘lishi kerak edi. Ammo Gutenbergning 1434-yilgacha bo‘lgan hayoti haqida ma’lumotlar juda ozligi bois, u bu davrda nima ish bilan shug‘ullangani noma’lum.

1434-yildan boshlab Strasburgda yashagan va yarim qimmatbaho toshlarni silliqlash va ko‘zgular tayyorlash bilan shug‘ullangan. Taxminlarga ko‘ra, u aynan shu yerda kitob chop etuvchi uskuna ustida tajribalarini o‘tkazgan. 1438 yilda u o‘zining shogirdi Andreas Dritsen va boshqalar bilan birgalikda Strasburgda ko‘zgu ishlab chiqarish, shuningdek, qandaydir maxfiy “san’at korxonasi”ni tijorat maqsadlarida amalga oshirish bo‘yicha sheriklik tuzadi. Sheriklik faoliyati oxir-oqibat Dritsening merosxo‘rlari Andreasning o‘limidan keyin Gutenbergga qarshi da’vo kiritish hamda 1439-yilda sudda Gutenbergning g‘alaba qozonishi bilan yakunlangan.

Mazkur korxonada amalga oshirilgan jarayonlarga bog‘liq ayrim ma’lumotlardan Gutenberg bu vaqtda o‘z ixtirosi borasida ancha ildamlab ketganini taxmin qilish imkonini beradi. Chunki Gutenberg ishining texnik jihatiga bog‘liq ma’lumotlarni qattiq sir tutgan va materiallarda jarayon “bu ish”, “uni bajarish” va hokazo ko‘rinishda keltirilgan. Sud qaydlardan Gutenbergning ustaxonasi aynan nima bilan shug‘ullanganini anglab olish qiyin. Protokollardagi ayrim so‘zlargina bu vaqtda ixtirochi o‘zining olamshumul yangiligi qarshisida turgan.

Matnlarda press, qo‘rg‘oshin, shakl quyish, “bo‘rttirma” yoki “bosma” so‘zlari keltirilgan. Ishga oid materiallar tahlili shuni ko‘rsatadiki, 1438-1439-yillarda Gutenbergda qandaydir press bo‘lgan, bu kitobni bosib chiqarishga mo‘ljallangan nusxa bo‘lishi ham mumkin.

Foto: Megastar

XV asr tadqiqotchilarining aksariyati Gutenberg o‘zining kitob chop etish mashinasi ixtirosini 1440-yilda amalga oshirgan deb hisoblaydi, ammo buni isbotlaydigan o‘sha sanaga oid adabiyotlar topilmagan. Bu boradagi taxminlarning ko‘payishiga 1890-yilda abbat Reken tomonidan e’lon qilingan notariuslarning hujjatlari sabab bo‘lgan. Hujjatlarda keltirilishicha, 1444 va 1446-yilda Prokopiy Vadfogel ismli fuqaro turli shaxslar bilan pul evaziga “xat san’ati” sirini ko‘rsatgan. Bu esa Valdfogel va Gutenberg bitta odam degan farazni yuzaga keltirgan, ammo buning isboti yo‘q.

Gutenbergning uzoq mashaqqatlar bilan yaratilgan ixtirosi Strasburgda foydalanilgan. O‘sha vaqtga doir namunalar saqlanib qolinmagani kitoblar oddiy qog‘ozlarga chop etilgan bo‘lishi mumkin degan taxminlarni yuzaga keltiradi.

Gutenbergning ixtirosi bo‘rtib chiqqan “sirpanuvchi” harflarni metallardan tayyorlaganida bo‘lgan va uning yordamida qatorlar hosil qilinib, maxsus press harflarni qog‘ozga tushirgan. Ammo o‘z ixtirosini amaliyotga tatbiq etish uchun yetarlicha mablag‘i bo‘lmagan.

Foto: Wikipedia

1448-yilda o‘zining ona shahri Maynsga ko‘chib o‘tgan Gutenberg 1450-yilda tadbirkor, ehtimol sudxo‘r Iogan Fust bilan shartnoma tuzadi. U Fustdan 6 foizli ustama bilan 800 gulden (pul birligi) olib, unga ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi uchun har yili 800 guldendan berib turishi bo‘yicha kelishuvga erishadi: butun tipografiya esa Gutenberg va Fust o‘rtasida teng taqsimlanishi kerak bo‘lgan. Gutenberg asosiy sarmoyani qo‘lga kiritgan, ammo bo‘lib-bo‘lib olgan. Fust aylanma kapitalni berishdan mutlaq bosh tortgan va 1452-yildagi qo‘shimcha kelishuvga ko‘ra, har yili 800 gulden ajratish majburiyatidan ozod etilgan.

Mablag‘ning bu qadar cheklangani, tajribali ishchilar yo‘qligi, kerakli asbob-uskunalar yetishmasligiga qaramay, Gutenberg sezilarli muvaffaqiyatga erishgan. 1456-yilga qadar u kamida besh xil shriftlarni quyib, Eliy Donatning lotin grammatikasini, bir nechta indulgensiya va oxir-oqibat 36 hamda 42 qatorli ikkita “Injil”ni chop etgan; oxirgisi “Mazarini Injili” nomi bilan mashhur bo‘lib, u 1453-1455-yillarda chop etilgan.

Iogann Gutenberg Fustga foizlarni to‘lay olmagani uchun sutxo‘r uni sudga bergan. Jarayon Fustning qasami bilan yakunlangan bo‘lib, u notarius Gelmasberg tomonidan 1455-yil 6-noyabrda ro‘yxatga olingan; mazkur aktning asl nusxasi Gutenberg kitob chop etishni yo‘lga qo‘ygan inson ekanini tasdiqlovchi muhim hujjat hisoblanadi. Sud qaroriga ko‘ra, tipografiya barcha asbob-uskunalari bilan Fustga o‘tgan va Gutenberg barchasini noldan boshlashga majbur bo‘lgan.

Suriyada harbiy operatsiya boshlagan Rossiya

2015-yilning 30-sentabr kuni Rossiya Suriyada harbiy operatsiyasini boshlagan edi. Mamlakatning havo-kosmik kuchlari Suriya hududi bo‘ylab birinchi aviatsiya zarbalarini amalga oshirgan. Bunga qadar Suriyada urush to‘rt yildan beri davom etar va yadroviy derjava hamda Bashar Asadning asosiy ittifoqdoshini aralashuvi mojaro natijasini o‘zgartirib yuborgan.

Foto: “Interfaks”

Ko‘plab ekspertlarning fikricha, Rossiyaning asl maqsadi Asadning ag‘darilishiga yo‘l qo‘ymaslik va mintaqadagi mavqeyini qaytarib olish bo‘lgan. Rossiya Suriya rasmiylari bilan birga kuydirilgan tuproq taktikasini qo‘llaganlikda va tinch aholi yoki muxolifat kasalxonasi hamda uylarni ataylab o‘qqa tutganlikda ayblangan. Ikki mamlakat esa radikal jihodchilarga qarshi kurashayotganini aytib, barcha ayblovlarni rad etib kelgan.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, besh yil davomida harbiy-kosmik kuchlarning samolyotlari 44 mingta jangovar parvozlarni amalga oshirgan, “Admiral Kuznetsov”ning O‘rta Yer dengizidagi ikki oylik harbiy yurishi davomida undagi qiruvchi samolyotlar yana 420 marta havoga ko‘tarilgan.

Aviatsiya va qanotli raketalar yordamida berilgan jami zarbalar oqibatida terrorchilarning 133 542 ta obyekti, jumladan, neftni noqonuniy qayta ishlovchi 400 ta zavod va 4100 ta yonilg‘i quyish shoxobchalari yo‘q qilingan. Jangovar tuzilmalarning 865 nafar yetakchisi, 133 mingdan ortiq jangari, jumladan, Rossiya va MDH davlatlaridan borgan 4,5 ming jangchi yo‘q qilingan. Oliy bosh qo‘mondon tomonidan besh yil oldin qo‘yilgan vazifa to‘liq bajarildi”, — deyiladi “Qizil yulduz” gazetasida 2020-yili e’lon qilingan maqolada.

Foto: “Interfaks”

Asosiy vazifa quyidagicha bo‘lgan: Bashar Asad hokimiyatining qulashiga yo‘l qo‘ymaslik. Ikkinchi vazifa Rossiya xavfsizligiga ko‘proq aloqador bo‘lib, Suriya va Iroq hududidan keluvchi xatarlar darajasini pasaytirish. Ta’kidlanishicha, ikkala vazifa ham uddalangan.

Versiyalardan biriga ko‘ra, Rossiya hukumatiga saylovchilarni birlashtiradigan “kichik bo‘lsayam g‘alabali urush”, shuningdek, Yaqin Sharqdagi ta’sir doirasini kengaytirish kerak bo‘lgan. Shu bilan birga, Rossiya oliy qo‘mondonligi o‘z armiyasining jangovar tajribasini oshirmoqchi va qurollarini sinovdan o‘tkazishni reja qilgan.

Foto: “RIA Novosti”

Suriya mojarosiga Rossiya aralashuvidan keyin urushning yo‘nalishi o‘zgarganini inson huquqlari himoyachilari va Suriyadagi oddiy fuqarolar payqay boshlagan. Birinchi navbatda Suriya hukumati armiyasining taktikasi o‘zgargan. “Tanklar Rossiya samolyotlarining himoyasida harakatlanishni boshladi. Oldinlari rejim barcha narsani yakson qilishga urinmagan bo‘lsa, endilikda havodan bombardirovka amalga oshirila boshlandi. Va bu o‘z samarasini berardi”, — deydi Damashq yaqinidagi guvohlardan biri. Bashar Asad hokimiyatni qaytarib olishi bilan bir qatorda tinch aholining halokati ortib borgan.

Rossiya Suriyada qanday bombalardan foydalangan?

Rossiya hujumlarini Suriya harbiylarinikidan ajratish oson bo‘lgan. “Ruslar kelganidan keyin ular shunday bombalardan foydalanishni boshlaganki, u tomga tushib, binoni teshib o‘tgan va uni ichidan butunlay yakson qilgan. Rossiyalik samolyotlarni qanday ajratarmidik? Balandlik, ovoz, nishonga aniq urishi. Suriyalik uchuvchilar qo‘rqoq bo‘lib, uzoqdan zarba berardi, ruslar esa pasayib, aniq hujumni amalga oshirar edi”, — deydi xomslik qochoqlardan biri.

Foto: “Interfaks”

“Taslim bo‘lish yoki ochlik”, — BMT Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan suriyalik harbiylarning qamaldagi shahar aholisiga munosabatini shunday ta’riflagan. Xoms aholisining aytishicha, qamal vaqtida odamlar mushuk va toshbaqalar, bahoda esa o‘t-o‘lanlar bilan oziqlangan. “2013-2018-yillarda, qamaldan urushning usuli sifatida keng foydalanilgan vaqtda Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashiga 20 marta veto qo‘ygan, bu esa Suriya hukumatiga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilishining oldini olgan”, — deydi inson huquqlari himoyachilari.

Halabdagi janglarda omon qolganlardan birining ta’kidlashicha, Rossiya aviatsiyasi shaharga kasset bombalarni tashlagan. U ko‘plab davlatlarni taqiqlangan, biroq Rossiya 2008-yilda kasset o‘q-dorilardan foydalanish bo‘yicha konvensiyani imzolamagan. Halabliklarning aytishicha, rossiyalik harbiylar shaharga bitta bomba tashlaganida suriyaliklar jabrlanganlarga yordamga chopgan, shu vaqt ular navbatdagi zarbalarni amalga oshirgan.

Foto: “Interfaks”

Nima sababdan Rossiya suriyalik qochoqlarni qabul qilishdan qochgan?

Urushdagi faol ishtirokiga qaramay, Rossiya suriyalik qochoqlarni qabul qilishdan qochib kelgan. 2019-yil oxiriga ko‘ra, Germaniya 789,5 ming suriyalik qochoq qayd etilgan bo‘lsa, Rossiyada 2020-yil 1-oktabr holatida bu kabi maqom faqat ikki nafar Suriya fuqarosiga berilgan. Yana 370 nafar suriyalik vaqtinchalik boshpanaga ega bo‘lgan.

Foto: “Interfaks”

Bundan tashqari, mojaroning eng og‘ir damlari to‘g‘ri kelgan 2014-2017-yillarda davlat hokimiyati organlari suriyaliklarni Rossiyadan bir necha bor chiqarib yuborgan. 2020-yilda chiqarib yuborish ishlari pandemiya sabab qo‘yilgan moratoriy bois to‘xtatilgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

SSSRdagi birinchi radiatsion avariya — “Qishtim fojiasi”, “NKVD” tomonidan nemis josusiga chiqarilgan bandurachi va tangoning paydo bo‘lishi. Kun xronologiyasida 29-sentabr