Toshkentda BMW YTHga uchragani, haydovchi mashhur qo‘shiqchi Zohid ekani aytilgandi. Shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: Instagram

Ta’kidlanishicha, 29-sentabr kuni taxminan soat 23:00 da 1990-yilda tug‘ilgan Z.R. o‘z boshqaruvidagi BMW rusumli (davlat raqam belgisi 01 N 806 HA) transport vositasida Ahmad Donish ko‘chasidan Yangishahar ko‘chasiga qarab harakatlanayotganda rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.

Oqibatda transport vositasi haydovchisi va yo‘lovchilari — 1995-yilda tug‘ilgan J.I. hamda 1996-yilda tug‘ilgan J.Y. kasalxonaga yotqizilgan. 1994-yilda tug‘ilgan X.S. voqea joyida vafot etgan.

Hodisa yuzasidan shahar IIBB tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zgatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Malumot uchun, ushbu ma’lumotlarni turmush o‘rtog‘i Kamola Ortiqova Instagram sahifasiga joyladi va xalqdan turmush o‘rtog‘ini duo qilishlarini so‘radi. Bundan tashqari, u uch oylik homilador ekani va hozirgina turmush o‘rtog‘i uning yonidan yaxshi kayfiyatda ketganligini ham yozib qoldirgan. Bundan ikki kun avval Kamola turmush o‘rtog‘ining xiyonati sabab jiddiy kelishmovchilikka borganini ma’lum qilgandi.