2022-yilning yanvaridan beri Burkina-Fasoni boshqarib kelayotgan podpolkovnik Pol-Anri Sandaogo Damiba harbiy to‘ntarish natijasida hokimiyatdan chetlashtirilgach, mamlakatni tark etdi. U Togo respublikasiga ketgan.

Foto: Reuters

Burkina-Fasoning yangi rahbari kapitan Ibrohim Traore bo‘ldi, u harbiy to‘ntarishga rahbarlik qilgandi. Traore qasamyod qabul qilinguncha mamlakatni boshqarib turadi.

Reuters xabariga ko‘ra, Damibaning o‘zi yangi to‘qnashuvlar va qurbonlar bo‘lmasligi uchun iste’foga chiqishni taklif qilgan. Buning evaziga u bir qancha shartlarni ilgari surgan, xususan, o‘zi va tarafdorlarining xavfsizligini kafolatlashni so‘ragan.

Sentabr oyi oxirida Burkina-Fasoda 2022-yil boshidan beri ikkinchi davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Traorening so‘zlariga ko‘ra, qishki davlat to‘ntarishida Damibaning hokimiyatga kelishiga yordam bergan harbiy guruh uni jangarilar bilan kurasha olmagani uchun lavozimidan chetlashtirishga qaror qilgan. Xuddi shu sababga ko‘ra, Damiba ham o‘zidan oldingi Rok Mark Kaborni ag‘dargan edi.

Burkina-Faso G‘arbiy Afrikadagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lib, aholisi taxminan 22 million kishini tashkil etadi, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot esa yiliga 988,3 dollarga teng. Reuters agentligiga ko‘ra, “Al-Qoida” va ISHID tashkilotlarining jangarilari mamlakat hududining bir qismini nazorat qilmoqda.