Qarshi shahrida barpo etilgan City’da yashovchi aholi vakillari “Daryo”ga murojaat qilib, yashayotgan manzilining nomi Сity ekanligini, ammo yashash tarzi va manzili qishloq sharoitidan farq qilmasligini aytmoqda.

Murojaatchilar muammosini o‘rganish maqsadida jurnalist Murodjon Amirov Qarshi Сity’da bo‘ldi.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Jurnalistning aytishicha, ular ko‘p qavatli uylar yaqiniga borib, murojaatchilar bilan suhbatlashishga uringanda notanish kimsalar kelib, “Nega bu yerni tasvirga olyapsan, senga kim ruxsat berdi”, deya faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgan. Jurnalist hududga murojaat yuzasidan kelganini aytib, axborot olish huquqi borligini bildirgan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Сity’dagi uylarimizni 2021-yilning noyabr oyida qabul qilib olgan bo‘lsak, shundan beri muammolar haqida aytamiz. Ammo hech kim eshitmayapti. Haligacha ko‘p qavatli uylar oldi yozda chang, qishda esa loy bo‘lib yotadi. Yomg‘ir yoqqan paytda ko‘lmakka aylangan suvlardan o‘tib, “dom”ga kiramiz. Elektr toki o‘chib qolgan paytlarda yuqori qavatga qiynalib chiqamiz. Haligacha shu muammolar bor, — deydi aholi vakillaridan biri Shahnoza Mavlonova.

Shahnoza Mavlonova.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Shahnoza Mavlonova uy narxi arzon bo‘lmaganligini, qimmat narxga olinganini, ammo qurilish sifati ham, uy atrofidagi shart-sharoitlar ham talab darajasida emasligini aytmoqda.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Qish kelyapti: bolalarimiz qanday maktabga boradi? Qanday uydan chiqamiz? Uyimizning oldi tizza bo‘yi suvga to‘ladi. Loy kechib, uyga kiramiz. Oyma-oy to‘lov qilayotgan bo‘lsak, qachon bu joylar asfalt qilinadi? Qurilish sifati ham yaxshi emas. Uyni falon pulga sotib olgan bo‘lsak, sharoitini ham qilib berishsin-da endi, — deydi u.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Shu shaharchadagi ko‘p qavatli uylardan birini sotib olgan Qunduz Rajabova ham 2021-yilning oktabr oyida uy olganini, shu paytga qadar ko‘p qavatli uylar atrofi aholi yurishi uchun ham qulay holatga keltirilmaganini bildirmoqda.

Foto: Sarvinoz Ismoilova

Yozda changdan, yomg‘irli kunlarda loydan bezib qoldik. Kattalar-ku amallab yuramiz, ammo bolalar maktabga borishda muammoga uchrayapti, — deydi ahvoli vakillari.

Foto: Sarvinoz Ismoilova

Сity’dagi 13-uyda yashovchi Dilfuza Norqobilova 2021-yilning oktabr oyida uy sotib olganini, shundan beri ko‘p qavatli uylar atrofiga bolalar o‘yingohi ham avtomobillar uchun “stoyanka” ham qurilmaganini aytmoqda.

Foto: Sarvinoz Ismoilova

Yomg‘ir yog‘sa uyimiz atrofi ko‘lmak bo‘lib ketadi. Suv kechib, loy kechib uyga kiramiz. 2021-yilning oktabr oyidan beri bu “dom”lar atrofiga na bolalar o‘yingohi qurildi va na avtomobillar uchun “stoyanka”. Axir loyihada shular bo‘lgan-ku, rahbarlarga bu haqda murojaat qilib charchadik, — deydi Dilfuza Norqobilova.

Dilfuza Norqobilova.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Dilfuza opa yuqori qavatda yashashini, quruvchilar yuqori qavatga chiqish uchun generator qo‘yib berilishini aytganini, biroq va’da bajarilmaganini aytmoqda.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Men 13-qavatda yashayman. Elektr toki o‘chib qolsa, tepaga piyoda chiqamiz. Men-ku, 50 yoshga kirdim. Sal bo‘lsa-da, kuch-quvvatim bor. Ammo 70-80 yoshga kirgan chol-u kampirlar ahvolini tasavvur qilavering, — deydi u.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Murojaatchilarning bildirishicha, Сity’da 6 ta ko‘p qavatli uy uchun 1 dona bolalar o‘yingohi qurilgan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Har bir xonadonda hech bo‘lmasa 3-4 nafardan farzand bo‘lsa, oltita “dom”da necha nafar bola bo‘lishini hisoblayvering, ularning bari bitta o‘yingohga sig‘maydi. Achinarlisi, bolalar o‘yingohda o‘ynash uchun ham navbatda turadi, — deydi murojaatchi ayollar.

Sarvinoz Ismoilova.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Shu uyda yashovchi Sarvinoz Ismoilovaning aytishicha, ko‘p qavatli uylarning gaz, elektr toki va suv tizimidagi muammolarni ham aholining o‘zi hal qilgan.

Uyni topshirishmaganidan keyin aholi vakillari bilan yugura-yugura gaz, elektr toki va suv tizimlarini ulatib, keyin ko‘chib keldik. Viloyat hokimining ushbu hududni obodonlashtirish bo‘yicha qarori chiqqan bo‘lsa-da haligacha ishlar olib borilmayapti. Shahar hokimligi axborot xizmati ushbu holat bo‘yicha rasmiy munosabat berdi-da, biroz vaqtdan keyin shu ma’lumotlarni kanalidan olib tashladi, — deydi Sarvinoz Ismoilova.

Foto: Sarvinoz Ismoilova

Qarshi shahar hokimi o‘rinbosar G‘ayrat Sultonov aholining shikoyati o‘rinli ekanini, mazkur kamchiliklar uchun mablag‘ ajratilganini aytmoqda.

Qarshi shahar hokimligi.

Foto: “Daryo”

Majmuadagi ko‘p qavatli binolarga gaz, elektr toki, suv tarmoqlari o‘tkazilgan. Obodonlashtirish ishlari uchun viloyat hokimining 2022-yil 19-iyuldagi qarori bilan Qarshi shahridagi “Navo” MFY hududida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarga kirish yo‘llari qurish hamda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini boshlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga mahalliy budjetdan 2 milliard 599 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Loyiha, smeta qilinib, ekspertizadan ham o‘tkazilgan. Hamma narsa tayyor turibdi. Ammo ishlar prezidentning “Budjetlararo munosabatlarni va soliq ma’muriyatchiligini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida” qarorining “Moliya vazirligi tegishli vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda budjet tizimi budjetlaridan asosiy vositalarni xarid qilish hamda bino va inshootlarni ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlarni joriy yil yakuniga qadar to‘xtatish (xarid qilish tartib-taomillari boshlangan, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik majburiyatlar bundan mustasno) va ushbu maqsadlar uchun joriy yilda rejalashtirilgan mablag‘larni qisqartirish yoki 2023-yilga o‘tkazish choralarini ko‘rsin”, deyilgan bandiga asosan to‘xtatildi. Taqiq olib tashlanishi bilan tender e’lon qilinadi va 15 kun ichida ishlar boshlab yuboriladi, — deydi G‘ayrat Sultonov.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.