27-oktabr kuni Telegram asoschisi Pavel Durov Telegram’da username auksioni boshlanganini ma’lum qildi. Endi avval messenjerda ro‘yxatdan o‘tish uchun mavjud bo‘lmagan nomlarni sotib olishingiz mumkin. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.

Foto: Bloomberg

Auksionda sotib olinishi mumkin bo‘lgan bunday username’lar orasida to‘rt harflilari ham mavjud.

PayQR to‘lov xizmati rahbari Gleb Markov Forbes bilan suhbatda @gleb username’ni nima uchun yuqori narxga sotib olganini shunday tushuntirdi:

Dunyoda Gleblar ko‘p, lekin Telegram’da faqat menda bu nom bo‘ladi, — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday xaridning eng yaqin analogi chiroyli ICQ raqamidir: u amaliy ahamiyatga ega emas, lekin “o‘zingizni erkalash” uchun kerak.

Username’larni sotuvchi Fragment auksion sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Markov Telegram’dagi nomi uchun 10,8 ming dona TON kriptovalyutasini (joriy kurs bo‘yicha taxminan 17 ming dollar) to‘lagan.

Sotib olingan nomlar ikkita asosiy xususiyatga ega — ular beshta belgidan qisqaroq bo‘lishi mumkin (Telegram’dagi standart chegara) va cheksiz miqdordagi NFT taxalluslari bitta akkauntga bog‘lanishi mumkin.

Bundan tashqari, username sotib olayotganda, foydalanuvchi ***.t formatidagi havolani ham oladi (t. me/*** formatidagi oddiy havoladan tashqari. Masalan, forbes.t. — u ham auksionda 34 ming TON yoki 53,7 ming dollarga sotilgan.

Eng qimmat sotilgan username’lar orasida @avto (1,42 million dollar), @bank (1,34 million dollar), @avia (1,26 million dollar) va @chat (1,1 million dollar) mavjud.

Ko‘pgina qimmatbaho username’larni bir xil odamlar sotib olgan. Masalan, @bank, @game va @avto nomlari bitta TON hamyondan sotib olingan, uning hisobida deyarli 30 million TON (39,3 million dollar) mavjud.

Avvalroq Telegram’ning yangi versiyasi taqdim qilingani haqida xabar berilgandi.