PMTI ekspertlari 2023-yil uchun bazaviy inflyatsiya va mavsumiy o‘zgaruvchan inflyatsiya (meva-sabzavotlar narxi) o‘zgarishini prognoz qildi

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, inflyatsiya tarkibiy qismlarini 3 ta asosiy guruhga ajratib tahlil va prognoz qilingan. Bular: 

  • bazaviy inflyatsiya; 
  • tartibga solinadigan narxlar; 
  • mavsumiy o‘zgaruvchan narxlar (meva va sabzavotlar) inflyatsiyasi. 

Bazaviy inflyatsiyani hisoblashda mavsumiy o‘zgarishlarga ta’sirchan tovar va xizmatlar turlari hisobga olinmaydi. 

Tartibga solinadigan narxlar inflyatsiyasi ma’muriy tartibga solinadigan tovar va xizmat turlaridan iborat bo‘ladi. 

Mavsumiy o‘zgaruvchan inflyatsiyani hisoblashda esa O‘zbekiston sharoitida asosan meva va savzavotlar narxi inobatga olinadi. 

O‘zbekiston holatida bazaviy inflyatsiya hissasiga Iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘sishining  78 foizi tog‘ri keladi va odatda pul-kredit siyosati qarorlari ushbu inflyatsiya natijalari asosiga quriladi. 

Meva va sabzavotlar iste’mol narxlari indeksi (INI) savatidagi eng o‘zgaruvchan guruhlardan bo‘lib, butun INI savatining 8 foizini tashkil qiladi. 

PMTI prognoz natijalariga ko‘ra 2022-yil uchun bazaviy inflatsiya 11,2 foiz hamda meva va sabzavotlar inflatsiyasi 15,9 foiz, 2023 yil uchun esa bazaviy inflatsiya 10,5 foiz hamda meva va sabzavotlar inflatsiyasi 22,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

O‘zbekiston 2022-yilning yanvar—oktabr oylarida qiymati 903,3 million dollarga teng bo‘lgan 1,4 million tonna meva va sabzavotlar eksport qilgan.