Xitoyning Guandun provinsiyasi Chaochjou shahrida Tesla avtomobili katta tezlikda ikki kishini bosib ketib, ularning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Global Times xabar bermoqda.

Foto: Weibo

Avtohalokat haydovchi Tesla Model-Y mashinasini parkovka qilmoqchi bo‘lganida yuz bergan. Elektromobil kutilmaganda boshqaruvni yo‘qotib, katta tezlikda ikki kilometrni bosib o‘tgan hamda ikkita mototsikl va ikkita velosiped bilan to‘qnashgan. Oqibatda ikki kishi halok bo‘lib, uch kishi jabrlangan.

Politsiya haydovchining alkogol yoki narkotik mastlik holatida mashina boshqarganini istisno qildi va transport vositasi tekshiruvdan o‘tkazilishini bildirdi.

Tesla kompaniyasi ma’lum qilishicha, avariya videosi avtomobil tezlikni oshirganida uning stop-signallari yonmaganini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, kompaniya hodisani tekshirishda faol ravishda zarur yordamni taqdim etishini bildirdi.