Tojikiston parlamenti quyi palatasi “Bayramlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish loyihasini ko‘rib chiqdi va uni yangi bayram – “Davlat sirlarini himoya qilish sohasi xodimlari kuni” bilan boyitdi. Bu haqda parlament quyi palatasi rasmiy saytida xabar berilgan.

Foto: EADaily

Tojikistonda ushbu bayram har yili 6-may kuni nishonlanadi.

“Davlat sirlarini muhofaza qilish sohasi xodimlari kunining ta’sis etilishi davlat sirlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bilan bevosita shug‘ullanuvchi o‘n minglab turli soha xodimlariga o‘z kasb bayramlarini munosib nishonlash, har yili ushbu sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va hal etish imkonini beradi”, — deyiladi hisobotda.

Avvalroq Tojikiston hukumati mamlakatda davlat sirlarini himoya qilish va axborotni texnik muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturini tasdiqlash, jumladan, davlat sirlarini himoya qilish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzish topshirig‘ini bergandi. Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun davlat budjeti va boshqa manbalar hisobidan qariyb 15,6 million somoniy (1,5 million dollar) mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Davlat sirlarini himoya qilish sohasi xodimlari kuni qonunga muvofiq Tojikistonda 86-rasmiy bayram hisoblanadi.

Tojikistonda Davlat sirlarini himoya qiluvchilar kunidan tashqari geologlar, energetiklar va muhojirlar kuni ham rasmiy darajada nishonlanadi. Shu bilan birga, yil davomida 86 ta bayramdan faqat to‘qqiztasi dam olish kunidir:

  • 1-yanvar — Yangi yil;
  • 8-mart — Onalar kuni;
  • 21—24-mart — Xalqaro Navro‘z bayrami;
  •  9-may – Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni;
  •  27-iyun – Milliy birdamlik kuni;
  • 9-sentabr — Tojikiston respublikasining Davlat Mustaqilligi kuni;
  • 6-noyabr — Tojikiston respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
  • Har yili din bo‘yicha vakolatli organ tomonidan belgilanadigan Ramazon va Qurbon bayramlari kunlari.