Dunyoning eng boy odami, biznesmen Ilon Mask o‘zining Twitter sahifasida Rossiya va Ukraina o‘rtasida qanday shartlar bilan tinchlik o‘rnatilishi mumkinligi haqida fikr yuritdi, deb yozadi Meduza.

Foto: “The Indian Express”

Mask mumkin bo‘lgan sulhning to‘rtta asosiy parametriga aniqlik kiritdi:

  • Ukrainaning bosib olingan hududlarida BMT nazorati ostida yangi ovoz berish jarayonini o‘tkazish: “Agar aholining tanlovi Ukraina bo'lsa, Rossiya ularni tark etadi".
  • Qrim 1783-yildan beri (“Xrushchyov xatosidan oldin”, deb yozadi Mask) bo‘lgani kabi “rasmiy ravishda” Rossiyaning bir qismi bo'lib qoladi.
  • Qrimga suv ta’minoti kafolatlanadi.
  • Ukraina neytral davlat bo‘lib qoladi.

Tvitiga izoh berishda Mask bu “ehtimolga eng yaqin ssenariy” deb o‘ylayotganini aytdi. Shuningdek, u kuzatuvchilarini uni qo‘llab-quvvatlashga yoki rad etishga taklif qildi. Meduza xabari yozilayotgan vaqtda so‘rovnomada 200 mingdan ortiq odam qatnashgan, ularning 54,5 foizi “ha” deb ovoz bergan.

Nashrdan ko‘p o‘tmay Mask “kuchli bot hujumi” haqida shikoyat qildi.