O‘zbekiston sayyohlik brendi elchisi Sofi Ibbotson 24-noyabr kuni “Daryo” muxbiri bilan suhbatda Fransiyaning Parij shahridagi Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi va uning ahamiyati haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Sofi Ibbotson

Foto: Instagram

Uning keltirib o‘tishicha, Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilda Fransiyaga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi va Luvr muzeyi ushbu ko‘rgazmani tashkil etishga kelishib olgan edi.

“Luvr ko‘rgazmasi O‘zbekistonning madaniy merosini namoyish etish, mamlakat va uning tarixini odamlarga tanishtirish hamda dunyodagi eng mashhur muzeylardan birining brendi va obro‘sidan foydalanish uchun ajoyib imkoniyatdir. Ikki mamlakat vazirliklari va muzeylari o‘rtasidagi hamkorlik Fransiya va O‘zbekistonning diplomatik aloqalarini mustahkamlaydi, madaniy almashinuv uchun kelajakdagi aloqalar uchun turtki bo‘ladi.

Yevropa hamjamiyati O‘zbekiston haqida bilishi kerak bo‘lgan birinchi narsa bu — mamlakatning o‘ziga xos mustaqil davlat ekani. Yevropadagi ko‘pchilik odamlar mamlakat haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligi va bevosita aloqasi yo‘qligi uchun Sobiq ittifoqdagi barcha davlatlar bir xil, hatto O‘zbekiston Rossiyaning bir qismi deb o‘ylaydi.

Ammo odamlar bilishi kerakki, O‘zbekiston tarixi va madaniyati bir-biridan ajralmagan holda shakllanib kelgan, ular bir-biriga chambarchas bog‘liq”, — dedi Sofi Ibbotson.

“Men uchun O‘zbekistonning eng katta kuchi va boshqa ko‘plab mamlakatlardan ajralib turadigan jihati uning etnik va madaniy xilma-xilligidir. Biz hozir ko‘rib turgan O‘zbekiston juda ko‘p jamiyatlar negizida sayqallanib kelgan mamlakat hisoblanadi. Bu omil esa uni g‘oyalar, ijodkorlikdagi xilma-xillik bilan ta’minlaydi. Shuningdek, har bir kishi, hatto xorijliklar ham O‘zbekistonga borganda o‘ziga tanish bo‘lgan narsalarni ko‘rib, o‘zaro aloqadorlik sezadi.

Dunyo O‘zbekiston haqida hali juda ko‘p narsa o‘rganishi kerak. Keng jamoatchilik mamlakat haqida juda kam ma’lumotga ega. Bundan tashqari, men odamlar Ipak yo‘lining global ahamiyati, jumladan, u bo‘ylab sayohat qilgan tujjorlar, tovar va boshqa jihatlar haqida bilishlarini istardim. Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot va madaniy almashinuvda tobora muhim rol ahamiyat kasb etib bormoqda”, — deydi u.

Mavzuga doir: