Gavayi orollarida 40 yil ichida birinchi marta dunyodagi eng katta faol vulqon — Mauna Loa otilishni boshladi, deb xabar bermoqda BBC.

Foto: USGS

Mahalliy rasmiylarning ta’kidlashicha, lava hali kaldera (vulqon hududi)ning chetiga chiqmagan va tog‘ etagida yashovchi odamlarga tahdid solmayapti. Biroq AQSH Geologiya xizmati vaziyat juda tez o‘zgarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Foto: USGS

Gavayining Katta oroli va uning atrofidagi suvlarga vulqon kuli sochilishi ehtimoli haqida ogohlantirilgan va aholiga hushyor bo‘lish tavsiya qilingan.

“Kul otilishi tufayli ekinlar va hayvonlarga potensial zarar yetkazilishi, shuningdek, asbob-uskunalar va infratuzilmaga shikast yetishi va ko‘rish darajasi pasayishi mumkin. Agar ta’sir kuchli bo‘lsa, hududni kuldan tozalashga to‘g‘ri kelishi mumkin”, — deb ma’lum qildi Gavayi davlat turizm boshqarmasi.

Mintaqada sodir bo‘lgan so‘ngi silkinishlar, jumladan, 27-noyabr kuni yuz bergan o‘ndan ortiq 2,5 magnitudali zilzilalardan keyin vulqonning otilishi ehtimoli haqida bir necha bor ogohlantirilgandi.

Foto: USGS

Foto: USGS

Xabarda aytilishicha, agar vulqonning otilish balandligi kaldera devorlaridan tashqariga chiqsa, lava oqimlari tepalikdan juda tez oqib tushishi mumkin.

“Bu lava oqimlari kamdan-kam hollarda hayot uchun xavf tug‘diradi, lekin ular infratuzilma uchun nihoyatda halokatli bo‘lishi mumkin”, — dedi Gavayi vulqon rasadxonasida ishlagan britaniyalik geofizik doktor Jessika Jonson.

Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, vulqonning birinchi otilishi 1843-yilda hujjatlashtirilgan, shundan keyin Mauna Loa yana 33 marta otilgan. Oxirgi otilish 1984-yilda sodir bo‘lgan, o‘shanda lava oqimi 8 kilometr uzoqlikdagi Xilo shahrigacha yetib bormagan.