3-oktabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan yadroviy kallakchalar ortilgan SSSR suvosti kemasining cho‘kib ketishi, Germaniyaning birlashuvi hamda AQSHda Shukronalik kunining paydo bo‘lishiga oid faktlar o‘rin olgan.

K-219: 30 yildan beri Atlantika okeani tubida yotgan yadroviy kallakchalar

Bundan 36 yil oldin Atlantika okeanida Sovet Ittifoqiga tegishli K-219 suvosti kemasida portlash sodir bo‘lgandi. Ekipaj haqiqiy qahramonlik ko‘rsatib avariyaga uchragan “atomoxod”ni qutqarmoqchi bo‘lgan. Ammo oxir-oqibat submarina AQSH qirg‘oqlarida fojiaviy tarzda cho‘kib ketgan.

Foto: Wikimedia Commons

1986-yilning 3-oktabr kuni Atlantika okeanida K-219 suvosti kemasi shaxtalaridan birida ballistik raketa portlab ketgan. Submarinani qutqarish bo‘yicha uch kun davom etgan qutqaruv ishlaridan keyin u 5500 metr chuqurlikka cho‘kib ketgan.

Ekipajning aksariyat qismi omon qolgan. Kema bilan bog‘liq holat jiddiy xalqaro mojaroga sabab bo‘lishi mumkin edi. K-219 strategik atom suvosti kemasi bo‘lib, “Nalim” loyihasi bo‘yicha modernizatsiya qilingan. U 1971-yilning 31-dekabrida suvga tushirilgan edi. Uzunligi 128 metrga, eni 12 metrga yetadigan submarina bortida 16 ta torpedo (ularning ikkitasi yadroviy zaryadlarga ega) va har biri uchtadan jangovar kallakchali 16 ta “PSM-25U” ballistik yadroviy raketalari bo‘lgan. Kema 450 metr chuqurlikkacha suv ostida harakatlana olgan.

Sovet suvosti kemalarining zaif joylari

K-219 dan foydalanish davomida raketalarni uchirish tizimi bilan bog‘liq muammolar muntazam uchrab turgan. 1973-yilning 31-avgustida 15-sonli shaxtaga suv kirib qolgan. U vaqtda raketa yonilg‘isi (azot tetraoksidi)ning oqib ketishi odatiy holat bo‘lgan va suv u bilan reaksiyaga kirishib, azot kislotasini hosil qilgan. Natijada portlash yuz bergan. Bir kishi halok bo‘lgan, shaxta esa to‘liq cho‘kib ketgan. Mazkur voqeadan keyin shaxta foydalanishdan chiqarilgan, raketalar olingan, uning qopqog‘i payvandlab tashlangan. Shuningdek, 1986-yilda submarina uchirish moslamasining nosozligi sabab bazaga qaytishga majbur bo‘lgan.

Foto: Wikimedia Commons

1986-yilning 4-sentabrida K-219 Gajievo portidan oxirgi safariga otlangan. Reja bo‘yicha submarina AQSH qirg‘oqlarini patrul qilishi kerak edi. Suvosti kemasining komandiri kapitan Igor Britanov bo‘lgan. Belgilangan muddatlar davomida ekipaj yadro suvosti kemasini bo‘lajak sayohatga tayyorlashda barcha rejalashtirilgan ta’mirlash ishlarini bajara olmagan. Xususan, 6-sonli raketa shaxtasida nosozlik kuzatilayotgani aniqlangan, biroq uni bartaraf etishga vaqt bo‘lmagan. Shuningdek, shaxta kirgani haqida signal beruvchi tizim o‘chirilgan.

Barens dengiziga sho‘ng‘ilganidan keyin 6-sonli raketa shaxtasiga suv kira boshlagan, ammo komandir Britanovga bu haqda hisobot berishmagan. Ortiqcha suv shlang yordamida kuniga ikki marotaba chiqarib tashlab turilgan.

Submarina o‘rtacha chuqurlikda ortiqcha yuklanishsiz harakatlanib, yo‘nalishini o‘zgartirganida muammo hal bo‘lardi. Ammo Sovet suvosti kemasi boshqacha harakatlangan.

Gap shundaki, ishqalanish tovushi va parrak aylanishidan hosil bo‘lgan shovqin sabab submarina quyruq qismidagi obyektlarni topishda gidrolokatordan foydalanish deyarli imkonsiz bo‘lgan. Amerika suvosti kemalari sovet submarinalarini qidirishda shunday foydalangan. Shu orqali ular sovet gidrolokatorlaridan doim “o‘lik zonada” turgan. Bunday manyovrni bajarish davomida suvosti kemalari muntazam ravishda chuqurlik sathini va yo‘nalishni o‘zgartirib turgan. Ba’zida bunday manyovrlar submarinalar to‘qnashuvini ham yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan.

Shu kabi manyovrlarning birida 6-sonli shaxtaga suv toshib kirgan. Suvni chiqarib tashlash borasidagi urinishlar samara bermagan. Bosim shaxta panjarasini buzib tashlamasligi uchun zudlik bilan suv yuzasiga chiqish kerak edi. Ammo bunga vaqt yetmagan. Portlash suvosti kemasining mustahkam korpusi tashqi ustunini buzib yuborgan. Teshik orqali korpusga suv oqib kira boshlagan va submarina 350 metrgacha cho‘kkan. Suvning raketa yonilg‘isi bilan reaksiyasi natijasida submarinada zaharli gaz hosil bo‘lgan. Kapitan Britanov suvdan qutulish va favqulodda holat rejimida suzib chiqish uchun parraklarni ishga tushirish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Ikki daqiqadan keyin atom suvosti kemasi yuzaga chiqqan.

Matrosning qahramonligi

Ammo oldinda reaktorni o‘chirish vazifasi turardi. Agar bu amalga oshirilmasa, Atlantika okeanida atom reaktori va qolgan boshqa jangovar kallakchalar portlashi sodir bo‘lardi. Reaktorni pultdan boshqarish tizimi portlashda yo‘q qilingandi. Reaktor bo‘linmasining komandiri katta leytenant Nikolay Belikov va 20 yoshli matros Sergey Preminin reaktorni qo‘lda o‘chirishga majbur bo‘ladi. Bo‘lmadagi harorat Selsiy bo‘yicha 70 darajaga yetadi. Belikov hushini yo‘qotguniga qadar to‘rtta panjaraning uchtasini tushirishga ulguradi. Sergey Preminin oxirgi — to‘rtinchi to‘siqni yopish uchun ikki marta kameraga kirgan. Faol zonaning erishi to‘xtatilgan, biroq matros bo‘lmani tark eta olmasdi. Birorta matros bosimlar farqi sabab reaktorni nazorat posti bilan ajratib turuvchi bo‘lma lyukini ocha olmagan.

Foto: Wikimedia Commons

Sergey Preminin vafotidan keyin 1987-yilda “Qizil yulduz” ordeni bilan mukofotlangan.

Avariya joyiga bir nechta sovet kemalari yo‘l olgan. Atom suvosti kemasi o‘zi suzib keta olmasligi aniq edi va uni tortib ketish talab etilardi. Bunda shatakchi vazifasini “Krasnogvardeysk” kemasi bajarishi kerak edi. Ikkita “Tu-95” samolyoti tomonidan kerakli uskunalar ortilgan konteynerlar tashlangan. Konteynerlarning bir qismi suvga urilganida sochilib ketgan, uning ichidagi narsalar esa suvga g‘arq bo‘lgan.

Ekipajni evakuatsiya qilish vaqtida amerikalik harbiylar bilan bir necha mojaro yuzaga kelgan. Powhatan shatakchisi komandir Britanov boshchiligidagi ofitserlar guruhi va maxfiy hujjatlar bor qayiqni egallab olmoqchi bo‘ladi. Kapitan Danilkin “Krasnogvardeysk”ka kemaning rul boshqaruvi nosozligi bo‘yicha radiodan xabar berishga majbur bo‘ladi. Mojaro hal etiladi.

Shikast yetgan suvosti kemasini shatakka olish amalga oshmaydi. 6-oktabr kechasi noma’lum sabablarga ko‘ra, “Krasnogvardeysk” va K-219 trosi uzilib ketadi. Submarina 5,5 ming metr chuqurlikka cho‘kib ketgan. Falokat vaqtida uning bortida 30 ta yadroviy jangovar kallakcha bo‘lgan.

Modellashtirishlarga ko‘ra, bunday chuqurlikda suvning harakati deyarli sezilmagani bois plutoniy okean yuzasiga chiqmaydi. Ammo radiatsiya ozuqa zanjiri orqali tarqalishi ehtimolini istisno etib bo‘lmaydi.

“Muhim ish”: Germaniyaning birlashuvi

1990-yilning 3-oktabr kuni Germaniya birlashgan edi. Germaniya Demokratik Respublikasi va G‘arbiy Berlin 41 yil davom etgan delimitatsiyaga chek qo‘yib, Germaniya Federativ Respublikasi tarkibida birlashgan. Nemis davlatlarining birlashuvida SSSRning bu boradagi pozitsiyasi ham muhim rol o‘ynagan. Mixail Gorbachyov Germaniya kansleri Gelmut Kol bilan muzokaralarda aytganidek, “nemis xalqining birlashuvi masalasini nemislarning o‘zi hal etishi kerak”.

Foto: Wikipedia

3-oktabr kuni Germaniya nemis xalqining birlashuvi kunini nishonlab keladi. Bundan 32 yil oldin Birlashuv bitimiga muvofiq GDR Germaniya Federativ Respublikasi (GFR) tarkibiga qo‘shilgandi. Tantanali marosimda onlayn rejimda Mixail Gorbachyov ishtirok etgan: uning kansler Gelmut Kol bilan muzokaralari 1990-yilda birlashuv jarayoniga tamal toshini qo‘ygandi.

Odamlarimiz ozodlikka, o‘z rahbarini saylash, siyosatga rostdan ta’sir o‘tkazish huquqiga erishdi. Ularga bunday huquq va erkinliklarni berib, biz qo‘shni davlatlarimiz, ittifoqchilarimizning bu boradagi intilishlariga to‘sqinlik qila olmasdik. Avval boshida ushbu davlatlarning rahbariga aytilgandi: sizlarning ishlaringizga aralashmaymiz, siz o‘z xalqingiz oldida javobgarsizlar. Vaziyat qaltis edi, har qanday ehtiyotsizlik portlashga olib kelishi mumkin edi. Yevropada, jumladan, bizning mamlakatimizda ham shubha, qo‘rquv bor edi. Ko‘plab yirik siyosatchilar, davlat rahbarlari buni bildirgan. Shu kabi prinsipial sharoitda Sovet Ittifoqi qanday pozitsiyani egallashi mumkin edi”, — degan Gorbachyov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “sharq va g‘arbdagi nemislar bir xalq ekanini e’lon qilganida, siyosiy yetakchilardan donishmandlik, vazminlik, chuqur o‘ylash va istiqbolni ko‘ra bilish talab etilgan”. SSSR sobiq yetakchisining aytishicha, u GDR, GFR va G‘arbning yetakchi davlatlari bilan qiyinchiliklarga, to‘siqlar va xatarlarga qaramay, “muhim tarixiy ishni” uddalashga muvaffaq bo‘lgan.

Germaniyadan qo‘shinlarning olib chiqib ketilishi va kredit

Germaniya Demokratik Respublikasi aholisining katta qismi Germaniya Federativ Respublikasiga qo‘shilish niyatida ekanini 1990-yilning 18-martida o‘tkazilgan parlament saylovlari ko‘rsatib bergan. Xalq palatasining yangi tarkibi bir ovozdan GDR konstitutsiyasining “ishchilar va dehqonlarning sotsialistik davlati” haqida so‘z yurituvchi xalqaro shartnomaning kirish qismini bekor qilishni ma’qullagan. Hukumatning yangi rahbari etib sharqiy Germaniya yetakchisi Lotar de Mezyer tayinlangan. Muzokaralar davomida GDRning qo‘shilishiga oid muhim qarorlar qabul qilingan.

De Mezyer hukumatining asosiy vazifasi birlashuvga tayyorgarlik jarayoni edi. GFRda Germaniyaning birlashuvi g‘oyasini “yashillar”dan boshqa barcha yetakchi partiyalar qo‘llab-quvvatlagan. G‘arbiy Germaniyada ham jamoatchilik birlashish istagida bo‘lgan, biroq bunga qiziqish siyosiy doiralardan ko‘ra, pastroq darajada edi. Ziyoli so‘lchilar orasida birlashishga qarshilar ham bo‘lgan. Ular nemislarning o‘tgan jinoyatlar uchun boshqa xalqlar oldida mas’uliyatini eslatib turgan.

Foto: Wikipedia

Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan davlatlar uchun ikkita Germaniya davlatining jadallik bilan birlashishga intilishi kutilmagan holat bo‘lgan. Yevropa aholisi bu kabi tashabbusga shubha bilan qaragan. Yangi Germaniyadan Yevropa xavfsizligi uchun kafolat talab qilinardi. Kol boshchiligidagi Germaniya rahbariyati jarayonni tezlashtirish niyatida bo‘lgan. “2+4” sxemasi bo‘yicha muzokaralarda GFR va GDRdan tashqari, SSSR, AQSH, Buyuk Britaniya hamda Fransiya ishtirok etgan. Muhokamalarning asosiy mavzusi qo‘shni davlatlar xavfsizligi edi. Xususan, London va Parij yagona Germaniya g‘oyasini u qadar xushlamagan.

O‘z navbatida, Vashington birlashuvda dunyodagi kuchlar muvozanatining AQSH va NATO foydasiga o‘zgarishini ko‘rgan. Oltita davlat tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi 1990-yilning 5-may sanasida Bonnda o‘tkazilgan. Keyin esa muzokaralarning yana uchta raundi amalga oshirilgan.

“Qo‘ng‘iroq va mushakbozlik”

Birlashuv jarayonini mustaqil o‘tkazish imkoniyatini qo‘lga kiritgan GFR va GDR birlashuvning ichki muammolarini huquqiy jihatdan tartibga solishga kirishgan. Sharqiy Germaniya markasi kursining G‘arbiy Germaniyanikiga o‘tib, yagona valyutaga aylanishida munozaralar bo‘lgan. Natijada murosaga kelingan: u qadar katta bo‘lmagan summa 1:1 nisbatdan, yirik summalar 2:1 nisbatda almashtirilgan. 1990-yilning 1-iyulida “Iqtisodiy, valyuta va ijtimoiy ittifoqni yaratish bitimi” kuchga kirgan: G‘arbiy Germaniya markasi yagona to‘lov vositasiga aylangan.

Va nihoyat 23-avgust kuni Xalq palatasi Germaniya Demokratik Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasi tarkibiga qo‘shilishi uchun rasman ariza bergan. Tarixiy davlat yerlari qayta tiklangan.

1990-yilning 31-avgust kuni Bonnda GDR va GFR “Yagona Germaniyani qayta tiklash bitimi”ni imzolagan, sentabr oyida esa tomonlar qo‘shimcha protokollarni tuzib, yakuniy birlashuvni amalga oshirgan.

Foto: Wikipedia

1990-yilning 1-oktabr kuni Nyu-Yorkda GDR, GFR, SSSR, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Germaniyaning birlashuvi sabab Berlin va Germaniyaga nisbatan belgilangan to‘rt tomonlama huquq va majburiyatlarni bekor qilish protokolini imzolagan. 3-oktabrga o‘tar kechasi “Birlashish to‘g‘risidagi bitim” kuchga kirgan. Germaniya Demokratik Respublikasi yo‘qqa chiqqan. Sharqiy Germaniyaning beshta yerida tarixiy bayroq va gerb qayta tiklangan. Ushbu kecha Germaniya tarixida urushdan keyin eng uzoq davom etgan mushakbozlik va qo‘ng‘iroqlar kechasiga aylangan.

AQSH prezidentlari uchun bayram

Shukronalik kuni — AQSHning nafaqat yosh, balki katta yoshli aholisi o‘rtasida ham keng nishonlanadigan muhim bayramlardan biri. 1863-yilning 3-oktabrida AQSH prezidenti Avraam Linkoln noyabr oyining to‘rtinchi payshanbasini Shukronalik kuni deb e’lon qilgan. 1941-yilda esa prezident Vudro Vilson bu boradagi tegishli qonunni imzolagan. O‘shandan buyon Qo‘shma Shtatlar aholisi ushbu kunda bir stol atrofida kurka va qovoqli pirog yeyish uchun to‘planadi.

Foto: Wikipedia

Ta’kidlash kerakki, bayram menyusi ham an’analarga mos tarzda o‘tkaziladi, u 1897-yilda tasdiqlangan. O‘shanda AQSHning birinchi xonimi Ida Mak-Kinli Oq uy bosh oshpazidan Shukronalik kuni sharafiga oddiy tushlik tayyorlashni so‘raydi. Undan Mak-Kinlining do‘stlari sovg‘a qilgan 26 funtli kurka, klyukva, selder va qovoqli pirog o‘rin oladi.

Prezidentlar ham boshqa fuqarolar kabi bayramni o‘z oilasi bilan o‘tkazadi. Uni qayerda nishonlashni hamma o‘zi hal qiladi. Masalan, 1914-yilda Shukronalik kunida Vudro Vilson Massachusets shtatidagi qizining oilasida tushlik qilgani borgan. 1953-yilda esa Duayt Eyzenxauer oilasi bilan golf o‘ynash maqsadida Jorjiyaga uchgan. O‘shanda prezident oilasi Augusta Milliy golf klubi yaqinidagi joylashgan Mamie’s kayutasida to‘xtagandi. Bayramning “oilaviy” ekaniga urg‘u berish maqsadida kayuta devorlariga Eyzenxauer 37 yil davomida — uylanganidan to Oq uyga ko‘chib o‘tguniga qadar bo‘lgan davrda yashagan uylarining suratlari ilingan. 1985-yilda Reygenlar Kaliforniyadagi oilaviy ranchosiga yo‘l olgan, 1996-yilda Bill Klinton bayramni shahardan tashqaridagi Kemp-Devid qarorgohida nishonlagan.

Foto: Reuters

Nyu-York uchun gazli sharlar

An’anaga muvofiq, qariyb 100 yildan beri har Shukronalik kuni Nyu-Yorkda bayram shukuhi kezadi — meysis paradi o‘tkaziladi. Shou 1948-yildan beri NBC telekanali orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiya qilinishi sabab muvaffaqiyatga erishgan. Bayram yurishi har yili soat 09:00 da 77 hamda Markaziy bog‘ ko‘chalari kesishmasida boshlanib, 4 kilometr — Macy’s do‘koniga qadar davom etadi. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, ayrimlar yaxshiroq joyni egallash uchun ertalabdan kelib oladi.

Paradning eng qiziq sovg‘asi — ko‘p qavatli uylar balandligicha keladigan geliy bilan to‘ldirilgan ulkan sharlarni aholi intizorlik bilan kutadi. Odatda paradda bu kabi sharlardan 30 ga yaqini uchiriladi.

Kurkaning afv etilishi

Amerikaliklar bayram stolida Plimutda hosil yig‘imi bayramidagi kechki ovqat munosabati bilan to‘planadi — afsonalarga ko‘ra, o‘shanda piligrimlar (Amerikaga kelgan ilk yevropaliklar) mahalliy aholini kechki ovqatga taklif qilgan. Kurka yozuvchi Sara Jozef Xeylning sa’y-harakatlari bilan bayramning asosiy taomiga aylangan. U bayramni milliylashtirishni rosa xohlagan, shu sababli hozirda menyudan asosan Amerika mahsulotlari o‘rin oladi: kurka, qovoq, shirin kartoshka.

Foto: Reuters

Yana bir an’ana — prezidentlarga bayram munosabati bilan tirik kurka sovg‘a qilish. Bu odat 1870-yilda, Rod-Aylenddan kelgan fermer Goratsiy Voz Shukronalik kuni sabab boqilgan kurkalarni Oq uyga yuborishni boshlaganida yuzaga kelgan. Fermerlar ushbu parrandani 1947-yilgacha, Kurkachilar milliy federatsiya vakillari prezident Garri Trumenga uni tortiq etgunga qadar yetkazib bergan. Bu kurkani afv etish an’anasining boshlanishi hisoblanadi, ammo bu versiyaning bitta kamchiligi bor: o‘shanda sovg‘a qilingan kurka bayram dasturxonidan o‘rin olgan. Kurkani dasturxonga tortmaslik an’anasini 1963-yilda Jon Kennedi boshlab bergan: kurkaning boshini silagan prezident “Uni shunchaki qo‘yib yuboramiz”, degan edi. Shundan buyon Shukronalik kuni kurkani sovg‘a sifatida olgan prezidentlar uni qo‘yib yuboradi.

Foto: Reuters

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.