Rossiyalik balet raqqosi Sergey Polunin Toshkentda o‘tgan konsert vaqtida halok bo‘lgan rus askarlariga bag‘ishlangan qo‘shiq tufayli tashkilotchilar senzurasiga uchraganini aytib, murojaat bilan chiqdi. Bu haqda raqqos 27-sentabr kuni o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qilgan. BBC nashri Polunin atrofidagi voqealar, uning o‘zi kim ekani va nega tanqidlar ostida qolgani haqida maqola e’lon qildi.

Poluninning so‘zlariga ko‘ra, holat konsert vaqtida “halok bo‘lgan rus askarlari” haqidagi qo‘shiq sadolari ostida yakkaxon raqs tushmoqchi bo‘lgan vaqt yuz bergan. Raqqos Toshkentda “taqiqqa uchragan” qo‘shiq o‘zining vatanparvarlik ruhi hamda kremlparast kayfiyatdagi qo‘shiqlari bilan tanilgan rossiyalik xonanda SHAMAN’ning “Vstanem” (Oyoqqa turamiz) treki bo‘lganini bildirgan.

“Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz shart!”

Asli Ukrainaning Xerson viloyatida tug‘ilgan Sergey Polunin ishtirokidagi “Satori” baleti namoyishi 25-26-sentabr kunlari poytaxt Toshkentda joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida bo‘lib o‘tgan. Konsert Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkillangan.

27-sentabr kuni muxlislariga murojaat qilgan Polunin jamg‘arma xodimlari xatti-harakati ustidan shikoyati borligini ta’kidlagan.

“Qo‘shiq yoqimli, biz ulardan qanchalik minnatdor ekanimiz va ular bilan so‘zsiz qayta ko‘rishishimiz haqida. O‘zbekiston madaniy tashabbuslar jamg‘armasi xodimlari butun teatrga ‘Unga bu qo‘shiqqa raqs tushishga kim ruxsat berdi?’ deya qichqirishdan o‘zlarini tiyib turmadi. Uni darhol o‘chirish kerak emish. Qo‘l ostimdagilarga ham baqirdilar. Shundan so‘ng raqqoslarga kunlik haqlarini bermaslikka qaror qildilar. Ular vaqt sarflab, sahnaga chiqishgan, ikkita konsertni muvaffaqiyatli o‘tkazishgan edi. Shundan keyin bizni sudga berib, to‘lagan pullarini qaytarib olishga qaror qildilar”, — deya yuz bergan holatni izohlagan 32 yoshli raqqos.

Poluninning ushbu murojaati dunyo, ayniqsa, Sobiq Ittifoq mamlakatlari bo‘ylab kremlparast kayfiyat, shuningdek, Rossiyaning joriy siyosatiga yon bosuvchi san’at va madaniyat vakillariga nisbatan munosabat taranglashgan bir paytda yangragani uchun e’tiborni tortgan. Sergey Poluninning o‘zi ham O‘zbekistonda yuz bergan holat Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat belgisi ekani to‘g‘risidagi da’voni ilgari surgan.

“Odatda, bunday narsalar haqida gapirishni xush ko‘rmayman, ammo Vatan murakkab vaziyatda yordamga, anglashga muhtoj bo‘lib turgan bir paytda… Bu jamg‘arma xodimlarining halok bo‘lgan rus askarlari haqida kuylanganda qichqirishga aqli yetar ekan… Nima deyishni ham bilmayman”.

Balet raqqosi mazkur holatda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasidan ko‘mak kutishini bildirgan.

“Rus artistlari, rus madaniyatiga nisbatan bunday munosabatda bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz shart… O‘zbekistonliklarning bobolari, otalari Ikkinchi Vatan urushida halok bo‘lgan. Ular haqida ko‘p yaxshi narsalar eshitganman. Ular eng sodiq, eng jasurlardan bo‘lganlar… O‘zini bunday tutish esa shunchaki uyat”, — ta’kidlagan Polunin.

Murojaati oxirida raqqos “ushbu qo‘shiq sadosi ostida raqs tushishda davom etishi”ni aytgan.

“Bu nima bilan tugashini hali ko‘ramiz. Rus artistini tinch osmonimiz, tuprog‘imiz uchun jonini qurbon qilgan rus askarlari haqidagi qo‘shiqqa raqs tushgani, o‘z minnatdorchiligini bildirganini qoralash… Shunchaki nimadir deyishga so‘z topa olmayapman”.

Bir vaqtning o‘zida Polunin yuz bergan holat O‘zbekiston va Rossiya munosabatlariga “yaxshilik keltirmasligi”dan ogohlantirishi haqida gapirgan.

Rasmiy munosabat

BBC Sergey Polunin murojaati ortidan yuzaga kelgan savollar bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga murojaat qildi. Jamg‘arma Poluninning musiqani o‘chirish talab etilgani borasidagi da’vosini rad etdi.

Rasmiy munosabatda jamg‘arma xodimlari Polunin va uning jamoasi a’zolari bilan “faqatgina hurmat tarzida” muomalada bo‘lgani, hatto buni raqqosning o‘zi ham e’tirof etgani ta’kidlanadi.

“Poluninning butun teatrga ‘Unga bu qo‘shiqqa raqs tushishga kim ruxsat berdi?’ deya qichqirishdan o‘zlarini tiyib turmadilar’ degan bayonoti chalkash va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi jamg‘arma munosabatida. Jamg‘arma Poluninning “raqqoslarga kunlik haqlarini bermaslikka qaror qildilar” degan bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

“Toshkentda ‘Satori’ baletini sahnalashtirish to‘g‘risidagi shartnomada jamg‘arma tomonidan Polunin va uning jamoasiga kunlik haq to‘lanishi ko‘zda tutilmagan. Mazkur masala Polunin va uning agenti o‘rtasida tartibga solinadi”.

Shuningdek, jamg‘arma bayonotida Sergey Poluninning konsertdagi chiqishi tadbirdan ikki kun avval raqqosning o‘zi tomonidan taqdim etilgan tasdiqlangan dastur bo‘yicha o‘tmagani haqida so‘z boradi. O‘z faoliyati davomida nafaqat jahon, balki rossiyalik san’at vakillari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirib kelayotganini bildirgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Sergey Polunin tarqatgan bayonotni “ziddiyatli” deb atagan.

“Jamg‘armaning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatining asosiy g‘oyasi ‘madaniyat va san’at — siyosatdan tashqarida’ tamoyiliga sodiqlik hisoblanadi. Ushbu manzarada Poluninning jamg‘armaga nisbatan bayonoti ziddiyatli, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”.

Aslida nima bo‘lgan edi?

Ushbu holatni yoritgan Gazeta.uz nashri konsert dasturida Polunin irlandiyalik xonanda Hoziyer ijrosidagi “Take me to Church” qo‘shig‘i ostida sahnaga chiqishi belgilangani, ammo u mutlaqo boshqa musiqa sadosiga raqs ijro etgani haqida yozgan.

Ayni konsertda tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan videoda balet raqqosi harbiy kiyimda rossiyalik SHAMAN ijrosidagi “Vstanem” qo‘shig‘iga raqsga tushayotgani ko‘rinadi. Videoda Polunin da’vo qilganidek uning ijrosiga na zaldan, na sahnada to‘sqinlik qilingani yoki norozilik bildirilgani ko‘zga tashlanmaydi. Biroq ayrim tomoshabinlar konsertdan so‘ng Poluninning ijrosidan norozi bo‘lganliklarini ijtimoiy tarmoqda yozib qoldirgan.

“Afsus, uning pozitsiyasini bilgunimizga qadar chiptalarni sotib olib bo‘lgandik. Bizning xatomiz. Lekin biz bunday dahshatni kutmagan edi. Hozir minglab erkaklar omon qolishga urinayotgan, odamlar o‘ldirilayotgan, onalar, rafiqalar, opa-singillar namoyishlarga chiqayotgan kunlar. Sergey Polunin sahnaga gimnastyorkada chiqib, frontga borish va halok bo‘lishni targ‘ib qiluvchi qo‘shiqqa raqs tusha boshladi. Bunday ish qilishga yagona mos joy — front”, — deya yozib qoldirgan Facebook foydalanuvchilaridan biri.

Polunin kim o‘zi?

Putinni ulug‘lashini yashirmaydigan Polunin avgust oyida tanasiga Rossiya prezidentining uchinchi suratini chizdirganini e’lon qilgan.

Foto: Instagram

Sergey Polunin 1989-yilda Ukrainaning ayni vaqt Rossiya bosib olgan Xerson viloyatida tug‘ilgan. Bolaligidan Londonda balet raqsini o‘rgana boshlagan va 17 yoshida Londondagi Qirollik balet truppasiga qabul qilingan. 2010-yillarda xalqaro e’tiborga tusha boshlagan Polunin keyinchalik, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ulug‘lovchi qarashlarini ochiq bildira boshlagan.

“Vstanem” qanday qo‘shiq?

SHAMAN taxallusi ostida ijod qiluvchi Yaroslav Dronov Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan sovet askarlari xotirasiga bag‘ishlangan “Vstanem” singlini shu yilning 23-fevral kuni ommaga taqdim etgan. Qo‘shiqda vatan uchun urushga borib, halok bo‘lishni ulug‘lovchi so‘zlar mavjud.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan muxolif qarashdagi rossiyaliklar Dronovni Kremlning muhim madaniy targ‘ibot qurollaridan biriga aylanishda tanqidga tutgan.

Iyun oyida “Vesti nedeli” teleko‘rsatuvida “Vstanem” noodatiy ravishda to‘lig‘icha namoyish etilib, u “nafaqat frontdagilar, balki Yevropani denatsifikatsiya qilish bo‘yicha Rossiyaning navbatdagi missiyasiga nisbatan dastak va g‘urur tuyg‘usini tuyayotganlar” qo‘shig‘iga aylangani ta’kidlangan.