Agar NATO Ukrainani Patriot komplekslari bilan ta’minlay boshlasa, ular Rossiya armiyasining qonuniy nishoniga aylanadi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Telegram kanalida ma’lum qildi.

Foto: “RIA Novosti”

“Agar NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg sha’ma qilganidek, alyans Ukrainani Patriot komplekslari bilan ta’minlasa, ular Qurolli kuchlarimizning nishoniga aylanadi”, — dedi Medvedev.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining Buxarestdagi yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, Kiyevga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazishni muhokama qilgan. Medvedevning tahdidi fonida Pentagon AQSH o‘z komplekslarini Kiyevga yetkazib berishni rejalashtirmayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Pentagon qo‘shimcha Hawk havo mudofaa tizimlari Ukrainaga yuborilayotgani haqida ma’lumot berdi.

Ma’lumot o‘rnida, Ruminiyada bo‘lib o‘tayotgan NATO sammitida alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg urushda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi. U alyans Ukrainadagi mojaroda ishtirok etmaydi, biroq NATO Kiyevga Rossiyadan o‘zini himoya qila olishi uchun yordam berishini qo‘shimcha qildi.

“Biz Putinning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, aks holda bu boshqa avtoritar rahbarlarga yashil chiroqni bildiradi. Ularga harbiy kuch orqali o‘z maqsadlariga erishish mumkinligini ko‘rsatadi. Bu dunyodagi vaziyatni yanada xavfliroq qiladi. Shuning uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bizning umumiy xavfsizlik manfaatlarimiz uchundir”, — dedi Stoltenberg.

U Rossiyani urushda shafqatsizlikni kuchaytirayotganlikda ayblab, uning Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlariga yuklagan moliyaviy yukini eslatib o‘tdi.