Davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) tomonidan xalqaro grantlarni amalga oshirishda hamkorlik qilishiga oid hukumat qarori ijtimoiy tarmoqda ayrim muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Adliya vazirligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: Adliya vazirligi

Qayd etilishicha, muhokamalarga sabab bo‘layotgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunlar mazmun-mohiyati yuzasidan Adliya vazirligiga jamoaviy murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaat OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ham e’lon qilingani munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan ushbu murojaatga dastlabki munosabat tayyorlanib, vazirlikning rasmiy saytida va OAVda e’lon qilingan edi.

Ushbu murojaatni batafsil o‘rganish va murojaat mualliflarining vajlarini ko‘rib chiqish maqsadida 24-noyabr kuni Adliya vazirligida jamoaviy murojaat tashabbuskorlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikramov hukumatning 2019-yil 9-oktabrdagi 858-sonli qarori mazmuni, uning hukumatning 2022-yil 13-iyundagi 328-sonli qaroridan farqli jihatlari haqida xalqaro va xorijiy davlatlar qonunchiligi va amaliyotidan kelib chiqib batafsil tushuntirish berdi.

Vazir o‘rinbosari ushbu hukumat qarorlari barcha xalqaro hujjatlarga va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga muvofiq ekanini, ularning qabul qilinishi amaldagi qonunlar va prezident hujjatlari ijrosini ta’minlashga qaratilganini, ushbu qarorlarning davlat va jamiyat uchun zaruriyatini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Foto: Adliya vazirligi

Uchrashuv ishtirokchilariga mazkur qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad nodavlat notijorat tashkilotlarning xalqaro grantlarini amalga oshirishda davlat organlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorligini tartibga solishga qaratilgani yetkazildi.

Murojaat tashabbuskorlari uchrashuv davomida hukumatning ushbu qarori ayrim davlat organlari tomonidan amaliyotda noto‘g‘ri qo‘llanilayotgani, hamkorlik doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari uchun sun’iy to‘siqlar yaratilayotgani va buning oqibatida mazkur qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsadga har doim ham erishish imkoni bo‘lmayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv yakunida hukumatning 2022-yil 13-iyundagi 328-sonli qarorining amaliyotda qo‘llanishini yanada chuqur o‘rganish va aniqlangan muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Shunga ko‘ra, murojaat mualliflari O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi shafeligida ishchi guruhni tashkil etgan holda hukumatning mazkur qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqib, Adliya vazirligiga kiritishni ma’qulladi.