IT Park O‘zbekistonga yashash va ishlash uchun kelgan IT-mutaxassis — Yevgeniy Avelsev haqida hikoya qildi. U iTransition’da dasturiy ta’minot yaratuvchisi sifatida faoliyat yuritadi.

Foto: IT Park

Hozirda Yevgeniy 35 yoshda, Arxangelskda tug‘ilgan, ammo umrining ko‘p vaqtini Sankt-Peterburgda o‘tkazgan.

U o‘z faoliyatini 19 yoshida boshlagan. Yirik kompaniyada ishladi, ammo keyin xalqaro katta dasturlash olamida o‘z kuchini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Shunday qilib, u hozirda ishlayotgan iTransition’ga keldi.

O‘zbekistonga ko‘chib kelish haqida

Yevgeniy O‘zbekistonga joriy yilning aprel oyida ko‘chib kelgan. Suhbat qahramoni ta’kidlaganidek, hamkasblari va do‘stlarining aksariyati Gruziyaga ketgan, biroq uni quyoshli Toshkent o‘ziga tortgan.

Men turli yo‘nalishlarni ko‘rib chiqdim va barcha mamlakatlar haqida ma’lumot qidirdim: statistikani o‘rganib chiqdim, iqtisodiy vaziyatga qaradim, o‘z so‘rovlarimni hayotimda ko‘rishni xohlagan narsalar bilan taqqosladim. O‘zbekiston esa mening barcha talab va ehtiyojlarimni qondirdi, — deydi u.

Yevgeniyning tanishlari orasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan va bundan mamnun bo‘lgan odamlar ham bor. Ular mamlakat haqida juda yorqin va chiroyli qilib hikoya qilgan, bu esa uni tanlovning to‘g‘riligiga ishontirdi.

Inson biror joyga ko‘chishga majbur bo‘lganda, shubhasiz, u ijtimoiy moslashuv muammosi haqida o‘ylaydi. Boshqa davlatda “o‘zinikiday bo‘lish” uchun siz ushbu mamlakatning tilini bilishingiz kerak.

Shu bois, meni O‘zbekistonni tanlashimga ishontirgan yana bir jihat – jamiyatning rusiyzabonlarga nisbatan sodiq munosabati bo‘ldi. Bu yerda o‘zimni begonadek his qilmayman va men uchun bu juda muhim, — deb tushuntiradi Yevgeniy.

O‘zbekiston IT-sohasi haqida

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston IT-sanoati to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda.

Bu yerda IT-sanoati istiqbolli soha ekanligini ko‘rib turibman. Mamlakatning IT-sohasi ideal tarzda qanday rivojlanishi kerakligini tasavvur qilsak, O‘zbekiston bu idealga yaqin, — deydi mutaxassis.

IT Park Yevgeniyda yaxshi taassurot qoldirdi. Toshkentga endigina kelganida uni tashkilot xodimi kutib oldi.

Yevgeniyni bunday ro‘yixush kutib olishdan ta’sirlandi: o‘sha paytda u kimdir yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor bo‘lishi qanchalik muhimligini angladi.

Men begona mamlakatga keldim va shaharda mo‘ljal ololmadim. Boshida kimningdir yordamisiz juda qiyin — hech bo‘lmaganda aeroportda kutib olish va mehmonxonagacha yetib olish uchun ko‘mak kerak.

IT Park menga uy topishda ham yordam berdi. Bir necha kun ichida biz hamma narsani rasmiylashtirdik va joylashib oldik. Biroq eng muhim yordam — IT Park’ning mavjudligi. Demak, davlat IT yo‘nalishidan manfaatdor ekanligini anglatadi, — deydi Yevgeniy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, internet sifatini rivojlantirish kerak. Rukn mehmoni uy simsiz interneti nisbatan sust ishlayotganini, biroq mobil internet sifati asosan yaxshi ekanini aytadi.

Afsuski, men ham elektr ta’minotidagi uzilishlarga ko‘p duch kelganman. Garchi u juda uzoq davom etmagan bo‘lsa-da, lekin ish vaqtida yetarlicha ta’sirga ega bo‘lgan. Bu borada ish olib borilayotganligini bilaman va umid qilamanki, mamlakatda bu muammo hal qilinadi, — deydi u.

Bank sohasi haqida u quyidagicha fikr bildirdi: Bank xizmatlari sifati haqida hali ham savollar bor, men boshqa darajadagi sifatga o‘rganib qolgan edim. Rossiyada bank tizimlari bilan ishlashda o‘zimni qulayroq his qilaman.

O‘zbekiston haqida taassurotlar

O‘zbekiston o‘z go‘zalligi va me’morchiligi bilan Yevgeniyni zabt etdi.

Sankt-Peterburgdan ketganimda, qorli qish hali ham sezilib turgan edi va yorqin Toshkentga kelib, maftunkor bahor muhitiga tushib qoldim. Sankt-Peterburgda quyoshli kun — bayramdir, lekin bu yerda men quyoshli ob-havo va iliqlikdan zavqlanaman. Bu yerda hamma narsa shunchalik jonli, yashil, yorqin.

Shu bilan birga, zamonaviy uslub va an’anaviy arxitektura shu qadar uyg‘unlashganki, men ushbu shaharni sevib qolyapman. Men sayr qilishni, qiziqarli ko‘chalarni izlashni va shunchaki shahar muhitida bo‘lishni yaxshi ko‘raman.

Bu yerda hamma narsa o‘ylanganidek, ko‘kalamzorlashtirilgan bunday tabiatni tomosha qilishdan mamnunman, shaharni ko‘rkam qiladigan sug‘orish tizimi menga yoqadi. Quvonchim yuragimga sig‘may ketyapti, — deydi u mamlakat haqida.

Bo‘sh vaqtida Yevgeniy oilasi bilan yoki yolg‘iz sayr qilishni yaxshi ko‘radi. Ular Toshkentdagi barcha istirohat bog‘lariga borishdi, eng ko‘p esda qolarli bu quyidagilar bo‘ldi: “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Alisher Navoiy bog‘i, Magic City va hayvonot bog‘i.

Uni makon, ajoyib go‘zal joylar, yashil maydonlar, o‘yin maydonchalari bo‘lgan ulkan hudud zavqlantirdi. Unga ko‘ra, Toshkentda bolalarning dam olishi uchun bola orzu qiladigan hamma narsa mavjud. Shaharda u tug‘ilib o‘sgan shaharga nisbatan ancha yaxshi tashkil etilgan bog‘lar bor.

Yevgeniyning otasi ham o‘g‘lini ko‘rgani Toshkentga kelgan. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, otasi shaharning jozibasini ko‘rib, Toshkentni sevib qolgan. Oila mamlakat bo‘ylab sayohat qilish marshrutlarini muhokama qilmoqda.

Bundan tashqari, rukn mehmoni mamlakat aholisidan mamnun. U o‘zbekistonliklarni mehmondo‘st, samimiy, mehribon insonlar, yoqimli suhbatdoshlar deb biladi.

Yevgeniyda bir marta mashinada narsalari qolib ketgan va tez orada unga hamma narsa beshikast qaytarilganligini eslaydi. Bu yerda, davom ettiradi u, turgan gapki o‘zaro munosabatlarda saranjom kishilar singari, insoniy, to‘g‘ri yo‘l tutish kerak.

O‘zbekistonda har qadamda yoqimli vaziyatlar kuzatilmoqda. Sankt-Peterburgda yashaydigan joyingizda qo‘shnilaringizni bilish noyob holat, ammo bu yerda esa qo‘shnilaringizni bilmaslikning o‘zi g‘alati. Bunday munosabatda bo‘lish juda yaxshi. Bu yerda odamlar bir-biriga g‘amxo‘rlik qiladi, bir-biriga ishonadi.

Yaqinda bir kuryer keldi. Ma’lum bo‘lishicha, u Sankt-Peterburgda 20 yil yashagan va bundan oldin men kelgan hududda harbiy xizmatni o‘tagan. U men bilgan hududlarni biladi, men ko‘rgan barcha joylarni ham ko‘rgan. Biz kontaktlarimiz bilan almashdik, juda samimiy suhbatlashdik. O‘zbek xalqining samimiyatini baholash qiyin, — deydi u aholi haqida.

U qanday muammolarga duch kelmoqda?

Ehtimol, qahramon ta’kidlagan asosiy kamchilik — bu byurokratik xarakterdagi muammolar.

Byurokratiya o‘zining hasratli ko‘rinishlarida aniq mavjud. Xizmatlar sifatini esa oshirish kerak. Ushbu yo‘nalishdagi kamchiliklar IT sohasining rivojlanishi haqidagi umumiy taassurotni biroz buzadi.

Shu bilan birga, hatto davlat xizmatlarini ham Click ilovasi orqali to‘lash mumkinligi meni hayratda qoldirdi, chunki Sankt-Peterburgdagi ba’zi davlat xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirayotganda men noqulay terminallardan foydalanishga va juda ko‘p ma’lumotlarni faqat qo‘lda kiritishga majbur bo‘lar edim, — deydi mutaxassis.

Haydovchilar va haydash uslubi — bu Yevgeniyni dastlab yoqimsiz hayratga solgan yana bir punkt.

Aytib o‘tishim kerak, dastlab mahalliy haydash uslubi meni qo‘rqitdi. Keyin baxtsiz hodisalar nisbatan kamligini ko‘rdim, bu meni hayratda qoldirdi.

Statistika bilan tanishdim va bu yerda baxtsiz hodisalar kamroq ekanligi ma’lum bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, piyodalar o‘tish joylari yetarli emas, haydovchilar har doim ham piyodalarni o‘tkazib yubormasligini ham payqadim, lekin vaqt o‘tishi bilan bu holat o‘zgaradi deb o‘ylayman, chunki haydash madaniyati darajasini oshirish tendensiyasi kuzatilmoqda, — deb tushuntiradi u ilk taassurotlarini.

O‘zbekiston taomlari

U O‘zbekiston milliy taomlarini e’tiborsiz qoldirolmadi. Yevgeniyning ta’kidlashicha, o‘zbek oshxonasi taassurotlarning ulkan poydevorini yaratadi.

Shuningdek, u O‘zbekistonda odamlar nega bunchalik mehribon va tabassumli ekanliklarini tushunishini qo‘shimcha qildi: ovqat — bu eng yaxshi antidepressant, bu yerdagi kabi mazali taomlar esa ilhom baxsh etadi va yaxshi kayfiyatni ko‘taradi.

U Sankt-Peterburgda o‘zbek oshxonasining taomlarini tatib ko‘rgan. Rukn mehmoni tan olganidek, u odatda Osiyo taomlarini yaxshi ko‘radi.

Aytishim mumkinki, hamma taomlar ham meni baxtli qila olmaydi, lekin Markaziy Osiyo taomlari mening baxt darajamni oshirishi kafolatlangan. Men uchun O‘zbekiston oshxonasining sevimli taomini tanlash qiyin, chunki men deyarli barcha taomlarni sanab o‘tishim kerak, — deydi u.

Meva va sabzavotlar ham Yevgeniyni qoyil qoldirdi. Qahramon ta’kidlaganidek, ular quyosh nuriga to‘lib, shu unumdor zaminda o‘sganligi sababli nihoyatda mazali. Uning tan olishicha, yozda tarvuz va qovunni ham tanlamagan, chunki bu yerda ushbu mahsulotlarning bemazalari yo‘q.

Bizga mahalliy bozorlar ham yoqdi. Ular juda chiroyli va o‘ziga xos. Men barcha qatorlar bo‘ylab yurishni, ziravorlarning xushbo‘y hidlarini hidlashni va savdolashishni xohlar edim. Menga savdolashish ham yoqdi, bu muloqotning o‘ziga xos shakli va qiziqarli tajriba, — deydi mutaxassis bozorlar haqida.

Yevgeniy va uning oilasi hozircha shu yerda yashashni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda o‘zimni qulay va yaxshi his qilyapman. Til to‘sig‘i bilan bog‘liq muammolar yo‘q: bu yerda hamma rus tilida gaplashadi yoki hech bo‘lmaganda uni tushunadi. Menda o‘zbek tilini o‘rganish istagi bor, tez orada ushbu xohishimni amalga oshiraman deb o‘ylayman.

Hozircha biz shu yerda yashaymiz, keyin esa ko‘ramiz. Men o‘zim bilan ushbu ajoyib mamlakatning eng iliq quyoshli xotiralarini va, albatta, mahalliy hunarmandlar tomonidan yaratilgan go‘zal narsalarni olib ketaman, — deb yakunladi u o‘z taassurotlarini.

Avvalroq IT Park’da rezident kompaniyalar keskin ko‘paygani haqida xabar berilgandi.