Kiyimlarni to‘g‘ri yuvayotganingizga ishonchingiz komilmi? Ma’lum bo‘lishicha, insonlar ko‘pincha e’tibordan chetda qoldiradigan juda ko‘p jihatlar mavjud. Aynan ular sevimli kiyimlarni uzoq muddat davomida yangidek saqlashga yordam beradi, deb yozadi Marie Claire.

Foto: Marie Claire

Kiyimlarni yuvishdan oldin dog‘larni tozalab oling

Foto: Marie Claire

Agar siz yuvmoqchi bo‘lgan kiyimda oziq-ovqat, sharob, siyoh, yog‘, qon va boshqa narsalarning dog‘i bo‘lsa, ularni oldin tozalab, keyin kir yuvish mashinasiga solish kerak. Kir yuvish vositasi dog‘li joyga qo‘llanib, 10-15 daqiqaga qoldiriladi, so‘ngra suvda yuvib tashlanadi. Aks holda kiyimlardagi dog‘lar ketmaydi.

Kiyimlarni rangiga ko‘ra ajrating

Foto: Marie Claire

Bu hamma bilishi kerak bo‘lgan asosiy qoidadir. Biroq yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, insonlarning uchdan ikki qismi yuvishdan oldin kiyimlarni rangiga qarab ajratmaydi. Shuning uchun ham bu qoidani e’tiborsiz qoldirish och rangdagi kiyimlarning oqligini yo‘qotishiga olib keladi, boshqa rangli kiyimlar esa xiralashadi.

Kiyimdagi yorliq bilan tanishib chiqing

Foto: Marie Claire

Ko‘pincha sotib olingan kiyimlarning yorlig‘idagi ko‘rsatmalar o‘qilmasdan kesib tashlanadi. Ammo u yerda kiyimni iloji boricha uzoqroq saqlashga yordam beradigan muhim ma’lumotlar (suv harorati, yuvish rejimi va boshqalar) mavjud.

Mos keladigan vositalardan foydalaning

Foto: Marie Claire

To‘g‘ri keladigan yuvish vositasini tanlash eng muhim bosqichlardan biridir. Maxsus turdagi kiyimlar uchun mo‘ljallangan suyuq gellar juda yaxshi ish beradi. Shu bilan birga, mahsulot miqdori oshirib yuborilmasligi kerak. Aks holda kir yuvish mashinasi va yuvilayotgan kiyimlarda ham muammo paydo bo‘lishi mumkin.

Quritish rejimiga ega kir mashinasi bilan ehtiyot bo‘ling

Foto: Marie Claire

Agar mashina quritish rejimiga ega bo‘lsa, uni har safar yuvgandan keyin ishlatish yaxshi. Biroq har bir kiyimni bu tarzda quritib bo‘lmaydi. Tabiiy yoki nozik matolardan tikilgan kiyimlar (paxta, nozik jun va boshqalar) bunday kuchli ta’sirdan tezda sifatini yo‘qotadi.