O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi so‘nggi vaqtlarda fuqarolardan Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha murojaatlar ko‘paygani munosabati bilan ayrim masalalarga oydinlik kiritdi.

Unda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatini amalga oshirishda milliy manfaatlarga, asosiy tamoyillar sanaluvchi, jumladan, ochiqlik, teng huquqlilik, suverenitet, hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi ustuvorliklarga doimo sodiqdir.

O‘zbekiston mavjud vaziyatni xalqaro huquq normalaridan kelib chiqib siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish uchun shartlarni imkon qadar tezroq ishlab chiqish tarafdoridir.

“O‘zbekiston Respublikasi hududiga kelayotgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari sonining ko‘payishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning mamlakatimizda bo‘lish masalasi, shuningdek, ehtimoliy ekstraditsiya qilinishi O‘zbekiston qonunchiligi, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinishini qayd etamiz.

Shu bilan birga, huquqbuzarlik sodir qilmagan xorijiy davlat fuqarolari majburiy deportatsiya qilib yuborilmaydi”, — deyiladi vazirlik xabarida.