Andijonda to‘rt qavatli maktab binosi tomida barpo etilgan issiqxonada gidroponika usulida rezavor va sabzavotlar yetishtirilmoqda. Bu haqda EastFruit xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Andijon viloyati O‘zbekistonning aholi eng zich joylashgan viloyatidir. Bu hududda aholi zichligi mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb 10 barobar yuqoridir. 

Andijon shahri esa bir kvadrat kilometrga to‘g‘ri keladigan aholi soni bo‘yicha mamlakat poytaxtidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 

Shu bois ham, shahar hududidan samarali foydalanish maqsadida binolar tomida issiqxona qurish texnologiyasi o‘zlashtirilmoqda.

“XXI asr akademiyasi” xususiy maktabining to‘rt qavatli binosi tomida gidroponika usulida barpo etilgan issiqxonaning umumiy maydoni 4,5 sotix bo‘lib, ushbu issiqxona yiliga qariyb 170 million so‘m daromad keltiradi deyiladi “Xalq so‘zi” nashri materialida.

Bino tomida issiqxona barpo etishning o‘ziga xos afzalliklari bor.  Birinchidan, yer maydoniga ehtiyoj yo‘q, ya’ni, issiqxona uchun bino turgan joydan foydalaniladi. Ikkinchidan, ekinlararo havo aylanishi yaxshi. Uchinchidan, quyoshdan quvvat olish imkoni ko‘proq. Ayni paytda issiqxonamizda qulupnay, bulg‘or qalampiri, bodring va pomidor parvarishlamoqdamiz. Gidroponika usulidan foydalanayotganimiz bois hosildorlik an’anaviy usuldagiga nisbatan bir necha barobarga ortiq, — deydi tadbirkor ayol Shahnozaxon Shodmonova mazkur nashrga bergan intervyusida.

Bu turdagi issiqxonalar shahar maydonlaridan to‘liq foydalanish, mahalliy aholini ish bilan ta’minlash imkonini beradi va mahsulot yetishtirish xarajatlari odatiy fermalarga nisbatan kamroqdir.