Quyi Chirchiq tumani 8-maktabgacha ta’lim muassasasining 40 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilari tumandagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani aytilmoqda.

“Xabar.uz”ning yozishicha, ularga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, ota-onalar farzandlarini bog‘chada ovqatdan zaharlangan deb hisoblashmoqda. Murojaatda bolalarning ich ketishi va isitmasi chiqayotgani aytilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati voqea joyida ishchi guruhi faoliyat boshlaganini ma’lum qildi.

Rasmiylarga ko‘ra, shifoxonada qolayotgan bolalar soni 20 nafarni tashkil etadi. Bolalarda kasallik simptomlari turlicha. Mutaxassislar bolalar bog‘chasidagi oziq-ovqat namunalari va shifoxonadagi tahlillar natijasini o‘rganmoqda.

Bundan avval Qarshidagi bog‘chada 50 nafarga yaqin bola ovqatdan zaharlangani haqida xabarlar tarqalgandi. Maktabgacha ta'lim vazirligi buni rad etgandi.