AQSH terma jamoasi matbuot xizmati o‘z ijtimoiy tarmoqlarida JCH—2022 turnir jadvali suratini e’lon qildi. Unda Eron bayrog‘i Islom Respublikasi ramzisiz tasvirlangan edi.

Foto: “Chempionat”

Ushbu post ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi, shundan so‘ng Amerika terma jamoasi vakillari shov-shuvli suratni olib tashladi.

Keyinchalik AQSH terma jamoasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Eronning rasmiy bayrog‘isiz tasvirlash qarorini “Erondagi inson huquqlari uchun kurashayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash” deb tushuntirdi xabar beradi The Guardian nashri.

Eron futbol federatsiyasi mamlakat sha’nini kamsitgani uchun AQSH terma jamoasini 10 ta o‘yinga chetlatishni so‘rab, FIFA tartib-intizom qo‘mitasiga shikoyat xati yo‘llagan.

Muhokamalarga sabab bo‘lgan surat

Foto: Twitter

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda Eronda davlat tuzumiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakatda 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limidan so‘ng ikkinchi oydirki, tartibsizlar, namoyishlar va to‘nashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Aminiy Tehronda huquq-tartibot idorasi xodimi tomonidan “hijobni noto‘g‘ri o‘ragani” uchun hibsga olingan va bir muddat politsiya bo‘limida bo‘lganidan so‘ng vafot etgan. Ushbu hodisa mamlakatda norozilik va tartibsizliklarni keltirib chiqardi.