Mashhur FIFA va Need For Speed ​​o‘yinlarini ishlab chiqaruvchi Amerikaning Electronic Arts (EA) korporatsiyasi Rossiyani butunlay tark etdi. Bu haqda kompaniyadagi yaqin manbalarga tayanib “Izvestiya” xabar bermoqda

Foto: Bloomberg

Electronic Arts joriy yilning 4-martida Rossiya va Belarusda o‘z o‘yinlari sotuvi to‘xtatilganini e’lon qilgandi. O‘shandan beri studiyaning yangi mahsulotlari mahalliy do‘konlarda paydo bo‘lmadi. 

Electronic Arts kompaniyasining may oyida e’lon qilingan moliyaviy yil hisobotidan ma’lum bo‘lishicha, Amerika korporatsiyasi kamida 2023-yil apreligacha Rossiya bozoriga qaytmaydi. 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, EA Rossiyadan ketishi bilan kompaniyaning kelajakdagi loyihalarida rus tilida dublyaj mavjud bo‘lmaydi. 

Kompaniyaning yaqinlashib kelayotgan ikkita yirik o‘yinlarida — Need For Speed ​​​​Unbound va Wild Hearts — rus tili endi hatto subtitrlar ko‘rinishida ham e’lon qilinmaydi, — deydi rossiyalik videobloger va geymer Denis Rusakov. 

Avvalroq EA Sports La Liganing titul homiysiga aylanishi haqida xabar berilgan edi.