Eron hukumati birinchi marta mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan noroziliklarda necha kishi qurbon bo‘lgani haqida rasman ma’lum qildi, deb yozadi Associated Press eronlik qo‘mondonga tayanib.

Foto: EPA

Islom inqilobi posbonlari korpusi qo‘mondonlaridan biri Amir Ali Gajizodaning ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 300 dan ortiq odam o‘ldirilgan, ular orasida xavfsizlik kuchlari xodimlari ham bor. Qurbonlarning ko‘pchiligi noroziliklarda qatnashmagan oddiy eronliklardan iborat, dedi u.

Ayni vaqtda, “Eron huquq himoyachilari” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklarda 451 nafar namoyishchi va 60 nafar xavfsizlik kuchlari xodimlari halok bo‘lgan. 18 mingdan ziyod kishi hibsga olingan.

Erondagi namoyishlarga nima sabab bo‘ldi?

Eronda namoyishlar sentabr o‘rtalarida, 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limidan keyin boshlandi. Politsiya uni Tehronda metrodan chiqish chog‘ida hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun hibsga olgan.

Keyinroq Aminiyning akasi ma’lum qilishicha, politsiyachilar u bilan “qayta tarbiyalash” ishlarini o‘tkazishga va’da bergan. Politsiya uchastkasidan qiz tez yordam mashinasida olib ketilgan. Shifokorlar qizda yurak xuruji va insult yuz berganini bildirgan, u bir necha kundan keyin vafot etgan. Eron politsiyasi baxtsiz hodisa yuz berganini da’vo qilmoqda.

Eron hukumati fikricha, noroziliklar “islom rejimini zaiflashtirish bo‘yicha dushman strategiyasi”ning bir qismidir, mamlakat armiyasi esa namoyishlar fonida “dushmanlarga qarshi kurashish” va xavfsizlikni ta’minlash niyatida.

Eron oliy yetakchisi Ali Xomanaiy namoyishlar “oddiy eronliklar” tomonidan o‘tkazilmayotganini, balki oldindan rejalashtirilganini aytgandi, shuningdek, u AQSH va Isroilni tartibsizliklarni tashkillashtirishda ayblagandi.