Ukraina Oliy sudi sobiq prezident Pyotr Poroshenkoning amaldagi davlat rahbari Vladimir Zelenskiyga qarshi da’vosi bo‘yicha sud jarayonini yakunladi. Poroshenko Zelenskiyni “jamoat manfaatiga aloqador ma’lumotlar”ni e’lon qilmagani uchun harakatsizlikda ayblagan edi, deb xabar bermoqda “Ukraina yangiliklari” ish materiallariga tayanib.

Foto: “RIA Novosti”

Poroshenko Zelenskiydan sobiq prezidentni o‘sha paytdagi Rada deputati Viktor Medvedchuk (u davlatga xiyonatda ayblangan) bilan bog‘laydigan materiallarni ommaga ko‘rsatishni talab qilgan.

“12-sentabr kuni Oliy sud Kassatsiya ma’muriy sudi sudyalar hay’ati tarkibida Poroshenkoning da’vosi bo‘yicha ish yuritishni yakunladi. Beshinchi prezident Oliy suddan jamoatchilikni qiziqtirgan ma’lumotlar oshkor etilmagani uchun Zelenskiyning harakatsizligini tan olishni so‘ragandi”, — deb yozadi agentlik va bu qaror ustidan Oliy sudning Katta palatasiga shikoyat qilinishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Zelenskiyga qarshi da’vo arizasi 2021-yilning iyul oyida Poroshenkoning advokati tomonidan berilgan edi. Bunga sabab shuki, Zelenskiy Medvedchukning Donetsk va Lugansk xalq respublikalaridan ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha Rossiya rasmiylari bilan suhbati audiosi tarqalganini aytgan — suhbatlarda Poroshenko ham tilga olingan.

Shu bilan birga Ukraina Davlat tergov byurosi bir qator shov-shuvli jinoiy ishlar, xususan, “Xarkov kelishuvlari” va “ko‘mir ishi” (Medvedchuk va Poroshenkoga qarshi) bo‘yicha materiallar yo‘q qilingani haqidagi OAV xabarlarini rad etdi.

2021-yilning dekabr oyida Zelenskiy ushbu ish bo‘yicha sudga chaqirilgan. Uning ishtirokidagi uchrashuv 2022-yilning 28-fevraliga belgilangandi. 19-yanvar kuni Kiyev Pechersk sudi Poroshenkoga nisbatan ehtiyot chorasini tanlagan, shuningdek, uning xorijga chiqish pasportini topshirishni buyurgan. May oyida Medvedchuk Poroshenkoning Rossiya tomoni bilan kelishuvlariga aloqadorligi haqida guvohlik bergan edi.