6-oktabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Lenin bilan uchrashish uchun Moskvaga kelgan Gerbert Uells, arab davlatlarining Isroilga qarshi urushi (“Oxirzamon urushi”) hamda Chechen urushining asosiy ishtirokchisi bo‘lgan rus generalining gospitaldan quvilishiga oid faktlar o‘rin olgan.

Gerbert Uells va Lenin uchrashuvi

1920-yilning 6-oktabr kuni mashhur ingliz fantast yozuvchisi Gerbert Uells Kremlda sovet hukumati rahbari Vladimir Lenin bilan uchrashgandi. Mehmonni asosan Rossiyani elektrlashtirish rejasi qiziqtirgan. Uells Sovet Ittifoqiga tashrifi haqida kitob yozib, undagi bir bo‘limni Lenin bilan suhbatga bag‘ishlagan. Trotskiyga ishoniladigan bo‘lsa, Leninning o‘zi yozuvchiga shubha bilan baho bergan.

Foto: “RIA Novosti”

Mashhur fantast yozuvchi Gerbert Uells Rossiyaga uch marotaba — 1914, 1920 va 1934-yillarda tashrif buyurgan. U Birinchi jahon urushi oldidan Romanovlar imperiyasidagi hayotni yosh Respublika vaqti hamda sanoatlashayotgan Sovet Ittifoqi bilan taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘lgan kam sonli xorijliklardan hisoblanadi. Birinchi holatda Uells Sankt-Peterburg va Moskvaga tashrif buyurgan. Angliyaga qaytganidan keyin esa rus tilini fransuz va nemis tilidan keyingi uchinchi xorijiy til sifatida o‘qilishiga chaqirgan.

Bundan 102 yil oldin, butun dunyoga tanilgan vaqtida 14 yil oldin tanishga do‘sti Maksim Gorkiyning taklifiga binoan Rossiyaga kelgan. Yangi Rossiya bilan tanishuv vaqti tasodifan tanlanmagan. 1920-yilning sentabr—oktabrida bolsheviklar rejimi Kremlga mustahkam o‘rnashib olgani ayon bo‘lgan. Oqlarning Qrim va Uzoq sharqdagi qarshiliklar bir yil oldingiga qaraganda ancha susaygan edi. So‘nggi yillar davomida yuzaga kelgan vayronagarchiliklar butun mamlakatni egallab olgan, ishlab chiqarish deyarli to‘liq falaj holatga kelgandi. Boshqaruv institutlari samarasiz ishlay boshlagan. Uells o‘zining safari taassurotlarini The Sunday Times gazetasida chop etilgan “Zulmatdagi Rossiya” kitobida batafsil ta’riflagan.

Gerbert Uells

Foto: “RIA Novosti”

Bu Londonga kelgan sovet delegatsiyasiga javob tashrif hisoblanardi. Inglizni Rossiyaga yana kelishga “Mossovet” rahbari Lev Kamenev taklif qilgan. Bu safar yozuvchi Rossiyada 15 kun qolgan. Uning tashrifini eng muhim jihati 6-oktabr kuni Kremlda Vladimir Lenin bilan uchrashuvi bo‘lgan. Martabali mehmon ushbu uchrashuv uchun 80 soatga yaqin vaqtini telefon muzokaralari va kutishga sarflagan. U yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar juda zerikarli va asabni o‘ynatadigan darajada uzoq davom etganini eslagan. Safarining mazkur qismiga bag‘ishlangan bobni Uells “Kreml orzukashi” deb nomlagan. Hatto kabinet xo‘jayini tashrif buyuruvchini o‘rganish maqsadida unda diqqat bilan qarayotgani tasvirlangan surat ham saqlanib qolgan.

U bilan ko‘rishish qiziq edi va aytishim kerakki, unga qarshi fikrda bo‘lganman. Aslida men tasavvurimdagiga o‘xshamaydigan shaxs bilan ko‘rishgan edim. Lenin — qalamkash odam emas; uning chop etilgan mehnatlari u haqida to‘g‘ri taassurot bermaydi”, — degandi u.

O‘quvchiga Kremlga uyushtirgan tashrifi haqida ma’lumot berar ekan Uells mamlakatni 1914-yil bilan taqqoslaydi. Nikolay II davrida Kreml hududiga hech qanday to‘siqsiz kirish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endilikda erkin harakatlanish taqiqlangan edi. Darvozadan kirishda undan ruxsatnoma so‘rashgan. Lenin bilan uchrashgunga qadar Uells o‘ziga hamrohlik qilayotgan shaxslar bilan beshta xonadan o‘tishga majbur bo‘lgan. Soqchilar undan har safar hujjat so‘ragan.

Lenin kitob va qog‘ozlarga to‘la yozuv stolida o‘tirgan. Uells stolning o‘ng tarafidan joy olgan. Uning ta’rificha, qiziqarli suhbat boshlangan. Dohiyning so‘zlariga ko‘ra, ingliz fantasti o‘zining sotsialistik qarashlariga qaramay, Rossiyada u qadar jiddiy qabul qilinmagan.

Foto: “RIA Novosti”

Uells qandaydir maxluq bilan uchrashishni kutgan edi, qarshisida ziyoli va faylasuf inson paydo bo‘ldi. Va Uells boshqalar qatori bundan hayratga tushdi. Aslida Leninning oldiga ko‘plab xorijliklar tashrif buyurardi. Rahbar sifatida mashhur chet elliklar bilan muloqot qilish uning vazifalaridan biri edi”, — deb yozadi Lev Danilkin.

Lenin bilan suhbatdan keyin Uells Moskvada ushlanib qolmaslikka qaror qilib, kechki poyezdda Petrogradga — do‘sti Gorkiyning kvartirasiga yo‘l oladi. U yerdan Tallin va Stokgolm tomon otlanadi. Shu bilan birga, fantast Moskvani Petrograd bilan taqqoslab, uning ancha jozibador ekanini payqashga ulguradi.

Oradan 14 yil o‘tgach Uells Moskvaga Stalin bilan suhbatlashish uchun qaytgan edi.

“Oxirzamon urushi” (to‘rtinchi arab—isroil urushi)

1973-yilning 6-oktabr kuni Misr va Suriya 1967-yilgi “olti kunlik urush” natijasida Isroil tomonidan egallab olingan yerlarni qaytarish maqsadida urush boshlagan edi. O‘shanda Isroil qurolli kuchlari G‘azo sektorini, Sinay yarimoroli, Iordan dengizining g‘arbiy qirg‘og‘i va Suriyaning Golan tepaliklarini egallab olgandi, bu esa ushbu hududlarda istiqomat qilgan arablarning ommaviy quvilishiga olib kelgan.

Foto: Wikipedia

1973-yilgi urushda arablar Suvaysh kanali va Golan tepaliklari zonasida kutilmagan harbiy harakatlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Misr qo‘shinlari Suvaysh kanalini kesib o‘tishi, Suriya harbiylari esa Iordan daryosi orqali hujumga kirishishi lozim edi. Ushbu vazifalarni bajarish uchun Misr 400 mingga yaqin harbiy, 2 mingdan ortiq tank, 400 dan ortiq jangovar samolyotlar, 200 ta vertolyot, 200 ta harbiy kemalarni jalb etgan; Suriya esa 130 ming harbiy, 1,3 mingdan ortiq tank, 400 ga yaqin jangovar samolyot, 50 ta vertolyot va 27 ta jangovar kemani urushga yo‘naltirgan. Arablar tomonidan harbiy harakatlarda Iroq, Marokash, Iordaniya, Saudiya Arabistoni va Kuvaytning cheklangan qo‘shinlari ham ishtirok etgan. Jazoir, Livan, Tunis yordam bergan. Misr—Suriya birlashgan qo‘shinlari qo‘mondoni etib misrlik general Ahmad Ismoil tayinlangan.

Foto: Wikipedia

Hujumni 6-oktabr kuni — Isroilda “Yom Kipur” yoki Qiyomat kunini nishonlash bayramida boshlash rejalashtirilgan. Barcha tadbirlar o‘quv mashg‘uloti nomi ostida yashirin o‘tkazilgan. Qo‘shinlar o‘z manziliga hujumdan besh kun oldin joylashtirilgan.

Isroil razvedkasi front chizig‘iga ayrim Misr va Suriya qismlarining joylashuvini fosh etishga muvaffaq bo‘lgan. Isroil qo‘shinlari sonini oshirgan, ularning jangovar shayligini kuchaytirgan, 4-oktabr kuni qisman yashirin, 6-oktabrdan esa umumiy safarbarlikni boshlagan.

Urush avvalida Isroil qurolli kuchlarida 115 ming kishi, 2 mingga yaqin tank, 500 ga yaqin jangovar samolyot, 90 ta vertolyot va 58 ta harbiy kema bo‘lgan.

Isroil qo‘mondonligining rejasi egallab olingan hududlarda oldindan mudofaaga tayyorlanib, arab qo‘shinlariga hujumini qaytarish va Isroil ichiga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik, agarda mudofaa bosib o‘tilsa, javob zarbalari bilan ularning yakson etish bo‘lgan. Urush o‘z foydalariga ketsa, Qohira va Damashq tomon yurishni davom ettirish ko‘zda tutilgan.

Belgilangan kunda Suriya va Misr qo‘shinlari hujumni boshlagan. 7-oktabr holatiga ko‘ra, Suriya qo‘shinlari 12-15 kilometr oldinlagan, biroq katta yo‘qotishlarga uchragan, ayniqsa, ko‘plab tanklaridan ayrilgan. 8-10-oktabr kunlari faol mudofaa harakatlarini amalga oshirgan Isroil qo‘shinlari o‘zlarining dastlabki pozitsiyasiga qaytishga majbur bo‘lgan. Misr harbiylari esa 6-oktabr kuni Suvaysh kanali orqali hujumga kirishgan, 8-oktabrda sharqiy qirg‘oqda ikkita plasdarmni (harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘riladigan maydon) egallagan. 9-13-oktabr kunlari egallangan joylarida mustahkam o‘rnashib olgan, 14-oktabr kuni hujumni boshlagan, ammo 500 ta tankidan ayrilgan bo‘lsa-da, muvaffaqiyatga erishmagan. 15-oktabrdan boshlab tashabbus to‘liq Isroil qo‘shinlari tomonga o‘tgan, 18-oktabrda Suvaysh kanaliga chiqib borgan, 19-oktabrda uni egallagan va Qohira tomon yo‘l ochilgan. Misr qo‘shinlari og‘ir ahvolda qolgan.

Foto: Wikipedia

22-oktabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi SSSR va AQSH tashabbusi bilan ikkala tomonni ham harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgan. 24-oktabrda Suriya frontida jangovar harakatlar to‘xtatilgan. Misr qo‘mondonligi ham o‘z navbatdagi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga amal qilgan. Isroil esa hujumni davom ettirgan. 24 va 25-oktabr kunlari qo‘shinlar Suvaysh atrofiga chiqib borgan. SSSRning keskin diplomatik harakatlari AQSHni Isroilga bosim o‘tkazib, o‘t o‘chirishni to‘xtatishga majburlagan va 25-oktabda jangovar harakatlar to‘xtatilgan. 1974-yilning yanvarida Isroil Misr bilan qo‘shinlarni olib chiqib ketish bo‘yicha kelishuvni imzolagan, shu yilning mayida Suriya bilan ham xuddi shu kabi hujjatga qo‘yil qo‘yilgandi. Tomonlarning pozitsiyalari orasida BMTning qurolli kuchlari joylashtirilgan.

Foto: Wikipedia

1970-yillarning ikkinchi yarmida Misr prezidenti Anvar Sadat Isroil bilan yarashib, Vashingtonda tinchlik bitimini imzolagan. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Isroil Misrga Sinay yarimorolini qaytargan, Misr Isroilni tan olgan va Falastinda arab davlatini qurish talabidan voz kechgan.

Foto: Wikipedia

Urushda Isroil tomoni 16 ming harbiysidan, 900 ta tank va 250 ta samolyotidan ayrilgan, arab davlatlarining esa 20 ming harbiy, 1900 ta tank va 270 ta samolyoti yo‘q bo‘lgan.

“Budjetga qimmat tushyapti: Chechenistonda portlatilgan generalning gospitaldan quvilishi

2018-yilda Rossiya sobiq mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov 1995-yilning 6-oktabr kuni Chechenistonda sodir bo‘lgan portlashda jarohat olgan general-polkovnik Anatoliy Romanovni harbiy gospitaldan chiqarib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, uning davolanishi budjet uchun juda qimmatga tushgan.

Foto: “RIA Novosti”

General-polkovnik rafiqasi Larisa Romanovaga ko‘ra, sobiq harbiy Budenko nomidagi Bosh harbiy klinik gospitaldan Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva viloyatidagi klinik gospitaliga ko‘chirilgan. Bu Romanov jarohat olganidan 13 yil o‘tib amalga oshirilgan, biroq to‘satdan bunday qaror nima sababdan qabul qilingani aytilmagan.

O‘sha yilning 27-sentabr kuni general-polkovnik 70 yoshni qarshilagan edi. Mazkur sana munosabati bilan generalga butun mamlakat bo‘ylab turli sovg‘a-salomlar yuborilgan. Markaziy telekanallarda uning biografik filmlari va videosujetlar namoyish etilgan.

“Rosgvardiya” qo‘mondonligi sovg‘a sifatida general-polkovnik Analotiy Romanovga bag‘ishlangan kitob taqdimotini o‘tkazgan. “Bayroqdor” nomli kitobni Andrey Edokov yozgan bo‘lib, u Romanov bilan birga xizmat qilganlarning xotiralariga asoslangan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, general 1995-yilda Chechenistondagi harakatlarning asosiy ishtirokchilaridan biri hisoblangan.

Foto: “RIA Novosti”

1995-yilning 19-iyulida Romanov Rossiya ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Chechenistondagi Federal qo‘shinlar birlashmasi qo‘mondoni etib tayinlangan. O‘sha yilning 6-oktabr kuni unga nisbatan suiqasd uyushtirilgan: mashinasi ostida radioboshqariluvchi “fugas” (portlovchi modda) o‘rnatilgan, natijada avtomobil parcha-parcha bo‘lib ketgan. General bilan mashina ichida bo‘lganlarning barchasi halok bo‘lgan.

Shunday portlashdan keyin Romanovning omon qolganiga hech kim ishonmagan — yarador general noyob kamarbandi orqali ajratib olishgan. Portlash oqibatida harbiy xizmatchining bosh chanog‘i singan va u 18 kun davomida komada yotgan. Suiqasddan bir oy o‘tgach, Rossiya Qahramoni va general-polkovnik unvoni bilan taqdirlangan.

Foto: “RIA Novosti”

Burdenko nomidagi Bosh harbiy klinik gospitalda Romonov 13 yil davomida davolangan. Uning davolanishi uchun ildiz hujayralardan foydalanish kabi yangicha uslublardan foydalanilgan. Generalning rafiqasini aytishicha, Anatoliy hamma gapni tushunadi, o‘z emotsiyalarini bildiradi, biroq gapira olmaydi va qo‘l hamda ko‘zi yordamida muloqot qiladi.

Romanovning tanasida hamon ko‘plab metall bo‘laklari bor, unga tomografiyadan o‘tish taqiqlangani bois aniq nechta borligini bilishning imkoni yo‘q.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.