IT Park o‘z sahifalarida yangi “IT Park yuzi” ruknini yo‘lga qo‘ydi. Bunda IT sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan xodimlar haqida so‘z olib boriladi. Rubrikaning birinchi qahramoni esa IT Park Jizzax filiali viloyat ta’lim bo‘limi menejeri Sarvinoz Hakimova.

Foto: IT Park

Sarvinoz 22 yoshda. U Jizzax shahridagi tibbiyot kollejini tamomlagan, hozirda Davlat pedagogika universitetining “Maktab boshqaruvi” yo‘nalishi “Pedagogika va psixologiya” fakultetining 4-kurs talabasi.

U IT Park’ning Jizzax filialida 2020-yil oktabr oyidan boshlab ishlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z ona shahrida shunday tashkilot bo‘limi ochilayotganini bilishi zahotiyoq unda bu yerda ishlash ishtiyoqi paydo bo‘lgan.

IT Park Jizzax filialiga birinchi tashrifim juda ajabtovur bo‘ldi: men u yerga borib, shu yerda ish kerakligini aytdim. Avvaliga hamma hayron bo‘ldi, lekin amaliyotchi sifatida qabul qilishdi. Ikki oy davomida administrator, keyin Jizzaxdagi IT markazda menejer bo‘lib ishladim. Olti oydan keyin viloyat ta’lim bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandim.

Endi qahramonimizning vazifasi yuqori samarali IT kurslarini yaratish va ularni butun viloyat bo‘ylab joriy etishdir. Bundan tashqari, Sarvinoz hamkasblari bilan birgalikda yosh frilanserlarga o‘z startaplarini yo‘lga qo‘yishlari uchun sharoit yaratib bermoqda.

Nega aynan IT Park?

Mana ikki yildan beri Sarvinoz Jizzax filialida tinim bilmay ishlab kelmoqda. U o‘z ishini sevishini, lekin boshida oson bo‘lmaganini so‘zlab berdi.

Bu butunlay yangi soha bo‘lgani uchun dastlab nima qilish, qaysi yo‘nalishda harakatlanish-u, bizni nimalar kutayotganini bilmasdik. O‘z yo‘limizni yaratdik. Biz uchun shunday murakkab loyihalardan biri “Future skills Uzbekistan” edi. G‘oya ajoyib edi: ya’ni biz viloyat bo‘ylab kam ta’minlangan oilalardan 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 100 nafar kishini o‘qitishimiz kerak edi. Natijalardan mamnun bo‘ldik: ko‘plab bitiruvchilarning ishga joylashishida yordam berdik.

Sarvinoz IT Park tomonidan aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lida ulkan ishlar qilinayotganidan va bunday o‘zgarishlarning bir qismi ekanligidan xursand. Rukn mehmoni e’tirof etganidek, jamoa yoshlardan iborat, shuning uchun hamma bir-birini bir og‘izdan tushunadi, ba’zida tushunmovchilik va tortishuvlar yuzaga kelsa ham, ular yangi loyihalar uchun g‘oyaga aylanadi.

Endi, IT Park u uchun haqiqiy oilaga aylandi.

IT Park — bu katta, do‘stona ko‘p millatli oila. Ko‘pchilikmiz, lekin har bir xodimning o‘z vazifasi bor, xuddi oiladagi kabi. IT Park filiallari va IT markazlarini ochishni boshlaganida, biz butun mamlakat bo‘ylab yoshlarga yordam bera olishimiz mumkinligidan xursand bo‘ldim. Xodimlarning har biri dunyo rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga intilayotgani juda ajoyib. Barchamizning yagona maqsadimiz — sohani rivojlantirish. Ushbu o‘y-fikr bizni har kuni ertalab uyg‘onib, o‘z vazifamizni bajarishga, harakat qilishga undaydi. Va, albatta, IT Park bu hayot tarzidir, usiz men o‘zimni endi tasavvur qila olmayman.

Bilimga chanqoq, jur’atli yoshlarning kelayotgani esa uni yanada faolroq ishlashga ilhomlantiradi.

Kurslarga kelib, avvaliga nima istayotganini bilmay, bir oy yoki undan ko‘proq vaqt o‘tgach, o‘z fikrlari bilan kelib, yordam so‘rab kelayotgan yosh qiz-o‘g‘illarning chehralarini ko‘rish juda quvonarli. Qolaversa, ular o‘z loyihalari haqida shunday ishonch bilan gapiradilarki, go‘yo ular bu sohada 10 yildan beri ishlab, mahsuloti muvaffaqiyatli bo‘lishini aniq bilgandek. Ularning o‘sayotganliklari orqasidan kuzatishni yaxshi ko‘raman. Men kabi yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va muvaffaqiyati men uchun eng katta motivatsiya.

O‘zbekistonning IT sohasi haqida qanday fikrdasiz?

IT sohasi O‘zbekistonda eng faol rivojlanayotgan soha, deydi Sarvinoz ishonch bilan. Uning ta’kidlashicha, taraqqiyot shu sur’atda davom etsa, O‘zbekiston sohada yetakchilardan biriga aylanadi.

O‘zbekiston IT xizmatlar eksporti bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoridan joy olishiga ishonaman. Keyingi yillarda mamlakatimizda AKT sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har kuni IT sohasida qandaydir tadbir yoki musobaqa yuz beradi. Men viloyat ta’lim boshlig‘i sifatida har safar amin bo‘lamanki, har bir tumanda IT markazlarini ochish tashabbusi, ta’bir joiz bo‘lsa, “Aytishniklar armiyasi”ni yaratishning eng samarali usuli bo‘lgan. Malakali mutaxassislar ko‘payib bormoqda va bu global IT maydoniga chiqishning eng tezkor va ishonchli yo‘lidir.

Qahramonimizning ta’kidlashicha, ushbu soha rivojida IT Park’ning o‘z hissasi mavjud: bir tomondan, Junior-dasturchilar yoki dizaynerlarni tayyorlab, ularning keyinchalik frilanserlikda yoki mahalliy IT-kompaniyalarda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashayotgan samarali o‘quv kurslari bo‘lsa, ikkinchi tomondan, autsorsing yo‘nalishidagi imkoniyatlar.  

Yoshlar IT texnologiyalaridan tashqari chet tillarini ham o‘rganishni boshlaganidan juda xursandman. O‘zbekistonda IT sohasi rivojlana boshlagan zahoti odamlar faqat mahalliy kompaniyalar bilan ishlasa, uzoqqa bormasligini anglab yetdi. Men buni katta plyus deb bilaman, chunki bu sohani rivojlantirish va takomillashtirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘ldir.

Sevimli mashg‘ulotingiz, orzularingiz haqida so‘zlab bersangiz

Sarvinoz kitob mutolaa qilishni yaxshi ko‘radi. U bo‘sh vaqtini o‘z ustida ishlashga va jahon tarixiga oid adabiyotlarni o‘qishga sarflaydi.

Men “Kelajak yetakchilari” klubi a’zosiman, jahon tarixi, xususan, geosiyosatga juda qiziqaman. Biz “Jizzax klubi” a’zolari “Geopolitik Tahlil” loyihasini yaratdik. Biz har 2-3 haftada uchrashamiz. Uchrashuvlar davomida geosiyosatni o‘rganamiz, turli mavzularni muhokama qilamiz va hatto debatlar o‘tkazamiz.

Bundan tashqari, Sarvinoz menejment, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy tizimlardan foydalanish va nazorat qilish uchun eng samarali ishlanmalar va yaratishga qiziqadi.

Endi mening eng katta orzuim va maqsadim — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga o‘qishga kirish. Davlat boshqaruvini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqchiman. Yana bir orzuyim — MBA darajasini olish. Va men muvaffaqiyatga erishishimga ishonaman!